Isroil ilk bor BMTning jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha qora ro‘yxatiga kiritildi

    • Author, Emir Nader
  • Published
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Isroil birinchi marta BMTning urush hududlarida jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan tomonlar qora ro‘yxatiga kiritildi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterresh idorasi tayyorlagan hisobotga ko‘ra, tashkilot o‘tgan yili Isroil kuchlari tomonidan G‘azo va G‘arbiy sohildagi falastinliklarga qarshi sodir etilgan 31 ta jinsiy zo‘ravonlik holatini tasdiqlagan. Ularning 13 tasi 2025 yilga, 18 tasi esa undan avvalgi ikki yilga to‘g‘ri keladi.

BMT hisobot barcha holatlarni qamrab olmasligini, balki qayd etilgan hodisalar va ulardagi muayyan tendentsiyalarni aks ettirishini ta’kidladi.

Isroil jinsiy zo‘ravonlik haqidagi ayblovlarni rad etib, BMT Bosh kotibi idorasi bilan aloqalarni to‘xtatish niyatida ekanini bildirdi.

Isroilning BMTdagi elchisi Danni Danon (payshanba kuni) Guterreshni "antisemitik yolg‘onlarni tarqatishda" aybladi. Isroilning BMTdagi missiyasi esa Guterresh xalqaro tashkilot rahbari lavozimida qolar ekan, uning idorasi bilan muloqot qilmasligini bildirdi.

Hisobotga ko‘ra, BMT tasdiqlagan holatlar 14 nafar erkak, yetti nafar ayol, to‘qqiz nafar o‘g‘il bola va bir nafar qiz bolaga nisbatan sodir etilgan.

Unda Isroil armiyasi, politsiyasi va jazoni ijro etish tizimi xodimlari tomonidan zo‘rlash, guruh bo‘lib zo‘rlash, majburan yalang‘och qilish hamda jinsiy a’zolarga tajovuz qilish kabi zo‘ravonlik holatlari sodir etilgani aytilgan.

BMTning bildirishicha, masalani to‘liq tekshirishga qaratilgan harakatlarga Isroil hukumati to‘sqinlik qilgan. Shuningdek, zo‘ravonlik holatlari haqida xabar berilmasligi uchun mahbuslarga tahdid qilingan.

O‘tgan yili HAMAS ham BMTning "Mojarolar bilan bog‘liq jinsiy zo‘ravonlik" haqidagi hisobotiga kiritilgan edi.

BMTning ma’lum qilishicha, G‘azoda garovda tutilib ozod etilgan 12 kishi HAMAS qo‘lida bo‘lgan vaqtda jinsiy zo‘ravonlikka uchraganini aytgan.

Biroq tashkilot mazkur da’volarni mustaqil ravishda tasdiqlay olmaganini bildirdi. BMTga ko‘ra, Isroil hukumati tekshiruv o‘tkazish uchun tashkilotning tegishli organlariga kirish imkonini bermagan.

Guterreshning aytishicha, o‘shanda Isroilga "ogohlantirish" berilgan va ko‘plab ayblovlarni tekshirish hamda falastinlik mahbuslarni saqlash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rishga chaqirilgan.

Shundan buyon bir qator shov-shuvli ishlar falastinlik mahbuslarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik tizimli tus olgan bo‘lishi mumkinligiga ishora qilgan.

Keng muhokamalarga sabab bo‘lgan holatlardan birida Sde Teyman saqlash muassasasida G‘azodan keltirilgan mahbusga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilayotgandek ko‘ringan besh nafar isroillik qo‘riqchi sizdirilgan videokuzatuv tasvirlarida ko‘ringan.

Keyinchalik uni tekshirgan shifokor erkakning to‘g‘ri ichagida mazkur da’volarni tasdiqlovchi jarohatlar borligini aniqlagan. Ish xalqaro miqyosda katta e’tibor qozonganiga qaramay, joriy yil mart oyida Isroil armiyasining bosh huquqshunosi qo‘riqchilarga nisbatan qo‘yilgan ayblovlarni bekor qilgan.

O‘tgan dekabrь oyida ikki nafar falastinlik erkak BBC'ga Isroil saqlash muassasalarida mahbus bo‘lgan vaqtda qiynoqlarning bir qismi sifatida jinsiy zo‘ravonlikka duch kelganini da’vo qilgan.

O‘sha paytda Isroil qamoqxonalar xizmati BBC'ga u "qonunga to‘liq muvofiq" ishlayotganini va mazkur da’volardan xabardor emasligini aytgan.

BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi o‘tgan noyabr oyida Isroil qamoqxonalaridagi falastinlik mahbuslarga nisbatan "tashkillashtirilgan va keng ko‘lamli qiynoq hamda nomaqbul munosabat de-fakto davlat siyosatiga aylanganini ko‘rsatuvchi xabarlar"dan qattiq tashvishda ekanini bildirgan.

Qo‘mitaga ko‘ra, bu kabi ayblovlar 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS boshchiligidagi hujumlardan keyin keskin kuchaygan.

Yaqinda New York Times nashri jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlangan 14 nafar falastinlikning guvohliklari asosida tayyorlagan hisobot ham Isroil hukumatida keskin norozilik uyg‘otdi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va tashqi ishlar vaziri Gideon Saar qo‘shma bayonotda New York Times nashri ustidan tuhmat bo‘yicha da’vo qo‘zg‘atishlarini ma’lum qildi. Ular mazkur hisobotni "zamonaviy matbuotda Isroil davlatiga qarshi chop etilgan eng jirkanch va haqiqatni buzib ko‘rsatgan yolg‘onlardan biri" deb atadi.

G‘azodagi urush davomida bir qator inson huquqlari tashkilotlari Isroil harbiylari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun javobgarlikning yo‘qligi va ularning jazosiz qolayotganini tanqid qilib kelmoqda.

O‘tgan yili Action on Armed Violence (Qurolli zo‘ravonlikka qarshi harakat) tadqiqot o‘tkazuvchi tashkilot G‘azodagi urush boshlanganidan beri askarlar tomonidan sodir etilgan ehtimoliy jinoyatlar bo‘yicha Isroil olib borgan tekshiruvlarning qariyb har o‘ntasidan to‘qqiztasi aybdor aniqlanmasdan yoki yakuniy xulosaga kelinmasdan yopilganini ma’lum qildi.

Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, o‘rganilgan 52 ta ishdan faqat bittasi qamoq jazosi bilan yakunlangan.

Isroil armiyasi esa hisobotga javoban, harbiy operatsiyalar davomida sodir bo‘lgan va qonun buzilgan bo‘lishi mumkinligi haqida shubha tug‘dirgan alohida holatlar yuzasidan tekshiruv va surishtiruvlar o‘tkazilishini bildirdi.

Armiyaning qo‘shimcha qilishicha, huquqbuzarlik sodir etilganiga asosli shubha mavjud bo‘lganda, Isroil qonunchiligi va xalqaro huquq bo‘yicha majburiyatlariga muvofiq jinoiy tergov ochiladi.

Rossiya kuchlari ham qora ro‘yxatga kiritildi

Shu bilan birga, Rossiya qurolli kuchlari va xavfsizlik tuzilmalari ham birinchi marta BMTning mazkur qora ro‘yxatiga kiritildi. BMT ularni Ukrainadagi urush davomida harbiy asirlar va qo‘lga olingan oddiy fuqarolarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganlikda ayblamoqda.

Hisobotga ko‘ra, Rossiya va Rossiya nazorati ostidagi Ukraina hududlarida mojaro bilan bog‘liq 310 ta jinsiy zo‘ravonlik holati aniqlangan. Ular orasida zo‘rlash va jinsiy a’zolarga shikast yetkazish holatlari ham bor. Bu holatlardan jabrlanganlar orasida 280 nafar erkak, 26 nafar ayol va to‘rt nafar qiz bola bo‘lgan.

Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqinni 2022 yil fevral oyida boshlagan edi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga hisobotni olqishlab, uni "haqiqat va javobgarlik sari og‘riqli yo‘ldagi muhim qadam" deb atadi. Rossiya tomoni hozircha bu hisobot yuzasidan ochiq izoh bermagan.