O‘zbekistonning yana ikki qishlog‘i Qirg‘izistonga o‘tdi. Kelishuv ortida nima bor?

    • Author, Sanjar Eraliev
    • Role, bbc.com/uzbek
    • Reporting from, Bishkek
  • Published
  • O'qilish vaqti: 4 daq

O‘zbekistonning yana ikki qishlog‘i aholisi bilan birga Qirg‘iziston tarkibiga o‘tdi. Bu haqda Bishkek rasmiylari ma’lum qildi. Toshkent tomoni esa hozircha rasman izoh bermagani ayrim faollar orasida muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi Asqat Alagozov 23-iyun kuni Facebook sahifasida yozishicha, O‘zbekistondan Qirg‘iziston tarkibiga o‘tgan ikki qishloqda taxminan 2500 nafar aholi yashaydi.

"Gap avval Farg‘ona viloyati tarkibiga kirgan Cho‘ngara va Tosh-Tepa qishloqlari haqida ketmoqda. Bu qishloqlarda etnik qirg‘izlar yashaydi. Endi ushbu ikki qishloqda ro‘yxatga olish ishlari o‘tkazilib, aholiga Qirg‘iziston fuqaroligi beriladi. Mazkur qishloqlar evaziga Qirg‘iziston tomoni O‘zbekistonga chegara hududidan teng miqdorda yer ajratdi. Bundan tashqari, Soy qishlog‘idan Tayan qishlog‘i tomon avtomobil yo‘li qurish uchun 236 gektar yer maydoni tengma-teng almashildi", dedi u va bu masaladan siyosiy bahs yasamasligini so‘radi.

Alagozov shuningdek almashilgan yerlar chizilgan haritaning bir qismini ham e’lon qilgan.

Mazkur qaror haqida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovning Qirg‘izistonga xizmat safar borgan paytda e’lon qilindi. Biroq hozircha O‘zbekiston hukumati portali yoki rasmiy ijtimoiy tarmoq sahifalarida ushbu o‘zgarish yuzasidan ma’lumot berilmagan.

Rasmiy axborotning yo‘qligi esa ayrim o‘zbekistonlik faollar va jurnalistlar e’tiborini tortdi. Maxalliy nashriyotlar esa Qirg‘iziston tarqatgan malumot asosida bu xabarni yoritishyapti.

"Tasavvur qilyapsizmi? Shuncha katta ishlar bo‘lyapti, davlatning yeri, minglab tirik odamlari bor butun boshli qishloqlar ikkinchi davlatga o‘tkazilyapti-yu, o‘zbekistonliklar bu strategik yangiliklarni Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibining Feysbugi orqali o‘qiyapti. Biznikilar bu haqda hatto kichik post yozib qo‘ymadi", deydi jurnalist Ilyos Safarov.

Tarmoq faoli Dima Qayum esa "Cho‘ng‘arani berib qayerdan yer oldik?" degan savol qo‘ydi.

"Agar So‘x tumaniga koridor berilgan bo‘lsa, yaxshi kelishuv... Agar koridor berilmagan bo‘lsa qayerdan yer berildi va alishishdan qanday foyda bizga? Cho‘ng‘aradagi maktab o‘quvchilar, oliygohlarimizda o‘qiyotgan yoshlar qiziq ahvolga tushib qolishsa kerak", deb yozdi u Facebook sahifasida.

Qirg‘izistonga avval ham bitta qishloq berilgan

Bu Qirg‘iziston tarkibiga o‘tayotgan birinchi aholi punkti emas. 2024-yilda Farg‘ona viloyatiga qarashli Qora-Yantoq qishlog‘i Qirg‘izistonning Botken viloyatidagi Qadamjoy shahri tarkibiga qo‘shilgan edi. Qirg‘iziston rasmiylari bu qaror ikki davlat o‘rtasida davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha hukumatlararo komissiya kelishuvlari asosida qabul qilinganini bildirgan. U yerda ham aholining asosiy qismi qirg‘iz millatiga mansub.

Qora-Yantoqda hozir ham ikki davlat valyutasi - qirg‘iz somi va o‘zbek so‘mi muomalada. Qishloq ko‘chalarida O‘zbekiston davlat raqami bilan harakatlanuvchi avtomobillarni ham ko‘p uchratish mumkin.

2024-yilda Qirg‘iziston O‘zbekiston hududidagi Baraq eksklavini to‘liq O‘zbekiston tasarrufiga o‘tkazgani, evaziga esa boshqa hududdan 208 gektar yer olgani rasmiy ma’lum qilingan. Baraq qishlog‘ida yashovchi aholi Qirg‘iziston hududiga ko‘chirilgan. Ular uchun O‘sh viloyatida Yangi-Baraq nomli yangi qishloq barpo etilib, 100 ta uy qurilgan.

Bahslar, hibsga olishlar va ikki xil vaqt

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegarani aniqlash bo‘yicha asosiy ishlar 2022–2023 yillarda amalga oshirilgan bo‘lsa, jarayonning yakuniy bosqichi 2025-yilga to‘g‘ri keldi.

Ikki davlat o‘rtasidagi chegara masalasi Markaziy Osiyodagi eng uzoq davom etgan hududiy kelishuv jarayonlaridan biri hisoblanadi. Uning yechimiga erishish uchun 30 yildan ortiq vaqt sarflangan.

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 2022-yil parlamentdagi nutqida Qirg‘iziston bilan avval kelishilmagan 35 ta uchastka bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilganini, muzokaralar esa besh yildan ortiq davom etganini aytgan. Qirg‘iziston tomoni esa kelishuv natijasida qo‘shni davlatdan 19 ming gektardan ziyod yer olganini ma’lum qilgan.

Keyinchalik ikki mamlakat parlamentlari kelishuvlarni ma’qulladi. Prezidentlar Davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma hamda Kampirobod suv omborini birgalikda boshqarish haqidagi bitimni ratifikatsiya qildi.

Chegara masalasi bo‘yicha kelishuvga erishilgani 2023-yil yanvar oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Bishkekka davlat tashrifi chog‘ida rasman e’lon qilingan.

Shu bilan birga, kelishuvning ayrim bandlari Qirg‘izistonda bahslarga sabab bo‘lgan. Xususan, Kampirobod suv ombori ostidagi yerlarni boshqa hududlar evaziga O‘zbekistonga berish qarori jamiyatning bir qismi tomonidan tanqid qilingan.

Natijada mamlakatda "Kampirobod ishi" deb nom olgan jinoyat ishi ochilib, 2022-yil kuzida 30 ga yaqin siyosatchi va faol qamalgan. Bir yarim yil o‘tgach, Bishkek tuman sudi ularni oqlagan.

Turli noroziliklarga qaramay, ayrim ekspertlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara kelishuvlarini Markaziy Osiyodagi chegaraviy bahslarni tinch yo‘l bilan hal qilishning muhim namunasi sifatida baholaydi.

Skip Ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz:

O‘zbekistonning Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlari Qirg‘izistonning O‘sh, Botken va Jalolobod viloyatlari bilan chegaradosh. Chegaraning umumiy uzunligi 1314 kilometr.

Ayrim hududlarda davlat chegarasini bir yo‘l yoki bir devor ajratib turadi. Ammo qo‘shnilar ikki xil vaqt mintaqasida yashaydi. Ya’ni, Qirg‘iziston vaqti O‘zbekiston vaqtidan bir soat oldinda.

Ikki yil avval Qirg‘iziston tarkibiga o‘tgan Qora-Yantoq qishlog‘i aholisining aytishicha, ularning elektron soatlari hanuz Toshkent vaqti bilan ishlamoqda.

Yaqin yillargacha O‘zbekiston va Qirg‘izistonning Farg‘ona vodiysidagi chegaralari mintaqadagi eng murakkab hududlardan biri deb sanalgan. Chegara masalasi ko‘p yillar davomida muammoli bo‘lib, hatto odamlar o‘limiga olib kelgan mojarolar ham bo‘lgan.

Islom Karimovning prezidentlik davrida O‘zbekiston bir necha yil chegaralarni bir tomonlama yopib qo‘ygan. 2016-yilda esa ikki davlat harbiylari Ungar-Tepa degan kichik tog‘ yaqiniga joylashtirilganda, chegara masalasi urushga aylanishi mumkinligi haqida xavotirlar kuchaygan.

Chegara muammolarini hal qilish jarayoni 2017-yildan boshlangan.