Oʻzbekiston-Qirgʻiziston: "Doʻstlik" chegara oʻtish maskani ochildi

Prezidentlar

Сурат манбаси, official

Published

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi "Doʻstlik asosiy chegara oʻtish maskani ochilishini ham oʻzbeklar, ham qirgʻizlar katta bayram kabi nishonladilar.

"Doʻstlik" posti Oʻzbekiston Fargʻona vodiysini Qirgʻiziston janubi bilan bogʻlaydigan asosiy yoʻlak.

Ayni damda, u savdo-sotiq uchun ham muhim.

Bu chegara oʻtish maskani Qirgʻiziston janubida yuz bergan 2010 yilgi qonli etnik nizolar ortidan yopib qoʻyilgandi.

Bishkekka borgan Shavkat Mirziyoyev bir kun oldingi nutqida Andijon va Oʻsh orasida odamlar erkin bordi-keldi qilishini istashini aytgandi.

Oxirgi yillari toʻy, aza yoki boshqa marosimlarga borish uchun ham har ikki davlat fuqarolaridan lozim telegramma talab qilingan va usiz "Doʻstlik"dan oʻtib boʻlmagan.

Soʻnggi yangilik Oʻzbekiston yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirgʻizistonga ikki kunlik ilk davlat tashrifining soʻnggi kuniga toʻgʻri kelgan.

Bishkekdan olingan xabarlarga koʻra, "Doʻstlik"ni ochish toʻgʻrisidagi kelishuvga xuddi ana shu tashrif chogʻida erishilgan.

Har ikki davlat rasmiylariga koʻra, ortiq bu chegara oʻtish maskanida bu kabi rasmiyatchiliklar boʻlmaydi.

Davlat tashrifining ilk kuni - 5 sentyabrda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston prezidentlarining "Davlat chegaralari toʻgʻrisida"gi hujjatni imzolagani xabar berilgan.

Qirgʻiziston rahbarining soʻzlaridan ayon boʻlishicha, oʻzbek-qirgʻiz chegarasining 85 foizi aniqlab boʻlingan.

Rasmiy xabarlarga koʻra, prezident Mirziyoyev suvdan foydalanish va GES qurilishi masalasiga ham alohida toʻxtalgan.

Oʻzbekiston Qambar ota gidroelektr stantsiyasini Qirgʻiziston bilan birga qurishini aytgan.

Shavkat Mirziyoyev Andijon-Oʻsh-Qoshgʻar avtomobil yoʻli qurilishi va Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishini tezlashtirish masalasi yuzasidan ham jiddiy kelishib olishganini bildirgan.

"Bu xalqlarimiz 20 yildan ziyod vaqt kutgan hodisadir", - deya xulosa qilgan Almazbek Atamboyev yakuniy matbuot anjumani chogʻida.

"Shavkat Mirziyoyevning Qirgʻizistonga qilgan bugungi tashrifi koʻplab masalalarni hal etadi va ushbu tashrif qardosh xalqlarimiz munosabatlarida yangi davr, yangi zamonni boshlab beradi".

"Ikki davlat tarixida koʻplab muammolar, toʻsiqlar boʻlgan, biroq ular bartaraf etildi. Bugun barcha masalalar boʻyicha oʻzaro kelishuvga erishdik", - deya bayon qilgan tez orada oʻz prezidentlik vakolatini rasman topshirajak Qirgʻiziston rahbari.

Ammo shu yil oktyabr oyida Qirgʻiziston Prezidentining Oʻzbekistonga tashrif buyurishi kutilmoqda.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02