AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushida aslida qancha odam o‘ldirilgan – hech qachon bilib bo‘lmaydi. Nega?

Kristin Jivans,
Mett Myorfi
BBC Verify
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, fevral oyida AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan buyon Yaqin Sharq bo‘ylab minglab odamlar halok bo‘lgan. Endi urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Qurbonlar haqida Eron va Livan rasmiylari e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 28 fevraldan beri bu ikki mamlakatda 7 300 dan ortiq odam o‘lgan. Ular orasida yuzlab bolalar va o‘nlab tibbiyot xodimlari bor. Mintaqaning boshqa hududlarida ham o‘nlab odamlar halok bo‘lgan.
Biroq ayrim tahlilchilar bu raqamlar haqiqiy ko‘rsatkichdan ancha past ekanini aytmoqda. BBC Verify bilan suhbatlashgan ekspertlarga ko‘ra, internetga va ommaviy axborot vositalariga qo‘yilgan cheklovlar, shuningdek, ayrim hududlarda qurolli guruhlar mavjudligi sababli ishonchsiz ma’lumotlar tarqalgani qurbonlar haqida aniq xabar berishga to‘sqinlik qilgan.
Buyuk Britaniyada joylashgan qurolli zo‘ravonliklarni monitoring qiluvchi "Action on Armed Violence" xayriya tashkiloti ijrochi direktori doktor Ien Overtonning aytishicha, mojaro bir vaqtda bir nechta mamlakatda davom etayotgani sababli qurbonlar haqidagi ma’lumotlar "ko‘pincha to‘liq bo‘lmayapti, kechikib kelmoqda yoki ularni mustaqil ravishda tasdiqlab bo‘lmayapti".
Uning qo‘shimcha qilishicha, "urush tugaganidan keyin ham qurbonlar soni bo‘yicha yakuniy raqamlar uzoq yillar davomida bahsli bo‘lib qolishi ehtimol".
Eron
Aprel oyi o‘rtalariga kelib, AQSh va Isroil zarbalari boshlanganidan buyon kamida 3468 nafar eronlik, jumladan 499 nafar ayol halok bo‘lgan. Bu haqda Eron hukumati rasmiy ma’lumotlarida aytilgan.
Eron davlat axborot agentligi IRNA 26 aprel kuni xabar berishicha, halok bo‘lganlarning 1460 nafari tinch aholi, 2008 nafari esa harbiy xizmatchilar bo‘lgan.
Biroq AQShda joylashgan Human Rights Activists News Agency (HRANA) tashkiloti qurbonlar soni yuqoriroq — 3636 nafar ekanini ma’lum qildi.
18 may kuni e’lon qilingan hisobotida HRANA bu raqam 1701 nafar tinch aholi, jumladan 307 nafar bola, 1221 nafar harbiy xizmatchi hamda shaxsi yoki maqomi tasdiqlanmagan 714 nafar kishini o‘z ichiga olishini bildirdi.
Tashkilot hujjatlashtirilgan bu raqamlarni "mutlaq minimal ko‘rsatkich" deb atadi. Uning ta’kidlashicha, hodisa joylariga yetib borishdagi qiyinchiliklar, hukumat joriy qilgan internet uzilishlari va siyosiy tazyiq qurbonlar haqida ma’lumot to‘plashni jiddiy cheklagan.
«Hokimiyat vakillari qurbonlar haqidagi ma’lumotlarni muntazam yashiradi. Shuningdek, halok bo‘lganlarning oilalariga o‘lim holatining tafsilotlari haqida omma oldida gapirmaslik uchun bosim o‘tkazilishi mumkin», dedi tashkilot direktori o‘rinbosari Skaylar Tompson.
Eron rasmiylari AQSh va Isroilni mamlakat bo‘ylab uyushtirilgan zarbalarda fuqarolik infratuzilmasini nishonga olganlikda ayblamoqda.
Bir nechta mustaqil tekshiruvlarga ko‘ra, urushning birinchi kunida AQSh raketa zarbasi Minab shahridagi maktabga tekkan. Eron rasmiylari bu hujumda 168 kishi, jumladan 110 nafar bola halok bo‘lganini bildirgan. AQSh harbiylari esa mazkur hujum yuzasidan tekshiruv olib borilayotganini ma’lum qilgan.

Surat manbasi, Reuters
AQSh bu hujumga aloqadorligini rad etdi. Biroq BBC Verify bilan suhbatlashgan ekspertlar hujumda AQShda ishlab chiqarilgan Precision Strike Missile (PrSM) raketasidan foydalanilgan bo‘lishi ehtimoli yuqori ekanini bildirishdi.
Livan
Isroil va "Hizbulloh" o‘rtasidagi to‘qnashuvlar 2 mart kuni – "Hizbulloh" Eron oliy rahbarining o‘ldirilishiga javob sifatida Isroilga raketa otganidan keyin yana avj oldi. Isroil bunga javoban Livan janubida havo hujumlari va quruqlikdagi harbiy operatsiya boshladi.
Shundan beri Livan sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotiga ko‘ra, Isroil hujumlarida halok bo‘lganlar soni 3912 nafarga yetgan. Ular orasida 366 nafar ayol va 247 nafar bola bor.
Ular orasida qancha "Hizbulloh" jangchisi borligi yoki umuman bor-yo‘qligi aniq emas. BBC Verify bu masala yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qildi, ammo hozircha javob olmadi.
"Hizbulloh" o‘zining rasmiy qurbonlar sonini e’lon qilmagan. Biroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanьyahu o‘tgan oyda Eron bilan urush boshlanganidan beri 3000 nafar jangari o‘ldirilganini aytdi.
Mart oyi boshida Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakat sharqidagi Baqo vodiysida joylashgan shahar atrofida Isroil tomonidan o‘tkazilgan yirik havo va quruqlik operatsiyasida 41 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Isroil mudofaa kuchlari (IMK) o‘z harbiylari 40 yil avval Livandagi avvalgi mojaro paytida bedarak yo‘qolgan isroillik harbiy uchuvchining jasadini qidirayotganini bildirdi. Biroq Livan rasmiylari bu operatsiyada o‘z armiyasining uch nafar askari, shuningdek, bir qancha tinch aholi va bolalar halok bo‘lganini aytdi.
8 aprel kuni esa Livan rasmiylariga ko‘ra, Isroilning ommaviy havo hujumlari to‘lqini 10 daqiqa ichida kamida 361 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan. IMK o‘sha kuni "Hizbulloh"ning 250 nafar a’zosini nishonga olganini bildirdi. Biroq Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi bu da’voni rad etib, halok bo‘lganlarning mutlaq ko‘pchiligi tinch aholi bo‘lganini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, BMT ma’lumotiga ko‘ra, Livanda uning tinchlikparvar kuchlarining yetti nafar xodimi ham halok bo‘lgan. Ulardan so‘nggisi 4 iyun kuni vafot etgan.
Har safar kimnidir qidirayotganingizda butun boshli uyni vayron qilish shart emas. U yerdagilarning hammasi ham "Hizbulloh" emas.

Surat manbasi, Reuters
Isroilning harbiy kampaniyasi tinch aholi orasida ko‘plab qurbonlarga sabab bo‘lgani uchun qoralanmoqda. Seshanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp IMK harakatlarini keskin tanqid qilib, havo zarbalari oqibatida «juda ko‘p odam halok bo‘lganini» aytdi.
«Kimnidir qidirayotganingiz uchun har safar butun boshli ko‘p qavatli uyni vayron qilishingiz shart emas. Chunki o‘sha uylarda juda ko‘p odam yashaydi va ularning hammasi ham "Hizbulloh" emas», dedi Tramp Parijda bo‘lib o‘tgan G7 sammitida.
Isroil
Isroil rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, 18 iyun holatiga mamlakatda, asosan, Eron hujumlari va "Hizbulloh" bilan janglar natijasida 60 kishi halok bo‘lgan.
BBCga taqdim etilgan hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlarning 29 nafari tinch aholi bo‘lib, shulardan 21 nafari Eron raketa zarbalari oqibatida o‘lgan. Yana 31 nafar Isroil mudofaa kuchlari (IMK) harbiysi janglarda halok bo‘lgan. Hukumatning bildirishicha, bir kishi tasodifan o‘z harbiysi otgan o‘q oqibatida jon bergan.
Isroil bir necha bor Eronni mamlakatdagi aholi yashaydigan hududlarga klasterli o‘q-dorilar qo‘llaganlikda ayblagan. Hujumlardan birida, IMK ma’lum qilishicha, kassetali o‘q-doridan tarqalgan o‘qlar Ramat-Gan shahriga tushganida, bombapanohga ketayotgan 70 yoshlar atrofidagi er-xotin halok bo‘lgan.
Mart oyida Human Rights Watch (HRW) tashkiloti Tehronni aholi yashaydigan hududlarni klasterli o‘q-dorilar bilan nishonga olib, urush jinoyatlarini sodir etganlikda aybladi.
"Klasterli o‘q-dorilardan tarqaladigan o‘qlar keng hududga sochiladi. Bu esa ularni urush qonunlarini buzgan holda nishon ajratmay ta’sir ko‘rsatadigan qurolga aylantiradi", dedi HRWning inqirozlar, qurolli mojarolar va qurollanish masalalari bo‘yicha tadqiqotchisi Patrik Tompson.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Yaqin Sharq bo‘ylab qurbonlar
Eronning AQSh va Isroil zarbalariga dastlabki javobi qo‘shni arab davlatlarida joylashgan AQSh harbiy bazalariga qilingan hujumlarni ham qamrab oldi.
Eron kuchlari ballistik raketalar va portlovchi dronlar bilan ketma-ket hujumlar uyushtirdi. Ularning ko‘pchiligi aeroportlar, energetika ob’ektlari va portlar kabi fuqarolik ob’ektlariga kelib tushdi. Ko‘plab holatlarda havoda urib tushirilgan raketa va dronlar parchalari turar joy hududlariga tushgan.
BBC Verify avvalroq Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA), Qatar, Quvayt, Iroq, Iordaniya, Bahrayn va Umondagi harbiy bazalarga qilingan hujumlarni hujjatlashtirgan edi.
Bu hujumlar to‘lqini Eronning qo‘shni davlatlarida keskin norozilikka sabab bo‘ldi. BAA prezidenti maslahatchisi doktor Anvar Gargash X ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozdi:
"Siz qo‘shnilaringiz bilan urushmayapsiz. Bu keskinlashuv orqali Eronni mintaqadagi asosiy xavf manbai deb hisoblaydiganlar qarashlarini tasdiqlayapsiz."
Mintaqa bo‘ylab umumiy talofatlar sonini aniq hisoblash qiyin, chunki barcha davlatlar ham talofatlar bo‘yicha umumiy raqamlarni e’lon qilmagan.
Biroq rasmiy bayonotlar va ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, Fors ko‘rfazi davlatlarining aksariyatida qurbonlar qayd etilgan. Jumladan, BAA Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda 13 kishi halok bo‘lgan.
Iroqda esa Al Jazeera va Agence France-Presse (AFP) to‘plagan ma’lumotlarga ko‘ra, 100 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Ularning kamida 80 nafari AQSh va Isroil zarbalarida o‘ldirilgan, Eron qo‘llab-quvvatlaydigan shia qurolli guruhlari ustunlik qiladigan "Xalq safarbarlik kuchlari" (PMF) tarkibidagi jangarilar bo‘lgani xabar qilingan.
Shu bilan birga, Pentagon ma’lumotiga ko‘ra, Yaqin Sharqda xizmat qilgan AQShning 13 nafar harbiy xizmatchisi ham halok bo‘lgan. Ularning yetti nafari Eron hujumlarida, yana olti nafari esa Iroqda yonilg‘i quyish samolyoti halokatga uchrashi oqibatida vafot etgan.
Xalqaro dengiz tashkiloti ma’lum qilishicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi va Yaqin Sharqning boshqa hududlarida kemalarga qilingan hujumlar natijasida turli millatlarga mansub 14 nafar dengizchi halok bo‘lgan.
Doktor Overtonning ta’kidlashicha, Yaqin Sharqning ayrim hududlaridagi "kirish cheklovlari, vayron bo‘lgan infratuzilma va siyosiy noziklik" qurbonlar haqida xabar berishni cheklagan, ayrim hollarda esa qurbonlar soni haqidagi ma’lumotlar umuman oshkor etilmagan.
"Iroq, Suriya va boshqa mojarolar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, qurbonlarning yakuniy soni ehtimol uzoq vaqt davomida bahsli bo‘lib qoladi va hozirda mavjud raqamlardan ancha yuqori bo‘lishi mumkin", dedi doktor Overton.






























