Qirg‘iziston: Erta nikoh sabab yuzlab o‘smir qiz ona bo‘ldi. Video

Homilador qiz surati.

Surat manbasi, Galina Zhigalova/Getty images

Surat tagso‘zi, Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda erta nikoh va erta tug‘ruq masalasi dolzarb bo‘lib turgan yagona davlat emas. (Surat illyustratsiya uchun ishlatildi).
    • Author, Sanjar Eraliev
    • Role, bbc.com/uzbek
    • Reporting from, Bishkek
  • Published
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Qirg‘izistonda erta nikohlar sabab 2025 yilda 320 nafar o‘smir qiz ona bo‘lgani rasman ma’lum qilindi. Huquqbonlar qizlarni erta turmushga uzatish muammosi bilan jiddiy kurashishga chaqirishmoqda.

Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda erta nikoh va erta tug‘ruq masalasi dolzarb bo‘lib turgan yagona davlat emas.

Sirg‘a taqish odati

Yaqindagina 18 yoshga to‘lgan Nafisa Jalolobod viloyatining Suzoq tumanidan Bishkekka kelib, universitetga topshirmoqchi. U BBC muxbiriga kelajakda jurnalist bo‘lishni orzu qilayotganini aytdi.

"Hujjatlarimni universitetga tayyorladim, yaqinda o‘qishga topshiraman. 10 sinfda o‘qiyotganimdayoq uyimizga sovchilar kelishgan, ota-onam turmushga uzatishga rozi bo‘lishgandi. Akam qutqarib qoldi. Ota-onam ham ilojsizdan o‘qishimga rozi bo‘lishdi", – deydi u.

Nafisa akasi yordamida turmushga chiqish majburiyatidan qutulib, o‘qishini davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ammo mamlakatda hali voyaga yetmagan ko‘plab qizlar turli sabablar bilan nikohga kirishib, o‘smirlik davridayoq ona bo‘lib qolishmoqda.

Eng ko‘p holat Jalolobod viloyatida qayd etilgan. Bir yil avval o‘smir onalar soni 359ta bo‘lgani aytiladi.

"Bo‘lajak kuyovning ota‑onalari maktabdagi o‘smir qizlarning uyiga kelib, sirg‘a taqib qo‘yish holatlari bor. Buni nikohga va’da belgisi sifatida qabul qilishadi. Ota-onalar buning uchun javobgarlik borligini bilishmaydi ham. Agar bu masalaga qarshi kurashni kuchaytirmasak, erta turmush qurgan qizlarning taqdiri achinarli bo‘ladi" – deydi Bolalar huquqlarini himoya qilish ligasi rahbari Nazgul Turdubekova.

Huquqbonlar ta’kidlashicha, odatda yaqinlari 9-sinfdan keyin o‘qishni davom ettirishga ruxsat bermagan qizlar turmushga uzatiladi. Qarorni ularning qarindoshlari chiqaradi, bu esa qizlarning kelajak imkoniyatlarini cheklaydi. Shuningdek, o‘smirlikda ona bo‘lganlar orasida zo‘rlangan yoki aldangan qizlar ham bor, ammo aniq statistika yo‘q.

Mahalliy matbuot Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga tayanib yozishicha, o‘tgan yili 17 yoshgacha bo‘lgan 40 nafarga yaqin qiz homiladorlikni to‘xtatgan. Huquq himoyachilari fikricha, homiladorlikni to‘xtatgan qizlarning ko‘pchiligi jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Biroq bu borada rasmiy statistika e’lon qilinmagan.

Test kit
BSIP/Universal Images Group via Getty Images
...15–17 yoshli qizlar orasida homiladorlik va tug‘ruq holatlari qayd etilgan bo‘lib, ayrimlari sog‘liqqa jiddiy xavf tug‘dirgan...
Umut Abilg‘aziyeva
Ombudsman vakili, Qirg‘iziston (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Ombudsman erta nikohlardan xavotirda

Ombudsman idorasi yillik hisobotida voyaga yetmagan qizlarni turmushga berish holatlari ko‘payib borayotganidan xavotir bildirgan.

"Monitoring natijalariga ko‘ra, erta nikoh va erta homiladorlik masalasi hali ham dolzarbligini saqlab qolmoqda. Ko‘p hollarda bu holatlar kech aniqlanib, oldini olish ishlari yetarli emasligi kuzatilgan. Shuningdek, 15–17 yoshli qizlar orasida homiladorlik va tug‘ruq holatlari qayd etilgan bo‘lib, ayrimlari sog‘liqqa jiddiy xavf tug‘dirgan" – deydi Ombudsman vakili Umut Abilg‘azieva.

Qirg‘iziston qonunchiligiga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan shaxslar bilan nikoh tuzish taqiqlangan. Oila kodeksida ayrim holatlarda turmush qurishga ruxsat berilishi mumkinligi qayd etilgan. Biroq "ayrim holatlar" nimadan iborat ekani aniq ko‘rsatilmagan. Mahalliy hokimiyatlar bu holatlar qatoriga, masalan, uylanmoqchi bo‘lgan yigit yoki turmushga chiqmoqchi bo‘lgan qizning ota onasi og‘ir kasal bo‘lib, to‘yni tezlashtirish zarurati tug‘ilganini, yoki qiz homilador bo‘lib qolganini kiritishadi.

Homilador ekani yoki yo‘qligini tekshirayotgan ayol.

Surat manbasi, Viktoriya Skorikova/Getty images

Surat tagso‘zi, Ombudsman idorasi o‘tkazgan so‘rovnomada ishtirok etgan o‘smir qizlarning aksari turmush qurishdan ko‘ra o‘qishni tanlashini bildirgan. Shu bois, Ombudsman Ta’lim vazirligi va mahalliy hokimiyatlarga bu borada kurashni kuchaytirishni taklif etgan. (Surat illyustratsiya uchun ishlatildi).

Qirg‘izistonning Jinoyat va jazo kodeksiga ko‘ra, voyaga yetmagan qizni nikohga majburlagan shaxslar 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Shuningdek, bunday nikohni o‘qigan diniy ulamolar ham 5 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi yozilgan.

Ushbu qoidaga qaramay, erta nikohlar ko‘pligi Ombudsmanning yillik hisobotida qayd etilgan. Ombudsman idorasi o‘tkazgan so‘rovnomada ishtirok etgan o‘smir qizlarning aksari turmush qurishdan ko‘ra o‘qishni tanlashini bildirgan. Shu bois, Ombudsman Ta’lim vazirligi va mahalliy hokimiyatlarga bu borada kurashni kuchaytirishni taklif etgan.

Ayni paytda Oila kodeksining yangi tahriri muhokama qilinmoqda. Ombudsman idorasi 18 yoshga to‘lmaganlarning turmush qurishi uchun "ayrim holatlar"ni bekor qilishni taklif etmoqda.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda nikoh to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq 34 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va qariyb 100 nafar shaxs sudlangan. Huquq himoyachilari ko‘p hollarda erta nikoh uchun sudlanganlarga jazoni probatsiya tartibida o‘tash haqida hukm chiqarilishini ta’kidlaydi. Probatsiya — jazoni ozodlikda, sud belgilagan shartlarga rioya qilgan holda o‘tash tartibi hisoblanadi.

Muammo faqat Qirg‘izistonda emas

Halqaro kuzatuvlarga ko‘ra, Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda erta nikoh masalasi mavjud mamlakatlar orasida uchinchi o‘rinda turadi. Jahon banki hisobotida qayd etilishicha, Markaziy Osiyoda 19 yoshgacha bo‘lgan qizlar orasida tug‘ruq darajasi bo‘yicha Qirg‘iziston uchinchi o‘rinda. Mamlakatda har 1000 nafar o‘smir qizdan 28 nafari farzandli bo‘ladi.

Birinchi o‘rinda Tojikiston — har 1000 nafarga 40 ta holat, ikkinchi o‘rinda esa O‘zbekiston — taxminan har 1000 nafarga 34 ta holat qayd etilgan.

O‘zbekiston qonunchiligida ham nikoh yoshi 18 yosh etib belgilangan. Biroq, bir yilda nechta qiz 18 yoshgacha turmush qurgani yoki farzand ko‘rgani haqida ochiq manbalarda statistika berilmagan.

O‘zbekiston rasmiylari so‘nggi o‘n yilda erta nikohlar soni keskin kamayganini ta’kidlab kelmoqda. Hatto 21 yoshdan keyin turmush qurganlarni rag‘batlantirish tashabbusi ham ilgari surilgan. Prezident 3 mart kuni imzolagan farmonga ko‘ra, 2027 yildan boshlab 21 yoshdan keyin birinchi bor turmush qurgan oilalarga ajratiladigan subsidiya, ssuda va grantlar miqdori amaldagi ko‘rsatkichdan 1,5 baravarga oshiriladi.

Farmon "ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, zo‘ravonlik holatlarini oldini olish"ga qaratilgani ta’kidlangan. Axborot vositalarida bu tashabbus erta nikoh va erta tug‘ruqning oldini olish chorasi sifatida baholangan.

O‘tkazib yuboring YouTube post , 2
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post, 2