Lukashenko nega Xitoyga bordi va bu bilan Putinga nima demoqchi?

Surat manbasi, President.gov.by
29 iyunь kuni Aleksandr Lukashenko Xitoyga oldindan e’lon qilinmagan tashrifi doirasida Pekinda Xitoy Xalq Respublikasi raisi Shi Jinpin bilan uchrashdi. Bu Lukashenkoning Valdayda Vladimir Putin bilan yopiq eshiklar ortida o‘tkazgan muzokaralaridan so‘ng sodir bo‘ldi.
Uchrashuv chog‘ida Shi Minsk va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar «tarixiy yuksak cho‘qqi»ga chiqqanini, Xitoy esa Belarusning milliy suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini himoya qilishini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi, deb xabar berdi «Sinxua» agentligi.
XXR raisiga ko‘ra, ikki mamlakat «Bir makon, bir yo‘l» dasturini (Osiyo, Afrika va Yevropadagi 100 dan ortiq mamlakatni bog‘laydigan infratuzilma va savdo yo‘laklarini modernizatsiya qilish va yaratishga qaratilgan Xitoy tashabbusi) amalga oshirishga ko‘maklashish uchun barcha resurslarni safarbar qilishi, shuningdek, «notinch dunyoda barqarorlashtiruvchi omil bo‘lish maqsadida ko‘p tomonlama maydonlarda muvofiqlashtirish va hamkorlikni mustahkamlashi» lozim.
Aleksandr Lukashenko esa Minsk va Pekin o‘rtasidagi munosabatlarga Xitoy raisi tomonidan berilgan «ijobiy bahoni» qadrlashini aytdi.
«Bu siz bilan avval gaplashgan masalalarimiz edi. Balki, ma’lum ma’noda, Belarus bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi bu global hamkorlik haqida orzu ham qilgandirmiz».
Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Nikolay Snopkov tomonlar iqtisodiy va texnologik hamkorlik, shuningdek, mintaqadagi vaziyatni muhokama qilganini bildirdi.
Buni bir tomondan Zelenskiyga ogohlantirish deb o’ylash mumkin, ammo menimcha, bu Putinga berilgan signal.
Lukashenkoning Pekinga tashrifi haqida xabar bergan Belarus davlat OAVlari Shi Jinpin uyushtirgan an’anaviy oilaviy tushlikka Lukashenko taklif etilganiga alohida e’tibor qaratdi.
Belarus rahbari matbuot xizmati ta’kidlashicha, bu kabi format «diplomatik protokol doirasidan ancha chiqadi va ikki rahbar o‘rtasidagi alohida shaxsiy ishonch belgisi» hisoblanadi.
Pekinning Belarus mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashi haqidagi bayonoti Vladimir Putinga yuborilgan signal bo‘lishi mumkin, deydi mustaqil Belarus axborot agentligi «Pozirk» siyosiy tahlilchisi Aleksandr Klaskovskiy.
«Buni bir tomondan Zelenskiyga ogohlantirish deb o‘ylash mumkin, ammo menimcha, har qanday holatda ham bu Putinga berilgan ogohlantirish yoki signal,— ya’ni, kichik ukani bu ishlarga [Ukrainadagi urushga] aralashtirma, degan ma’noda», — dedi Klaskovskiy Bi-bi-si Rus xizmatiga bergan intervyusida.
«Bir tomondan, Xitoy urush davom etishidan ma’lum darajada manfaatdordek ko‘rinadi — bu Rossiyani zaiflashtiradi, Rossiya qancha zaif bo‘lsa, Xitoyga shuncha ko‘proq qaram bo‘ladi. Lekin boshqa tomondan, Pekin Belarus harbiy harakatlar maydoniga aylanishidan mutlaqo manfaatdor emas. Avvalo, chunki bu muhim tranzit hududi hisoblanadi: Belarus orqali temir yo‘l yo‘nalishi Brestga, u yerdan esa Polsha va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga o‘tadi. Xitoy uchun Yevropa bozori juda muhim», — dedi u.
Klaskovskiy Minsk yaqinidagi Xitoy—Belarus «Buyuk tosh» industrial parkiga ham e’tibor qaratdi.
«U yerda Xitoy kapitali ishtirokidagi ko‘plab kompaniyalar bor. Bu park Yevropaga darvoza sifatida ko‘riladi — mahsulotni iste’molchiga yaqin joyda ishlab chiqarib, Yevropada sotish maqsad qilingan. Albatta, urush bu rejalarning barchasini barbod qiladi».
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
So‘nggi vaqtlarda Rossiyaning Belarusni Ukrainaga qarshi urushga jalb qilishga urinayotgani haqidagi xabarlar tobora ko‘paymoqda. Bunday iddaolar ham Kievdan, ham G‘arb ommaviy axborot vositalaridan yangramoqda.
Yaqinda The Wall Street Journal amaldagi va sobiq yevropalik hamda rossiyalik amaldorlarga tayanib, Moskva Minskni Ukraina bilan mojaroda yanada faol ishtirok etishga undash uchun bosimni kuchaytirgani, hatto moliyaviy yordamni to‘xtatish bilan tahdid qilayotgani haqida xabar bergan edi.
Klaskovskiyning fikricha, Lukashenko ma’lum ma’noda Pekinni Moskvaga, «Moskva ekspansiyasiga, Moskva ta’siriga va Rossiya iqtisodiyotiga ulkan qaramlikka qarshi muvozanat» sifatida ko‘radi.

Surat manbasi, BELARUS DEFENCE MINISTRY PRESS SERVICE / HANDOUT
«Biz bilamizki, Belarusdan kaliy o‘g‘itlari, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa turli yuklar aynan shu yo‘nalish orqali tashiladi».
Lukashenko bundan oldin o‘tgan yil sentyabrida Xitoyga borgan edi. O‘shanda u Pekindagi harbiy parad, hamda Tyanzin shahrida o‘tgan ShHT sammitida qatnashgan.
O‘tgan dam olish kunlari Lukashenko Valdayda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi, shundan so‘ng Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga tashrifini boshladi. Xitoy bu mintaqada Lukashenko tashrif buyurgan birinchi mamlakat bo‘ldi.
O‘tgan hafta Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Lukashenkodan Rossiya hokimiyati Ukrainaga dron hujumlarini muvofiqlashtirish uchun foydalangan, deb ta’kidlangan retranslyatorlarni o‘chirishni talab qildi. Zelenskiyning aytishicha, ko‘p o‘tmay ushbu retranslyatorlar o‘chirilgan.
Taxminan shu vaqtlarda Lukashenko Kiev vakillari bilan uchrashganini aytdi hamda Belarusning Ukrainadagi urushga aralashishi kerak emasligini ta’kidladi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga Lukashenko tashrifi chog‘ida Putinga Vladimir Zelenskiydan hech qanday xabar yetkazmaganini bildirdi.





























