Jahon chempionati-2026: Ispaniya yoki Argentina? Kim yangi jahon chempioni bo‘ladi – O‘zbekistondan munosabat

Messi va Yamal

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, 20 iyul kuni Nyu-Yorkda futbol bo‘yicha yangi jahon chempionining nomi ma’lum bo‘ladi. Amaldagi Yevropa chempioni Ispaniya jahon chempioni, Janubiy Amerika Kubogi sohibi Argentina bilan to‘qnashadi. Yamal va Messi bir-biriga qarshi maydonga tushadi.
Published
O'qilish vaqti: 8 daq

O‘zbekistonda kafe va restoranlar, choyxonalardagi ulfatlar davrasida finalni orziqib kutayotganlar shunchalik ko‘pmi?Har ikki milliy terma jamoaning ishqibozlari esa O‘zbekistonda ham ozmuncha emas. Bu yana O‘zbekiston debyut qilgan jahon chempionati ham bo‘ladi.

Tarixiy jahon chempionati

O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, O‘zbekiston 34 yil deganda ilk bor jahon chempionatiga chiqqan, bunday tarixiy yutuqqa erishgan birinchi Markaziy Osiyo davlati bo‘lgan va birinchilikda yakka o‘zi butun postsovet makonini namoyon etgandi.

O‘zbekistonliklarning birlari bugun "Real"u "Barsa" uchun Ispaniya taraf. Yana Yamalning ishqibozi.

Boshqalari esa, birgina yulduz Messining o‘zi uchun Argentina, deb turibdi.

Ammo bu O‘zbekistonning o‘zi ham debyut qilgan jahon chempionati bo‘ladi.

O‘zbekiston 34 yil deganda ilk bor jahon chempionatiga chiqqan, bunday tarixiy yutuqqa erishgan birinchi Markaziy Osiyo davlati bo‘lgan va birinchilikda yakka o‘zi butun postsovet makonini namoyon etgandi.

O‘zbekiston jahon chempionatidagi ilk ishtirokini guruh bosqichida yakunlagan, ammo shunda ham birinchilikda o‘zining tarixiy gollarini kiritish, kiritgan to‘plari bilan qo‘shaloq rekordlarni yangilash, ulardan birining hatto eng zo‘ri, deb topilishiga ham muvaffaq bo‘lgan.

Futbolsevarlikda esa, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning "Braziliya"siga qiyos beriladi.

Jahon futbolidagi biror bir yangilik, ta’bir joiz, e’tibordan chetda qolmaydi.

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Endi esa xuddi ana shu jahon chempionati o‘zining qiyomiyu poyoniga yetmoqda.

Birinchilik besh haftalik kurashdan so‘ng o‘zining hal qiluvchi pallasiga kirayotir.

Yakshanba kuni Nyu-Yorkda futbol bo‘yicha yangi jahon chempionining nomi ma’lum bo‘ladi.

103 uchrashuv ortda qolib, final - 104chisida Ispaniya va Argentina bir-birlariga qarshi maydonga tushadi.

Amaldagi Yevropa chempionlari jahon va Janubiy Amerika chempioni bilan to‘qnashadi.

Tarixda ilk bor bir Yevropa qit’asi vakili finalda Janubiy Amerika termasi bilan kuch sinashadi.

Ispaniya 16 yil deganda qayta, Argentina esa ketma-ket ikkinchi bor jahon chempioni bo‘lmoqchi.

Argentina umid qilayotgan yutuqqa esa 1962 yilda faqat Braziliya muvaffaq bo‘lgan, xolos.

Ispaniya yarim finalda jahon chempionligiga eng asosiy da’vogarlardan biri Frantsiya, Argentina esa Angliyani mag‘lub etib finalga chiqqan, yutqazib turgan joyida qaytish qilib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.

Ilk bor keng formatda tashkil etilgan bu yilgi jahon chempionatiga birvarkayiga dunyoning uch davlati – Meksika, Kanada va Amerika Qo‘shma Shtatlari mezbonlik qilgan.

Final uchrashuviga mezbonlik qilish sharafi esa Amerika Qo‘shma Shtatlariga nasib etgan.

Qanchalik qimmat va daromadli ekani bilan ham rekord o‘rnatishi aytilgan bu yilgi jahon chempionati eng ziddiyatlilaridan biri o‘laroq ham tarixga kiradi.

Final oldidan O‘zbekistondagi kayfiyat

O‘zbekiston prezidenti to‘p tepayotgan holat.

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatidagi Futbol assotsiatsiyasi markazi va "Neftchi" bolalar futbol akademiyasiga 28 aprel kungi tashrifi chog‘ida o‘zlarining yoshliklarida qanday futbol o‘ynaganliklari tafsilotlari bilan ham o‘rtoqlashgandi.

O‘zbekistonning futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi ilk ishtiroki mamlakatning o‘zi qolib, mintaqada ham katta qiziqishga sabab bo‘lgan.

Butun O‘zbekiston bo‘ylab maxsus fan-zonalari tashkil qilingan, ko‘plab o‘zbekistonliklar milliy terma jamoaning o‘yinlarini katta ekranlar orqali kuzatishgan.

Yomg‘ir bo‘ladimi yoki boshqa, har qanday noqulayliklarni pisand bilishmagan.

Uchrashuv vaqti erta tongga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa-da, milliy terma jamoaga ko‘pchilik bo‘lib ishqibozlik qilishgan.

Xuddi shu manzarada O‘zbekiston prezidentining ishqibozligi va qo‘llovi ham e’tiborga tushgan voqe’likka aylangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent mezbonlik qilgan Xalqaro Investitsiya forumida ishtirok etayotgani yoki Namanganda xizmat safarida ekaniga qaramay, terma jamoaning jahon chempionatidagi ishtirokini nazardan qochirmagan.

Milliy terma jamoaga ketma-ket omad tilab, ruhlarini ko‘tarishga uringan, yakunida ham ularning jahon chempionatidagi ishtirokining o‘ziyoq "g‘alaba" ekanligini aytgan, futbolning rivoji uchun bundan buyog‘iga ham hamma shart-sharoitni yaratib berishga va’da qilgan.

Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatidagi Futbol assotsiatsiyasi markazi va "Neftchi" bolalar futbol akademiyasiga 28 aprel kungi tashrifi chog‘ida o‘zlarining yoshliklarida qanday futbol o‘ynaganliklari tafsilotlari bilan ham o‘rtoqlashgandi.

O‘zbekiston prezidentining milliy terma jamoa debyut qilgan jahon chempionati final uchrashuvini qaerda, qanday tomosha qilish rejasida ekani yoki yo‘qligi tafsilotlari hozircha ma’lum emas.

Toshkentdagi muxbirimiz Alibek Beyjanovning aytishicha esa jahon chempionatining final o‘yini butun O‘zbekiston bo‘ylab kafe, barlar va choyxonalarda namoyish etiladi.

Muxbirimizga ko‘ra, muassasalar bu haqda allaqachon ijtimoiy tarmoqlar orqali reklama qilishni ham boshlab yuborishgan.

Yangi jahon chempionini aniqlab beruvchi final o‘yinini galalashib ko‘rish, o‘zlari sevgan terma jamoalarga ishqibozlik qilish rejasidagi o‘zbekistonliklar esa oz emas, deydi u.

Muxbirimizning aytishicha, o‘zi ham final uchrashuvini do‘stlari bilan birga, biror kafe yoki barda tomosha qilmoqchi.

Final uchrashuvi Toshkent vaqti bilan yarim tunda – tungi 24:00 da boshlanadi.

Uning aytishicha, bu ham aksariyat futbol ishqibozlarining final uchrashuvini qaerda qanday ko‘rish rejalariga ta’sir qila olmagan.

O‘zbekiston va jahon chempionatidagi tarixiy ishtirok - videoni ko‘rish uchun quyida ilova qilingan linkni bosing:

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Ishqibozlik

O‘zbekistonlik futbol ishqibozi

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Futbolsevarlikda O‘zbekiston Markaziy Osiyoning "Braziliya"siga qiyos beriladi.

BBC O‘zbek xizmati final uchrashuvi arafasida poytaxt Toshkentda o‘zbekistonliklarga mikrofon ham tutdi.

O‘zbekistonliklarning qay bir finalchiga, nima uchun ishqibozlik qilishayotgani va ularning nazdlarida yangi jahon chempioni kim bo‘lishi mumkinligi bilan qiziqdi.

"Menimcha, Argentina yutsa kerak. Chunki oxirgi payt Messi so‘nggi daqiqalarda ko‘p gol urayapti. Men Argentinaga ishqibozlik qilmoqchiman. Chunki yoshlikdan Messiga muxlislik qilib kelaman. Shuning uchun ham, oxirigacha qo‘llab-quvvatlab turish kerak", - deydi ulardan biri.

"Ispaniya jahon chempioni bo‘lsa kerak. Argentinaga qaraganda, Ispaniyada yosh avlod vakillari ko‘proq. To‘g‘ri, Argentinada tajriba ko‘p. Lekin yosh avlod olib ketadi. O‘zim aslida Angliyaga ishqibozlik qilgan edim. Ammo Angliya chiqib ketdi. Hozir endi Ispaniyaga", - deydi boshqa bilan suhbatdosh.

Yana birining aytishicha ham, "bu safar Ispaniya jahon chempioni bo‘ladi".

Ammo, shunday derkan, o‘zining "qaysi biri zo‘r o‘ynasa, o‘shanga ishqibozlik qilishi"ni aytadi.

"O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirok etganligi uchun ham bu yilgi jahon chempionati o‘yinlarini qiziqish bilan kuzatib bordim. Hozir final o‘yini yaqinlashmoqda. Ispaniya bilan Argentina o‘yini. Ispaniyada yorqin yulduzlardan biri – Yamal bo‘lsa, Argentinada, bilamiz, Messi. Menimcha, juda ko‘p o‘zbekistonliklar bu o‘yinni albatta qiziqish bilan ko‘rishadi, deb o‘ylayman. To‘g‘ri, Messi ancha yillardan beri futbola o‘z o‘rnini ko‘rsatib kelayapti. Lekin men Yamalning muvaffaqiyatga erishishini xohlayman. Ya’ni, yosh bo‘la turib, butun dunyoga yoshlarning yutuqlarga erisha olishini ko‘rsatib berishini istayman. O‘zim ham Ispaniyaga muxlislik qilaman", - deydi talaba qiz boshqa bir suhbatdosh.

Yana birlari ham "Ispaniya jahon chempioni bo‘lsa kerak", degan fikrda.

"O‘zimga ham ko‘proq Ispaniya yoqadi. O‘yini ko‘nglimdan joy olgan. O‘yinchi sifatida Yamalni ham yoqtiraman. Argentinaning kambek taktikasiga kelsak, o‘yin qanday bo‘ladi, hali bilmaymiz. Bu har doim ham ish beravermaydi. Ya’ni, qachondir pand berishi mumkin", - deya o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashadi u.

Final uchrashuvi arafasida olingan ayrim xabarlarga ko‘ra esa, Braziliyada "Poti" laqabli yaguar Ispaniyaga qarshi final uchrashuvida Argentinaning g‘alabasini bashorat qilibdi, ularning davlat bayrog‘i tushirilgan qutini hidlabdi.

So‘nggi yillarda shakllangan an’anaga muvofiq esa futbol bo‘yicha bu yilgi jahon chempionati ham turli hayvonlarning bashoratisiz kechmayotir.

Jahon chempionligiga da’vogarlardan biri sifatida ko‘rilgan Braziliyaning o‘zi esa Norvegiyaga yengilib, nimchorak finalidanoq pastga qulagan.

O‘zbekistonlik mutaxassis fikri

Аброр Имомхўжаев
screenshot
Shu paytgacha jahon chempionatida faqat Janubiy Amerika va Yevropa jamoalari g‘olib chiqishgan bo‘lsa-da, finalda ular umuman bir-biriga raqib bo‘lmagandi.
Abror Imomxo‘jayev
Sport sharhlovchisi, Toshkent (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Abror Imomxo‘jaev

Sport sharhlovchisi, Toshkent

Syurpriz bo‘lgani yo‘qmi?

Abror Imomxo‘jaev: Finalga Argentina va Ispaniyaning yetib kelishi meni hayron qoldirgani yo‘q.

Men boshidan bu ikki jamoani g‘oliblar safiga qo‘shganman.

Bunga ushbu jamoalar ko‘rsatib kelayotgan o‘yindan tashqari, boshqa omillar ham bor.

Va finalda aynan ularning to‘qnash kelishi xuddi oldindan belgilangandek tasavvur uyg‘otadi.

Birinchidan, Yevropa chempioni Ispaniya va amaldagi jahon chempioni, Janubiy Amerika Kubogi sohibi Argentina shu yilning mart oyida Qatarda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Finalissimada to‘qnash kelishlari belgilangan edi.

Lekin Yaqin Sharqda boshlangan urush bunga to‘sqinlik qilgandi.

Mana, oradan to‘rt oy o‘tib, ushbu jamoalar baribir to‘qnash kelishadi.

Yana qaerda deng, nufuzi Finalissimadan ancha yuqori bo‘lgan jahon chempionati finalida.

Kim jahon chempioni bo‘ladi - imkoniyatlar?

Abror Imomxo‘jaev: Shu paytgacha jahon chempionatida faqat Janubiy Amerika va Yevropa jamoalari g‘olib chiqishgan bo‘lsa-da, finalda ular umuman bir-biriga raqib bo‘lmagandi. Nihoyat bu ham amalga oshadigan bo‘ldi.

Endi bo‘lajak finaldagi imkoniyatlar borasida so‘z yuritadigan bo‘lsak, Ispaniya ushbu turnirda oltita o‘yinni nol bilan yakunladi. Ya’ni, o‘z darvozasidan to‘p o‘tkazib yubormadi. Bu futbol tarixida ilk bor sodir bo‘ldi.

Qo‘shimchasiga, bitta turnir davomida, ya’ni, yettita o‘yinda atigi bitta gol o‘tkazdi. Bu ham tarixda ilk bor yuz berdi.

Argentinaga to‘xtalsak, mundiallar tarixida hali hech kim bir turnir davomida 85-daqiqadan keyin raqiblar darvozasiga sakkizta gol urishni uddalamagan. Skaloni jamoasi esa buni amalga oshirdi.

Shu faktorlarning o‘zi ham finalda o‘ynash uchun aynan Ispaniya va Argentina loyiq ekanini ko‘rsatadi.

Bu finalni kuzatishning yana bir boshqa qiziq tomonlari ham bor.

Ispaniya Bosh murabbiyi Luis de la Fuenti va Argentina Bosh murabbiyi Lionel Skalonini nafaqat jahon chempionati finali, balki ustoz-shogirdlik rishtalari ham bog‘lab turadi.

Skaloni Ispaniyada UEFAning murabbiylik litsenziyasi – UEFA Pro Licence uchun tahsil olgan paytda Luis de la Fuenti unga dars bergan murabbiylardan biri edi.

Bugun esa ular dunyoning eng kuchli ikki milliy terma jamoasini boshqarmoqda. Va bir-birlarining yutuqlarini katta hurmat bilan e’tirof etishadi.

Albatta, ushbu finalning bosh intrigasi, chin ma’nodagi dramasi bir paytlar chaqaloq Lamin Yamalni vannada cho‘miltirgan buyuk Lionel Messi endi jahon chempionati finalida unga qarshi maydonga tushadi.

Bunday syujetni hatto eng zo‘r kinorejisserlar ham o‘ylab topolmasdi.

Bu stsenariyni hayotning o‘zi yozdi.

Tomosha qilishga arzigulik final, shunday emasmi?

Endi, imkoniyatlarga to‘xtalsak, buni taxmin qilish juda qiyin.

Bir tomondan, yarim finalda chempionatning eng kuchli jamoasi Frantsiyani ishonchli mag‘lub etgan Ispaniya finalda ham g‘oliblikka asosiy da’vogar hisoblanadi.

Boshqa tarafdan, Messi boshchiligidagi Argentina jamoasi boy berilayotgan o‘yinlarni o‘z tomoniga og‘dirib, g‘alaba qozonib ketganiga bir necha bor guvoh bo‘ldik. Balki ular eng yaxshi o‘yinlarni finalga olib qo‘yishgandir.

Final o‘yiniga qiziqish

Abror Imomxo‘jaev: O‘zbekistondagi kutilmalarga kelsak, milliy terma jamoamiz musobaqani tark etganidan keyin tomoshabinlar safi ancha kamaygani rost.

Lekin bu asosan futbolni muntazam ravishda ko‘rmaydigan, faqatgina Vatan jamoasi uchun muxlislik qilgan tomoshabinlar hisobiga ro‘y berdi.

Chorak finaldan boshlab, tomoshabinlar oqimi yana ortib bormoqda. Va finalda ularning soni yana maksimumga yetadi.

To‘g‘ri, avvalgidek muxlislar ko‘cha-kuydagi katta ekranlarga chorlanmayapti.

Lekin kafe va restoranlarda, choyxonalardagi ulfatlar davrasida finalni orziqib kutayotganlar juda ham ko‘p.

Finalda muxlislar ikkiga bo‘linishi aniq.

"Barselona" va "Real" muxlislari Ispaniyaga ishqibozlik qilishlari shubhasiz.

Shuningdek, ushbu jamoaning chiroyli o‘yinlari uchun muxlislik qiladiganlar ham anchagina.

Argentinada esa juda katta faktor – Messi timsoli bor.

Shu bois, finalda muxlislik barometri eng yuqori cho‘qqiga chiqadi, deb bemalol aytish mumkin.

Mezbon Nyu-Yorkda xavotir

Mezbon Nyu-York final uchrashuvi oldidan

Surat manbasi, Michael Nagle/Bloomberg via Getty Images

Surat tagso‘zi, Hammezbon Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyoning o‘zbekistonliklar va O‘zbeklar eng ko‘p davlatlari sirasiga kiradi.

Final uchrashuvi arafasida mezbon Nyu-Yorkdagi havo sifati jiddiy xavotirlarga sabab bo‘layotganiga oid xabarlar olinmoqda.

Aytilishicha, Nyu-York va Nyu-Jersi rasmiylari hatto bu xususda maxsus ogohlantirish bilan chiqishgan.

Ular odamlarni imkon qadar tashqariga chiqmaslik, iloji boricha uyda qolishga chaqirishgan.

Xabarlarga ko‘ra, Nyu-York mintaqasini tutun qoplashiga hammezbon Kanadadagi o‘rmon yong‘inlari sabab bo‘lgan.

Hammezbon Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyoning o‘zbekistonliklar va O‘zbeklar eng ko‘p davlatlari sirasiga kiradi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi guruhdagi so‘nggi ikki uchrashuvini aynan Shtatlarda o‘tkazgan va ularning o‘yinlarini bevosita stadionning o‘zida tomosha qilish istagidagi o‘zbekistonliklarning ozmuncha emasliklari ham ko‘rilgandi.

Mezbon Nyu-York AQShning ular eng ko‘p shaharlari sirasiga kiradi.

Ispaniya va Argentina ishtirokidagi hal qiluvchi final uchrashuvini bevosita ko‘rish rejasidagi o‘zbekistonliklar soni aniq qancha ekani hozircha ma’lum emas.

Final uchrashuviga mezbonlik qilajak Nyu-York/Nyu-Jersi stadioni 82 mingdan ortiq odamga mo‘ljallangan.