Ikkinchi Jahon urushi sirlari

Сурат манбаси, RIA NOVOSTI
- Author, Artem Krechetnikov
- Role, BBC, Moskva
- Published
Sho‘rolar Ittifoqiga qarshi urush boshlangunga qadar va hatto, urushning ilk soatlari Iosif Stalin Olmoniyaning hujum qilishiga ishonmagandi.
Olmon qo‘shinlari chegarani kesib o‘tib, Sovet Ittifoqi shaharlarini bombalashni boshlaganlari haqida u 22 iyun tonggi soat 4 da Qurolli Kuchlari Bosh shtabi rahbari Georgiy Jukovdan xabar topgan.
Jukov o‘zining "Xotiralar va o‘ylar" kitobida Sho‘rolar rahbari mash‘um xabarga qanday javob berishni bilmay qolgani, "telefon go‘shagida og‘ir nafas olishi eshitilgan"i haqida yozadi.
Uzoq davom etgan sukutdan so‘ng Stalin: "Hamma Kremlga, majlisga yig‘ilsin", deya olgan xolos.
1956 yil KPSS Markaziy Qo‘mitasida so‘zlashi kutilgan, ammo keyinchalik bekor qilingan nutqda janob Jukov Stalin boshida dushmanga qarshi o‘t ochishga ham ruxsat bermagani haqida aytmoqchi bo‘lgan.
Ayni paytda tarixiy hujjatlarda urush boshlanishidan sal avval Iosif Stalin mamlakatning g‘arbiy chegaralari tomon ko‘plab qo‘shin va harbiy texnika yuborganligi ham bitiladi.
Yana qator tarixiy siymolar "Sho‘ro rahbariyatida taktik reja bo‘lgan, lekin Gitler bir qadam ilgari edi", yoki "urush borasida rejalar mavjud edi, lekin keskin o‘zgargan vaziyat bu rejalarni amalga oshirish imkonini bermagan".
Harbiy Fanlar Akademiyasi prezidenti Mahmud Gareyevning aytishicha, "agar mudofaa rejasi bo‘lganda edi qo‘shinlar va texnika umuman boshqacha joylashtirilgan bo‘lardi. Chegara hududlarida esa, bu narsa qilinmagan".
"Stalinning asosiy xatosi mudofaaga tayyorgarlik ko‘rmaganida emas, hujum vaqtini to‘g‘ri bashorat qila olmaganidadir. Agar biz birinchi bo‘lib hujum qilsak, millionlab insonlar umrini saqlab qolish mumkin bo‘lardi", deydi Tarix Instituti direktori, akademik Andrey Saxarov.
Olmoniya bilan urushning muqarrar ekanligini bilgan holda SSSR rahbariyati urushni imkon qadar kam qon to‘kish bilan o‘zga hududda o‘tkazishga harakat qilgan. Ushbu xulosaga ko‘plab tadqiqotchilar qo‘shiladilar. Ammo, asosiy farq tafsilotlar, kunlar va asosiysi, axloqiy nuqtai nazardan yondashuvlar bilan bog‘liq...
Biroq, oradan 75 yil o‘tib ham, 1941 yilning 22 iyuni atrofidagi sirlar barchasi ochilgani yo‘q.
O‘sha mash‘um kunda, undan sal avvalroq va ilk kunlari mudofaa yoki hujumga mantiqiy tayyorgarlik nuqtai nazaridan tushuntirib bo‘lmaydigan ko‘p hodisalar yuz bergan.
Bu hodisalarga hujjat va guvohliklar asosida tushuntirish yo‘q. Haqiqatga yaqin taxminlar va ehtimollar bor xolos...

Сурат манбаси, RIA NOVOSTI
22 iyun kuni yarim tunda Iosif Stalin dala hovlisiga jo‘nab ketadi.
Jukov hujum haqida telefon qilgan vaqti qo‘riqchi: "Stalin "uyg‘otmanglar", deb aytdi", deya javob bergan. Jukov unga baqirib bergan.
21 iyun kuni chegara tomonidan harakat qilayotgan texnika ovozi kelayotgani haqida to‘xtovsiz xabarlar kelmoqda edi.
Tushki soat 1 da Fyurerning farmoni olmon qo‘shinlariga o‘qib eshittirilar ekan, askarlar safida bo‘lgan 2-3 nafar "sotqin" kommunist tunda urush boshlanishi haqida ogohlantirish uchun Bug daryosini kechib o‘tadi.
Sirli tomoni shundaki, keyinroq SSSR yoki Olmoniya Demokratik Respublikasida qahramon sifatida ulug‘lanishi lozim bo‘lgan bu odamlar haqida hech narsa ma‘lum emas.
Stalin bu kunni Kremlda, kelayotgan xabar va ma‘lumotlarni tahlil qilish bilan o‘tkazgan.
Aytaylik, u kelayotgan xabarlarga ishonmagan. Lekin, bu xabarlar nima bilan tugashini bilmay turib, qanday qilib osuda uyquga ketish mumkin? Axir u hatto oddiy kunlarda erta tongacha ishlab, keyin tushgacha uxlashni odat qilgan edi...
Sho‘rolar Ittifoqining g‘arbiy hududlaridagi qo‘shinlarda maxsus "qizil paketlar" bor edi. Ularda dushman hamlasi yuz bergan taqdirda ko‘rilajak choralar batafsil ko‘rsatilgandi.
21 iyun kuni kech soat 9 larda o‘tkazilgan majlisda Stalin Jukov va Timoshenkoga bu "qizil paket"dan foydalanishga ruxsat bermagan.
O‘rniga chegara qo‘shinlariga Stalin tomonidan imzolangan "Ko‘rsatma 1" nomli hujjat yo‘llangan.
"22-23 iyun kunlari nemislarning qo‘qqisdan hujum qilib qolish ehtimoli bor. Bizning qo‘shinlarimizning vazifasi hech qanday qo‘poruvchilik amallariga berilmaslik va ayni holda ehtimoliy hujumni qaytarish uchun to‘liq tayyorgarlik holatida bo‘lishdir. Boshqa turdagi amallar alohida ko‘rsatmasiz bajarilmasin", deyiladi bu hujjatda.
Ammo, qanday qilib mudofaa rejasida ko‘rsatilgan chora-tadbirlarsiz "hamlani qaytarish" mumkin? Qo‘poruvchilikni hujumdan qanday farqlash mumkin?
Bu hujjatni ilk bor oshkor qilgan tarixchi Mixail Nekrichning fikricha, "Ko‘rsatma 1", albatta, qo‘l qovushtirib turmaslik lozimligiga ishongan Timoshenko va Jukovga bunga xayrixoh bo‘lmagan Stalinning yon berishi bo‘lgan.
Urush boshlangan vaqtdan beri o‘tgan har bir soat muhim bo‘lsa-da, ommaviy safarbarlik 23 iyun kunidagina e‘lon qilingan.
G‘arbiy Harbiy Okrug rahbariyati 21 iyun kechqurun teatrda edi. Ba‘zi harbiy qismlarda esa, ta‘til kuni e‘lon qilingandi.
"Stalin bu bilan chegara qo‘shinlarini "hammayoq tinch" deya ishontirmoqchi bo‘lgandek. Natijada biz qo‘shinlarimiz tayyorgarligini eng past nuqtaga olib tushdik", deya xotirlaydi 13 - armiya shtab rahbari Sergey Ivanov.
Eng hayratlanarlisi, Grodno shahrini mudofaa qilishi kerak bo‘lgan 122 - havo qo‘shinlari bo‘linmasi bilan bog‘liq hodisa.
20 iyun juma kuni Moskva va Minskdan kelgan rasmiylar qiruvchi uchoqlarni qurol-yarog‘ va o‘q-dorilardan bo‘shatishga hamda ularni omborga yuborishga buyuradilar.

Сурат манбаси, RIA NOVOSTI
Mazkur farmon shu qadar aqlga sig‘mas ediki, uchuvchilar "fitna va sotqinlik" haqida gapira boshlaydilar. Lekin, ularga "og‘izni yumish" buyrug‘i berilgan.
Ertasi kuni tongda ushbu polk butunlay yakson etilgandi.
"Turli faktlarga qaramay, Stalin bu hali urush emas, olmon armiyasining ba‘zi "tartibsiz" qismlari qo‘poruvchilik amaliyoti degan fikrda edi", deb aytgandi Nikita Xrushev KPSSning XX s‘ezdida qilgan chiqishida.
Ko‘rinishidan, "qo‘poruvchilik amaliyoti" haqidagi fikr Stalin miyasida mixlanib qolgan va u bu g‘oyani "Ko‘rsatma 1" hujjatida ham yoqlagan.
Kremlda 22 iyun kuni soat 05:45 da boshlangan majlisda ham javob zarbalarini berishga ruxsat bermagan. Stalin faqat 06:30 da Olmoniya rasman urush e‘lon qilgani haqida xabar berilganidan so‘nggina bunga izn bergan.
Marhum tarixchi Igor Bunichning ta‘kidlashicha, urushdan bir necha kun avval Gitler Stalinga maktub yo‘llab, ba‘zi "sotqin" generallar SSSR va Olmoniya o‘rtasida urushni keltirib chiqarishga harakat qilishlari mumkinligi haqida "ogohlantirgan".
Stalin Beriya bilan suhbatida go‘yo: "Bizda bunaqasi bo‘lmaydi, biz o‘z armiyamizda tartibni o‘rnatganmiz", deya maqtanib gapirgan. Arxivlardan esa, bu kabi hujjatni topish imkonsizdir.
Isroillik tadqiqotchi Gabriel Gorodetskiyning aytishicha, Stalin shunchaki qo‘rquvdan karaxt bo‘lib qolgan va Gitlerga hujum qilish uchun hech bir sabab bermaslikka uringandi.
"Stalin urush haqidagi har qanday fikrni o‘zidan uzoqlashtirib, tashabbusni qo‘ldan berganligini anglab, karaxt bo‘lib qolgandi", deya tushuntiradi Gabriel Gorodetskiy.
Boshqalar Stalin 1940 yil noyabr oyida Molotov orqali qat‘iy ravishda Berlindan Finlandiya, Janubiy Bukovina va Dardanelladagi bazani talab qilishga haddi siqqani, 1941 yil aprelida Gitlerni g‘azabga solgan Yugoslaviya bilan bitimni imzolaganini tilga oladilar.
Aleksandr Osokinning fikricha esa, Stalin, aksincha, jahon hamjamiyati o‘ngida o‘zini "jabrdiyda" sifatida ko‘rsatib, AQShning yordamini olishga erishish uchun Olmoniyani hujumga atayin "gij-gijlagan".
Mazkur fikr tanqidchilariga ko‘ra, bu o‘ta xavfli o‘yin bo‘lgan bo‘lardi. Boshqa tomondan, prezident Ruzvelt yosh bolaga o‘xshab, "mushtlashuvni kim boshladi" deb emas, AQSh manfaatlari nuqtai nazaridan yondoshishi kundek ravshan edi.
Yana bir qiziq taxminni tarixchilar Keystut Zakoretskiy va Mark Solonin o‘rtaga tashlaganlar.
Timoshenko va Jukov iyun oyining dastlabki 3 haftasi mobaynida Stalin bilan 7 marotaba uchrashganlar va qo‘shinlarni yuqori tayyorgarlik darajasiga keltirishga da‘vat qilganlar.
Ba‘zi tahlilchilarga ko‘ra, bu hodisalar rivojini kutmay turib, birinchi bo‘lib hujumga shaylanishni anglatardi.
Zakoretskiy va Soloninning fikricha, Stalin Berlinning ochiqcha tajovuzkor intilishlari manzarasida harbiylarga quloq tutgani rost.
Taxminlarga ko‘ra, 18 iyun kuni Timoshenko, Jukov, Molotov va Malenkov bilan bo‘lgan uchrashuv vaqtida "urushning oldini oluvchi hujum"ni yozning eng uzun kuni, 22 iyunda boshlashga kelishib ham olganlar. Ammo, erta tongda emas, kechroq...
Tadqiqotchilarga ko‘ra, Olmoniya bilan urushni nemislardan sotib olingan bir qancha "Yunkers" va "Dorne" uchoqlari vositasida Grodnoga qilingan "hujum" kabi qo‘poruvchilik amaliyoti bilan boshlash ko‘zlangandi...
Tadqiqotchilarga ko‘ra, Olmoniya bilan urush fitna bilan, nemislardan sotib olingan bir necha "Yunkers" va "Dorne" uchoqlarini Grodnoga uchirish bilan boshlanishi kerak edi.
Ya‘ni, Grodno aholisi ertalbagi nonushtani qilib, dam olish kuni ko‘chalarga chiqqan vaqti "boshlash" nazarda tutilgan.
Bundan kelib chiqadigan targ‘ibot samarasi ulkan bo‘lishi kutilib, yo‘l-yo‘lakay ro‘y beradigan bir necha o‘n qurbonga Stalin tayyor bo‘lgan.
Ayni mana shu taxmin ko‘p narsaga oydinlik kiritadigandek.
Gitler ham xuddi shu vaqtda hujum qilishni rejalagani haqidagi ma‘lumotlarni Stalin rad etgani faktiga ham... (Chunki, bu kabi "tasodiflar" deyarli ro‘y bermaydi...)
22 iyun kuni nima uchun tinch uyquga ketganiga ham... Chunki, ertasi kuni tiniq fikrlaydigan kalla kerak edi...
Yoppasiga safarbarlik dushanba kuni boshlanganiga ham... (Chunki, bu kun avvaldan belgilangan, to‘polonda kunni o‘zgartirishga ulgurmaganlar...)
Grodnodagi uchoqlar qurollardan bo‘shatilgani faktiga ham. (Ya‘ni, "olmon" uchoqlarini birov urib tushirib qo‘ymaslik uchun...)
Maqsad "tinch aholi yashayotgan shaharga olmonlar bomba yog‘dirayotganini" ko‘rsatish bo‘lgan. Eng avvalo buni jahonga emas, o‘z fuqarolariga namoyish qilish.
Afsuski, tajovuz soxta emas, rost bo‘lib chiqqandi.
Ammo, nima bo‘lmasin, bu qarashlar ham taxmindan o‘zga narsa emas. Buni mualliflarning o‘zlari ham tan oladilar.
- BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
- TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
- Instagram - BBC UZBEK
- Twitter - BBC UZBEK
- Odnoklassniki - BBC UZBEK
- Facebook - BBC UZBEK
- Google+ - BBC UZBEK
- YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
- Skype - uzbekbbclondon
- bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring































