"Bolam tug‘ilguncha homilador ekanimni umuman bilmaganman". Bu qanday holat?

    • Author, Nia Prays
    • Role, BBC News
  • Published
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Homilador ekanligini bilmagan ayol o‘zi ishlagan go‘zallik salonida yolg‘iz tuqqanini, chaqalog‘i kindigini qosh qaychisi bilan kesganini tasvirlab berdi.

Brayoni Mills-Evans aytishicha, u farzand ko‘rishni rejalamagan, ammo homiladorlik belgilari bo‘lmasa-da, 23 yoshida kutilmaganda ona bo‘lib qolgan.

Akusherlik bo‘yicha professor kriptik homiladorlik, ya’ni ayol o‘zining homiladorligini juda kech bo‘lguncha yoki Brayonining holatidagi kabi tug‘ruq paytigacha bilmasligini "kam uchraydigan, ammo juda nodir bo‘lmagan holat" deb ta’riflaydi.

Bunday homiladorlik haqida ma’lumotlar kamligini bilgan Brayoni boshqalar ham o‘zlarini yolg‘iz his qilmasligi uchun bu haqda xabardorlikni oshirishga qaror qildi.

Tadqiqot ko‘rsatishicha, Buyuk Britaniyada har yili taxminan 325 ta kutilmagan tug‘ruq holati kuzatiladi.

Pardozchi ayol tuqqan kuni Pauisdagi Nyutaun shahrida ishda edi. So‘nggi mijozi bilan ishini tugatgach, u og‘riq his qildi, ammo buni hayz og‘rig‘i deb o‘yladi.

"Men tor kolgotkada edim, shuning uchun orqa tomondagi yotoqqa borib, ularni yechdim, og‘riqni yengillashtirar deb o‘yladim," deydi u.

"U yerda yotganimdan so‘ng 10 daqiqa ichida chaqaloqning boshi chiqdi.

Men hojatga kirgandek bo‘ldim, egilib qaraganimda uning boshini ko‘rdim."

Brayoni instinktiv ravishda itarishni boshladi va 3,1 kg og‘irlikdagi qizi Uillouni dunyoga keltirdi.

"Nima qilishni bilmasdim. Telefonim o‘chib qolgandi va boshqa xonada edi, shuning uchun karavotda biroz yotdim," deydi u.

"Birozdan so‘ng uning kindigi oqara boshlaganini payqadim. Yonimda qosh qaychisi bor edi. Chaqaloqlar haqida hech narsa bilmasam-da, kindikni shu qaychi bilan kesib, chaqaloqni sochiqlarga o‘rab qo‘ydim."

Shundan so‘ng Brayoni hojatxonaga borishdan oldin telefonini quvvatlashga shoshildi.

"Yo‘ldosh ham chiqishi kerakligini bilmagan ekanman. Bu yana bir chaqaloq deb o‘ylab, battar vahimaga tushdim," deb eslaydi u.

999 raqamiga qo‘ng‘iroq qilgandan so‘ng, Brayoni kasalxonaga yuborildi.

Yo‘lda tez yordam xodimlari savollar berganda, u onasiga "Hozirgina farzandli bo‘ldim, xavotir olmang, ikkimiz ham yaxshimiz" degan mazmunda xabar yozdi.

"Chaqaloqni ertasi kuni ertalabgacha qo‘limga olmadim," deydi u.

"Men chindan qo‘rqib ketgandim, chunki atigi 23 yoshda edim va hech qachon farzand ko‘rishni xohlamaganman."

Brayonining aytishicha, onasi yangi chaqalog‘iga ism qo‘yishni taklif qilgandan keyingina u biroz tinchlana boshlagan.

"Bu shok edi. Hamma menga doim «juda qo‘rqqan bo‘lsang kerak» deydi.

Qo‘rqqanimni unchalik eslay olmayman, bu shunchaki boshqa ilojingiz yo‘q bo‘lganda harakat qilaverishga o‘xshardi."

Brayonining aytishicha, unda homiladorlik belgilaridan hech biri yo‘q edi, hatto qorni ham kattalashmagan.

"Odamlar "qanday qilib bilmasliging mumkin?» deb so‘rashadi. Men "agar har oyda hayz ko‘rib turgan bo‘lsangiz, homiladorligingizni tekshirasizmi?" deb javob beraman," deydi u.

Homilador paytida Brayoni Alton Towers attraktsionlar parkiga borgan, musiqa festivallarida qatnashgan, Polshaga sayohat qilgan.

Ajablanarlisi shundaki, unga qizi Uillou "ajin bosgan keksaga o‘xshash" ko‘rinishi tufayli taxminan ikki hafta kechikib tug‘ilgan bo‘lishi mumkinligini aytishgan.

"Belim og‘rirdi, lekin bu har doim shunday edi, chunki bo‘yim 1.80 va har kuni ishda egilib o‘tiraman, shuning uchun bu odatdagidan kuchliroq og‘riqmasdi," deydi u.

Stirling universitetining ona va bola salomatligini o‘rganish bo‘yicha professori Helen Cheynning aytishicha, Brayonining sirli homiladorligi qanday bo‘lgani "noma’lum".

U shunday deydi: "Bu aslida yaxshi o‘rganilmagan hodisalardan biri va menimcha, odamlar uchun tushunish juda qiyin – qanday qilib ayol homiladorligini bilmasligi mumkin?

Bizda «ayol homilador bo‘lgani zahoti buni biladi» degan tushuncha bor, ammo doim ham unday emas."

Professor Cheynning tushuntirishicha, homiladorlikni tekshirishning zamonaviy usullaridan oldin ayollar homiladorlikni ko‘rsatadigan nozikroq belgilar, masalan, chaqaloqning harakatini his qilib bilgan. Bu odatda birinchi marta ona bo‘lgan ayollarda taxminan 20 haftagacha sezilmaydi.

Uning aytishicha, kriptik homiladorlikning tibbiy ta’rifi yo‘q va ular haqida to‘plangan ma’lumotlar ham yetarli emas.

"Ular kam uchraydi, lekin juda nodir emas," deydi u.

Mening aksar akusher hamkasblarim o‘z amaliyotlarida bunday holatga duch kelishgan yoki bu haqda kamida eshitishgan.

1980-yillar boshida doya bo‘lib ishlayotgan paytida, professor Cheyn 40 yoshlar o‘rtalaridagi bir ayol bilan uchrashgan. Uning boshqa farzandlari ham bor ekan. Ayol o‘zida kriptik homiladorlik bo‘lganini aytgan.

Ayolning aytishicha, u menopauzaga kiryapman deb o‘ylagan, shuning uchun vazni oshayotganini va hayz ko‘rishi to‘xtaganini sezgan.

Professor Cheynning ta’kidlashicha, kriptik homiladorlik kamdan-kam uchragani sababli, ayollar bundan xavotirlanmasligi kerak.

Brayoni tug‘ishidan oldin Uillouning otasi Robert Evans bilan ajrashganiga bir necha oy bo‘lgandi.

Robert bu paytda safarda bo‘lgani uchun, Brayoni unga bu xabarni qizi tug‘ilganidan bir necha kun o‘tgach yetkazdi.

"U qattiq hayajonlandi – darhol menga qo‘ng‘iroq qildi va ertasi kuni ertalab qizini ko‘rgani keldi," deydi u.

"Biz kun bo‘yi uyda o‘tirib, bo‘lib o‘tgan voqeani angladik... bu haqiqiy hayotga qaytishdan oldin kerakli narsa edi".

Ota-ona bo‘lganlaridan olti oy o‘tgach, ular yana bir-birlariga mehr qo‘yishdi.

Uillou tug‘ilganidan to‘rt yil o‘tib, er-xotin ikkinchi farzandlari Parker Mills-Evansni dunyoga keltirdilar.

Brayonining aytishicha, uning ikkinchi homiladorligi butunlay boshqacha kechgan.

"Parkerda bo‘lgan barcha belgilar Uillouda umuman bo‘lmadi."

Uillou hozir besh yoshda va Brayoni kutilmaganda tug‘ilgan qizisiz hayotini tasavvur qila olmasligini aytadi.

"Yaqinda o‘z hikoyamni gapirib berishga qaror qildim, chunki kriptik homiladorlik haqida ma’lumot va yordam yetarli emas," deydi u.

"Bunday holatni boshidan kechirgan ayollar yolg‘iz emasliklarini, ular kabi boshqalar ham borligini bilishlarini xohlayman."