Yangi qurollar urushni o‘zgartirgan Ukraina "o‘lim hududi" ichida - Video

    • Author, Abdujalil Abdurasulov
    • Role, BBC News
  • Published
  • O'qilish vaqti: 5 daq

225 kun davomida frontdagi xandaqda qolib ketgan ukrainalik piyoda askarning mushaklari shu qadar zaiflashib qolgan ediki, u deyarli yurolmasdi.

Qo‘mondonlari uni boshqa askar bilan almashtirishga besh marta urinib ko‘rdi, biroq uning yoniga sira yetib bora olmadi. Ukrainaning sharqiy qismidagi front chizig‘ida dronlarning doimiy xavfi tufayli askarlarni almashtirish (rotatsiya qilish) o‘ta mushkul.

Kostyantinivka yaqinidagi bu hudud hozirda eng xavfli nuqtalardan biri bo‘lib, Ukraina harbiylari Rossiya kuchlari shahar chekkasiga yetib kelganini tan olmoqda.

"Kenya" laqabli piyoda askar o‘z brigadasiga qaytib borish uchun minalardan saqlanib, dronlardan yashirinib, 11 kilometr masofani ikki kunda bosib o‘tdi.

Ukrainaning 93-brigadasiga Kostyantinivka va uning atrofidagi shahar-qishloqlarni Rossiya hujumidan himoya qilish vazifasi yuklangan.

Agar strategik jihatdan o‘ta muhim bu shahar boy berilsa, Moskva Donbassdagi Ukraina nazoratida qolgan so‘nggi tayanch nuqtalari – Kramatorsk va Slovyansk tomon shimol, sharq va janubdan yurish qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Vladimir Putin Donbassni egallashni Rossiyaning "ustuvor maqsadi" deb biladi. Ukraina razvedkasi ma’lum qilishicha, u mazkur vazifa shu yilning o‘zida bajarilishini istaydi. Prezident Volodimir Zelenskiy esa Kreml yozda yana bir yirik hujum rejalashtirayotganiga ishonadi.

Ammo so‘nggi paytlarda Rossiyaning bu yo‘nalishdagi yurishi sustlashib qoldi.

Ukrainaning DeepState monitoring sayti ma’lumotlariga ko‘ra, Moskva aprel oyida Donbassda mart oyidagiga qaraganda ikki baravar kamroq, 2023 yil dekabrida qo‘lga kiritgan hududining esa oltidan bir qismini egallagan.

Kenyaning vazifasi o‘z pozitsiyasini saqlab qolish va tashqaridagi har qanday harakatni kuzatib, quloq solib turish edi. U va safdoshi faqat Rossiya qo‘shinlari ularga qarshi harakatga o‘tgan taqdirdagina jangga kirishar edi.

"Janglarning aksariyati dronlar yordamida olib borildi", deydi u. Bu qurollar esa urush olib borish usullarini butunlay o‘zgartirib yubordi.

Kenya va uning brigadasi zamonaviy urushning o‘ziga xos paradoksini boshdan kechirmoqda: front chizig‘ida texnika qanchalik ko‘p insonlar o‘rnini egallasa, hududni egallash yoki uni himoya qilishda askarlarning o‘rni shunchalik ortib bormoqda.

Dushman pozitsiyalariga tanklar kolonnalari va askarlar to‘lqini bilan hujum qilish o‘tmishda qoldi.

Buning o‘rniga, hujumlar ko‘pincha dala bo‘ylab borayotgan ikki-uch askar yoki mototsikl, ba’zan hatto ot yoki velosipedda harakatlanayotgan jangchilar orqali bo‘lmoqda.

Harakatlanayotgan har qanday narsani ovlaydigan dronlar hukmronlik qiladigan keng va huvillagan "o‘lim hududi"da omon qolish uchun zirhdan ko‘ra tezlik muhimroq bo‘lib qoldi.

Bu – har ikki tomondan masofadan boshqariladigan dronlarning uchish masofasi doirasidagi front chizig‘i bo‘ylab joylashgan "kulrang hudud"dir.

"Har safar pozitsiyalarimizdan chiqishga to‘g‘ri kelganda, tirik qaytishni so‘rab duo qilardik, – deydi Kenya. – Kechalari termal kameralardan himoyalanish uchun dronga qarshi maxsus yopinchiqlarni kiyishimiz kerak edi, ammo ular ko‘pi bilan 20 daqiqaga yetardi".

Dronlar pozitsiyalarni egallay olmaydi; ular balandliklar va kesishmalarni nazorat qila olmaydi.

Shunday ekan, hatto robotlar va masofadan boshqariladigan qurollar davrida ham urushning qadimgi qoidasi o‘z kuchida qolmoqda: armiya hududni piyoda askarlarsiz ushlab turolmaydi.

Shu sababli Ukraina Kenya kabi askarlarni "o‘lim hududi" ichidagi kichik xandaq va yerto‘lalarda saqlaydi. Ular bu yerda hududni belgilab turishdan boshqa deyarli hech narsa qila olmaydi.

Ularning eng katta qo‘rquvi – ruslar sezib qolishi. Frontda 122 kun bo‘lgan Xani bilan ham shunday bo‘lgan edi. U 1990-yillarda falastinlik talaba sifatida Ukrainaga kelib, shu yerda qolib ketgan.

Xanining pozitsiyasi ikki qavatli uy yerto‘lasida bo‘lib, bu uy Rossiya dronlari va artilleriyasi zarbalaridan vayronaga aylantirilgan edi.

Ruslar yerto‘laga kirishga uringanida, u va safdoshlari o‘t ochib, o‘z pozitsiyalarini fosh qilib qo‘yishdi.

"Ular bizni sezib qolishdi, avval dronlardan portlovchi moddalar tashlashdi, so‘ng kamikadze-dronlar bilan hujum qilishdi", deb eslaydi u.

Optik tolali kabelga ulangan dron yerto‘la ichiga kirdi, biroq kiraverishda o‘z simlariga o‘ralashib, joyida aylana boshladi. Shunda Xani kabel g‘altagiga o‘q uzdi va dron uni boshqarayotgan operator bilan aloqani yo‘qotdi.

Shu payt ikki nafar rus askari uning pozitsiyasiga bostirib kirdi. "Ular tashqarida tankka qarshi minalarni portlatib, kirish yo‘lini vayron qilishdi va bizni vayronalar ostida qoldirishdi. Ular bizni o‘lgan deb o‘ylashgandi".

Ular har ehtimolga qarshi qazib qo‘yilgan yashirin chiqish yo‘li tufayli omon qolishdi.

110 kundan so‘ng yaqinda frontni tark etgan Granataning aytishicha, Rossiya kuchlari ularni pozitsiyani tark etishga majburlash uchun tarkibida gaz bo‘lgan portlovchi modda tashlaganida, u bilan birga bo‘lgan askar og‘ir yaralangan.

Donbassdagi "o‘lim hududi"da barcha ta’minot yo‘llari uzib qo‘yilgan, shu bois oziq-ovqat va o‘q-dorilarni oldingi postlarga havo dronlari orqali yetkazishga to‘g‘ri kelmoqda. Ammo ular ham ishonchsiz: dronlar tez-tez urib tushiriladi yoki aloqasi to‘silib qoladi, shuning uchun ta’minot uzilishlar bilan amalga oshmoqda.

Kenyaning aytishicha, uning ozgina oziq-ovqat zaxiralarini ham ko‘pincha sichqonlar yeb ketar ekan. "Ular metalldan boshqa hamma narsani kemiradi. Sichqonlar sababli konservalardan tashqari barcha oziq-ovqat mahsulotlarini tezda yeb qo‘yishimizga to‘g‘ri kelardi, aks holda, ularning hammasini sichqonlar yo‘q qilib yuborardi".

Xandaqlarida eng ko‘p nima yetishmasligi haqida so‘ralganda, askarlarning barchasi suv deb javob berdi.

"Men uchun eng yodda qolarli lahza – yomg‘ir yoqqan payt bo‘lgan, – deydi Kenya. – Yechinib, yuvinish uchun tashqariga chiqqanman".

Qishda havo harorati -25 darajagacha pasayib ketardi, shuning uchun muzlagan yerda yoki sovuq beton polda uxlaganda eski, yirtilib ketgan uxlash qoplaridan deyarli foyda yo‘q edi.

Xanining sherigi betob bo‘lib qolgan va "bir kuni u shunchaki uyg‘onmadi", deydi u. U gipotermiyadan vafot etdi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Ukraina harbiylariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari yozgi hujumga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida front chizig‘i bo‘ylab qayta guruhlanmoqda.

Ukrainaliklarning aytishicha, bunga qarshi turish uchun ular Rossiya harbiy logistikasi va ta’minot yo‘llariga hujumlarni kuchaytirgan.

Bu ham rossiyaliklarning oldinga siljishini sekinlashtirgan bo‘lishi mumkin. AQShda joylashgan Urushni o‘rganish institutiga ko‘ra, o‘tgan oy Moskva Ukrainada egallagan hududidan ko‘prog‘ini boy bergan.

Biroq Ukraina hududini saqlab qolishdek eng katta vazifa hamon "o‘lim hududi"ning oldingi chizig‘idagi piyoda askarlar zimmasida turibdi. Xanining aytishicha, ularsiz front chizig‘i qulagan bo‘lardi.