Mashinaning "dodasi" qay biri?

Сурат манбаси, Social media
Bir necha kun avval Podrobno.uz vebsahifasi Oʻzbekistonda "eng mashhur", yaʼni eng koʻp sotiluvchi va ommabop mashinalar reytingini chop etilgandi.
Koʻp oʻtmay Ijtimoiy tarmoqlarda bu reyting atrofida qizgʻin bahs boshlandi.
Bu borada fikr-mulohazalar ayniqsa Facebook tarmogʻi foydalanuvchilari tomonidan izhor etildi.
OLX eʼlonlar xizmatining 2016 yilgi izlanishiga koʻra, Oʻzbekistonliklarning eng "afzal koʻradigan" avto ulovlari GM Uzbekistan qoʻshma korxonasi ishlab chiqaradigan Shevrolet markasi ekan.
Internet orqali savdoga qoʻyilgan mashinalarning 56 foizini, yaʼni yarmidan koʻpini ayni ana shu Shevrolet markasi tashkil etadi.
Ikkinchi oʻrinda VAZ avtomobillari (16.5 foiz) hamda Daewoo (10 foiz) ulovlari.
Reytinga koʻra, Germaniyaning Mercedes va Rossiyaning GAZ ulovlari yopiq tarzda xarid qilingan avto ulovlarning atigi 2 foizini tashkil qilgan. Shunday boʻlsada, ular 4 v 5-oʻrinlarni egallagan.
Facebookda izoh qoldirganlartning aksariyati bu reyting borasida hazilomuz fikr bildirishgan.
Jumladan, "Nodirbek Ilhamovich": "Kutilmagan yangilik, Shevrolet birinchi oʻrindaya!", deb istehzo qilgan boʻlsa, "Anvar Sharifov": "Pushti koʻzonaykni yechgin, ey Uzavtoprom"; "Olga Atabaeva": "Hazilkashlarni qarang"; "Evgeniy Shek": "Rahmat, kulib oldim"; "Makar Makarov": "ahmoqxona reyting" qabilidagi izohlarni qoldirishgan.
Lekin ularning asosiy qismi GM Uzbekistan qoʻshma korxonasi monopoliyasini tanqid qilgan, hamda avto ulov sotib olish borasidagi hisobsiz mushkulliklarni tilga olishgan.
Facebook foydalanuvchilaridan biri "Mirzahmedov Zafar": "Ahmoqlarning boshqa qiladigan ishi yoʻqmi. Huddi bizda Shevrolet dan boshqa narsa sotib olishga imkoniyat borday. Axir boshqa mashinalar juda qimmat-ku", deya xitob qiladi.
"Vitaliy Dalakyan" uning fikriga qoʻshilgandek boʻladi: "Monopoliyani yaratib qoʻyib, endi raqobat borday qilib koʻrsatyaptilar," deydi u.
"Ekubjon Mukhamedjanov": "Boshqa mashinalarga "rastomojka"ni kamaytiringlar, keyin vaziyatning qanday oʻzgarishini koʻrasizlar", deydi.
Daniyar Kubeyev: "Negadir Lamborghini va Ferrari larni roʻyxatda koʻrmadim. Aytganday, ularga Matiz va Spark lar bilan bellashish qayerda", deydi.
Unga javoban Tolik Xusinov "oʻzbekcha" Lamborghini suratini baham koʻrgan.

Сурат манбаси, Prikol.uz
Kan Sergey ga oʻhshagan foydalanuvchilar avtomashina salondan olib chiqish uchun beriladigan "shapka" dan noligan. "Qaysi salonlarning "shapkasi" koʻproq degan mavzuda reyting ochish kerak", deydu u.
"Albatta biz vatanparvarlarmiz… lekin bundan bundan vijdonsizlarcha foydalanishning nima keragi bor", deydi Olga Atabaeva
Baʼzilar bu reytingni reklamaga tenglashtirdi.
"Shu ham yangilik boʻldimi. Sotib olingan reklamaku", deydi "Sobur Talipov".
Bu reytingning paydo boʻlishi mashina bozorida narxlarning keskin tushib ketgan vaqtga toʻgʻri kelishi bejiz boʻlmasa kerak.
Hissalarining 75 foizi Oʻzbekiston hukumatiga tegishli boʻlgan "GM-Uzbekistan" avtomobillari Oʻzbekiston aholisining oʻziga xorij bozorlaridagi narxdan qimmatga sotiladi.
Hukumat xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillarga yirik boj solish orqali "GM-Uzbekistan"ning ichki bozordagi mutlaq monopoliyasini muhofaza qilib keladi.
Tahlilchilarga koʻra, oʻzbek avtomobil bozorida sunʼiy ravishda yaratiladigan yuqori darajadagi talab turli-tuman poraxoʻrlik va shubhali moliyaviy sxemalarga yoʻl ochgan.
Oʻtgan yil aprelida shirkat rahbari Tohirjon Jalilovning hibsga olingani va yirik moliyaviy qallobliklarga doir jinoiy tekshiruvlar boshlangani xabar qilingan.
"GM-Uzbekistan" oʻz mahsulotlarini sotishga doir maxfiy sxemalar amal qilishi haqidagi daʼvolarni rad etgan.
Shunga qaramay, kompaniya 26 yanvarda oʻzining vebsahifasida jismoniy va yuridik shaxslarni ishlab chiqariladigan mahsulotlar hamda koʻrsatilayotgan xizmatlardagi kamchiliklar va ularni bartaraf etish borasidagi takliflar boʻycha 25 yanvardan 3 fevralga qadar davom etadigan soʻrovnomada ishtirok etishga chaqirgan.

Сурат манбаси, Website
GM Uzbekistan shirkati bu tadbir 2017 yil Oʻzbekistonda "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" deb eʼlon qilinishi munosabati bilan amalga oshirilayotganini taʼkidlagan.
Shirkat jismoniy va yuridik shaxslarni soʻrovnomada faol ishtirok etishga hamda mavjud kamchiliklar va ularni bartaraf etish borasidagi takliflarni kiritishlarini soʻragan.
BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
Instagram - BBC UZBEK
Twitter - BBC UZBEK
Odnoklassniki - BBC UZBEK
Facebook - BBC UZBEK
Google+ - BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - uzbekbbclondon
bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring





























