'Kuf-suf' va damsuv bilan saratonni qanday davolashmoqchi?

    • Author, Mamun Durroniy
    • Role, BBC
  • Published
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Afg‘oniston janubidagi Qandahor shahri chekkasida o‘nlab odamlar oddiy bir uy oldida to‘plangan.

Ular turli savollarga javob topish va hayotlariga tahdid solayotgan kasalliklardan xalos bo‘lish ilinjida kelishgan.

Devorlari rang-barang bezatilgan xonalardan birida kasal erkaklar, ayollaru bolalar o‘tirar yoki yotardi.

Lekin bu yerdagilarning hammasi ham og‘ir ahvolda emas.

Bir burchakda Nido Muhammad Qodiriy o‘tiribdi – odamlar uning oldiga kelishgan.

Oq salla o‘ragan, uzun qora soqolli bu odam o‘zini pir va tabib, deb ataydi.

Qodiriy shishadagi suvni ho‘plab, keyin uni qarshisidagi odamlarga purkaydi.

Uning ta’kidlashicha, Xudoning madadi bilan shu bir oddiy harakat saraton va talassemiya – a’zolar yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin bo‘lgan qon kasalligi - bilan og‘rigan ko‘plab odamlarning mushkulini oson qilmoqda.

Qodiriyning na rasmiy diniy, na tibbiy ma’lumoti bor.

Bir necha yil oldin u oshpaz bo‘lib ishlagan, lekin o‘shanda ham odamlar undan tumorlar so‘raganini urg‘ulaydi.

Uning aytishicha, murojaat qiluvchilarning ahvoli yaxshilangani sari, uning oldiga keluvchilar soni, ayniqsa, saraton bilan og‘rigan bemorlar soni sezilarli darajada oshgan.

Qiyin ahvoldagi tibbiyot

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda har yili 24 ming nafardan ortiq odamda saraton kasalligi aniqlanadi.

Va har yili 17 ming nafarga yaqininson bu xastalikdan vafot etadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, haqiqiy raqamlar bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin, chunki ko‘plab bemorlarga shifoxona va klinikalar yetishmasligi sababli hech qachon rasmiy tashxis qo‘yilmaydi.

Afg‘onistonda odamlar yetarli tibbiy muassasalar yo‘qligi yoki yaqinda Kobulda Tolibon hukumati qurgan onkologik shifoxona kabi noyob tibbiy markazlarga kirish xarajatlari balandligi sababli ham tabiblarga tobora ko‘proq murojaat qilishmoqda.

Mutaxassislarga ko‘ra, turmush tarzi omillari, jumladan, tuzi ko‘p sho‘r ovqatlar iste’mol qilish va nos chekish, shuningdek, ifloslanishning yuqoriligi tufayli Afg‘onistonda saratonga chalinish mintaqada eng yuqoridir.

2021 yilda Tolibon mamlakatni egallab olganidan so‘ng, xorijiy yordamlar keskin qisqartirildi. Masalan, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi Qandahordagi asosiy mintaqaviy tibbiy yordam markazi bo‘lgan Mirvais kasalxonasini moliyaviy cheklovlar tufayli qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatdi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:

Moliyalash to‘xtatilgani sababli shifoxona hozirda yetarli mablag‘ga ega emas.

Bemorlar hatto eng birlamchi dori-darmon va tibbiy ashyolarni ham o‘zlari sotib olishga majburlar.

Bunday yetishmovchilik ta’siri Pokistonga chegara osha oson kirish imkoniyati bois qisman bilinmasdi.

Ya’ni hali bir yarim yil oldin ham janubdagi Qandahor aholisi vizasiz bemalol Pokistonga o‘tib, hatto yengilroq kasalliklarni davolash uchun ham Pokistondagi yaxshiroq jihozlangan shifoxonalarga borishlari mumkin edi.

Ammo Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ortidan o‘rtadagi chegara o‘tish maskanlari bir necha bor yopilgan va hozirgi qat’iy nazoratlar Pokistondan olib kiriladigan dori-darmonlarni ham cheklamoqda.

Bularning barchasi Afg‘onistonning shundoq ham zaif sog‘liqni saqlash tizimiga og‘ir yuk bo‘lib tushdi.

So‘nggi umid

Nazir Ahmad Mayvandvalning rafiqasi Shukriya bir yildan ko‘proq vaqt oldin qattiq bosh og‘rig‘iga yo‘liqqan edi. Ular birgalikda Pokistonga safar qilishdi va u yerda miya o‘smasi tashxisi qo‘yilganidan keyin jarrhonik amaliyoti qilindi.

"Amaliyotdan so‘ng rafiqamning ahvoli yaxshilana boshladi" - deydi Mayvandval - "U biroz to‘lishdi va olti oy davomida hammasi yaxshidek ko‘rindi. Biroq asta-sekin uning salomatligi yana yomonlasha boshladi".

Umidsizlikka tushgan er-xotin shifokorlar maslahati bilan Pokistonga qaytishga qaror qilishadi, ammo o‘sha paytda chegara bepul safarlar uchun yopilgan edi.

"Men Pokiston vizasini olish uchun uch marta ariza topshirdim, lekin har safar rad javobini oldim" - deydi Mayvandval.

"Kobulga bordim, ammo u yerda ham saraton kasalligini davolash markazida radioterapiya yo‘q edi. Uyga hafsalam pir bo‘lib qaytdim".

Shukriya mart oyida vafot etdi. U endigina 24 yoshda edi.

Qandahorlik tabib Qodiriyning aytishicha, odamlar uning uyiga kelaverishadi. Ko‘pchilik so‘nggi umid darchasini izlaydi.

"Menga saraton bilan og‘rigan bemorlar Afg‘onistonning har bir burchagidan keladi, har kuni 250 yo 300 nafar odam keladi, ba’zida ularning soni 400 nafarga ham yetadi" - deydi qandahorlik tabib.

Habibullohning o‘g‘li Asad ulardan biri edi.

Habibulloh o‘g‘lini davolatish uchun qo‘shni Pokistonga borishga muvaffaq bo‘ladi, biroq otaga hech qanday chora yo‘qligini aytishdi.

Unga Asad qolgan umrini oilasi davrasida o‘tkazishi uchun uni uyga olib ketishni maslahat berishadi.

Umidini uzmagan va qandaydir "ko‘ngil xotirjamligi" izlagan Habibulloh Afg‘onistonga qaytib keladi.

U do‘stlaridan Qodiriy saraton bilan og‘rigan ko‘plab bemorlarga shifo berganini eshitgach, o‘g‘li Asadni uning oldiga olib boradi.

Ammo u yerda ham najot topilmaydi.

"Ular o‘g‘limni suratga olishdi-da, uni saqlab qo‘yishni aytishdi. O‘n kundan keyin uning yuzi o‘zgarib, o‘zini ham tanimay qolarkan" - deydi Habibulloh.

Aksincha, Asadning ahvoli yomonlashadi va u kasalxonaga olib ketilayotganda yo‘lda vafot etadi.

"Men o‘g‘limdan ayrildim. Uning besh nafar farzandi yetima, xotini tul qoldi" - deya nola qiladi Habibulloh.

"O‘g‘limni puch va’dalar bilan aldashdi. U pul va tumorlar taklif qildi, lekin saratonni davolamadi" - deydi ota.

Habibullohning da’vo qilishicha, Qodiriy to‘lov sifatida bir qo‘y olganiga qaramay, "nazr va yo‘lkira uchun" katta miqdorda pul ham talab qilgan.

"Qodiriy – firibgar" - deydi u.

Ismini oshkor qilishni istamagan qandahorlik yana bir kishi teri saratonini davolatish uchun ko‘plab ziyoratgohlaru tabiblarga, jumladan, Qodiriyga ham borganini aytadi.

"Qodiriy menga Pokistonga yoki boshqa biror joyga bormaslikni, bitta qo‘y olib kelishni aytdi va Xudo xohlasa, ko‘rmagandek bo‘lib ketishimni aytdi" - eslaydi bu bemor.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Qodiriyning oldiga yetti kun duo olish uchun qatnagan, shuningdek, unga seftriakson ukollari hamda ko-amoksiklav va augmentin xapdorilari berilgan.

Bular turli bakterial infektsiyalarni davolashda qo‘llanadigan kuchli antibiotiklardir.

"Shuncha sa’y-harakatga qaramay, ahvolim o‘zgarmadi. Vaqtimni yo‘qotayotganimni bilardim, shu sababli davolanish uchun Pokistonning Lahor shahridagi Shavkat Xonum kasalxonasiga borishga majbur bo‘ldim".

U o‘sha yerda tibbiy muolaja olib, tuzalgan.

Tibbiy chora

Mutaxassislar seftriaksonni tomirga yuborish kerakligini aytib, bu antibiotiklarning hech biri saratonni davolashda qo‘llanilmasligidan ogohlantirmoqda.

Ularning ta’kidlashicha, mazkur dorilarni mutaxassis shifokor maslahatisiz o‘zboshimchalik bilan qo‘llash xavfli bo‘lib, keyin dori ta’sir etmaslik kabi ko‘plab muammolarga olib kelishi mumkin.

Qodiriy o‘z xizmatlari uchun haq so‘raganini rad etadi, ammo ba’zi odamlar minnatdorsilik sifatida pul taklif qilishlarini aytadi.

"Odamlardan so‘rang" - deydi u.

U, shuningdek, "shifokor bilan maslahatlashgan holda" o‘ziga murojaat qilganlarga dori yozib berishini va hech qachon hech kimni boshqa joydan tibbiy yordam izlashdan qaytarmaganini aytadi.

Afg‘onistondagi eng chorasiz odamlarga bunday xizmatlarni taklif qilayotgan faqat Qodiriy emas.

Nangarhor viloyatida yashovchi Muhammad Aziz Saidiyning aytishicha, uning egizak qizlari talassemiya kasalligiga chalingan va farzandlari tirik qolish uchun har oy qon quydirishga muhtoj bo‘lishgan.

Uning aytishicha, ba’zi qarindoshlarining tavsiyasi bilan qizlarini tabiblarga olib borgan, ammo ularning ahvoli og‘irlashgan.

"Ayrimlari parhez buyurdi, boshqalari esa dam solingan suv berdi" – deydi Saidiy – "Ammo hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi. Keyinroq tibbiy davolanishni boshladik va hozir ularning ahvoli ancha yaxshi".

Mutaxassislar ibodat va azayimxonlik surunkali hamda hayot uchun xavfli kasalliklar bilan yashayotganlarga ruhiy dalda va taskin berishi mumkinligini, biroq ular tibbiy muolaja o‘rnini bosa olmasligini ta’kidlashadi.

Ayni paytda bu - umidi so‘nayozgan va so‘nggi najot sifatida Qandahordagi o‘sha oddiy uy oldida tabib oldiga kirish uchun sabr bilan navbat kutayotgan bemorlar uchun og‘ir maslahat.

BBC Global Journalism ham maqolaga hissa qo‘shgan.