You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Xitoy xorijdagi uyg‘urlarni nishonga olmoqdami?
Rasmiy Pekin uzoq vaqtdan beri chet eldagi muxolif fikrlovchi, etnik ozchiliklarga mansub muhojirlarni nishonga olishda ayblanib kelmoqda.
Jumladan, uyg‘ur faollariga bosim o‘tkazish, surgundagi hukumat tanqidchilarini ta’qib qilish va Gonkongdagi demokratiya tarafdorlarini topib berganlar uchun mukofotlar berish kabi amallarni qo‘llab keladi.
2026 yil 1 iyul kuni kuchga kirayotgan "Millatlararo birlik qonuni" deya ataluvchi qonun endi Xitoy hukumatiga o‘z amallari uchun qonuniy asos yaratish imkonini bermoqda.
Bu qonun Pekin global kuch sifatida o‘z rolini mustahkamlash bilan birga xorijdagi obro‘sini ko‘tarishga urinayotgan manzarada ro‘y bermoqda.
Xitoy oxirgi yillarda xorijiy rahbar va sayyohlar uchun o‘z eshiklarini ochayotgandek. AQSh prezidenti Donald Tramp va Buyuk Britaniya bosh vaziri Keyr Starmer kabi qator dunyo yetakchilari Xitoy rahbari Shi Jinpin bilan Xalq majlislari zali tashqarisidagi qizil gilamchada qo‘l berib ko‘rishayotganlari tasvirlari jahon matbuoti sahifalari aro tarqalgan.
Mamlakat viza cheklovlarini yengillashtirish va onlayn kampaniyalar orqali Yevropa davlatlari doxil 77 mamlakatdan bizneslar va sayyohlarni Xitoyga tashrif buyurishga undamoqda.
Tibet va Shinjon kabi qattiq nazorat ostidagi mintaqalarga safar qilayotgan bloger va videoblogerlar ijtimoiy tarmoqlardagi postlari bilan mamlakatning "turfa xil geografiyasi va go‘zalligini" targ‘ib qilishmoqda.
Xitoydagi uyg‘urlar hayoti: muttasil tazyiq va bosimlar
Uzoq yillar davomida Pekin Shinjonni notinchlik va o‘zga madaniyat o‘chog‘i sifatida ko‘rib keladi.
BMT va yana qator xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, Shinjonda bir milliondan ortiq uyg‘ur musulmon "qayta tarbiyalash lagerlari"da hibs qilingan. Ularga nisbatan bu lagerlardagi munosabat esa "insoniyatga qarshi jinoyat" sifatida ko‘rilishi mumkinligi haqida da’volar yangragan.
Xitoy bu ayblovlarni rad etadi. Ammo mintaqa xalqaro ommaviy axborot vositalari va kuzatuvchilar uchun deyarli yopiq, xorijda yashayotgan uyg‘urlar esa qo‘rquvda yoki hamon nom-nishonsiz yo‘qolayotgan yaqinlari haqida hikoya qiladilar.
Xan millati ko‘pchilikni tashkil etadigan Xitoyning boshqa hududlaridan farqli o‘laroq, Shinjonda asosan turkiy tilli musulmonlar yashaydi, uyg‘urlar esa eng yirik etnik guruh hisoblanadi.
1990 va 2000 yillarda mintaqada keskinlik kuchaydi. Xan xitoyliklar uyg‘urlarni chetga surayotganii haqidagi da’volar ortidan separatistik kayfiyatlar o‘sdi va hatto halokatli hujumlar ro‘y berdi. Oqibatda Pekinning tazyiqlari ham oshdi.
Ammo aynan Shi Jinpin davrida Xitoy Kommunistik partiyasi nazoratni har qachongidan ham qattiqlashtirdi. Oqibatda uyg‘urlarga Xan madaniyatini majburan singdirish urinishlari haqidagi ayblovlar yangradi.
Inson huquqlari guruhlariga ko‘ra, so‘nggi bir necha yil ichida Xitoy bir milliondan ortiq uyg‘urni o‘z xohishiga qarshi "qayta tarbiyalash lagerlari", deb ataluvchi yirik tarmoqda hibsga olgan va yuz minglab odamlarni qamoq jazosiga hukm qilgan.
2022 yilda VVS ga taqdim qilingan bir qator politsiya hujjatlari Xitoyning ushbu lagerlardan qanday foydalanishi tafsilotlarini ochib berdi. Lagerlarda qurolli zobitlar joylashtirilgani va qochishga uringanlarni otib o‘ldirish huquqi berilganligini fosh etdi.
AQSh Xitoyni Shinjonda irqiy qirg‘in sodir etishda ayblagan.
Yetakchi inson huquqlari tashkilotlari Amnesty International va Human Rights Watch Xitoyni insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblagan hisobotlarini chop etgan.
Xitoy Shinjonda inson huquqlari buzilgani haqidagi barcha ayblovlarni rad etadi.
Markaziy Osiyodagi uyg‘urlar ham tazyiq ostida
Yangi qonun kuchga kirishidan avval ham Xitoy xorijdagi milliy ozchiliklarni nishonga olishi haqida da’volar bor edi.
Shu bois Xitoy tashqaridagi o‘z tanqidchilarini nazorat qilish va tazyiq o‘tkazishga intilishi haqidagi xabarlar yangilik emas.
Qator faollar Pekinning iqtisodiy ta’siri kuchaygan mamlakatlarda xitoylik dissident faollar ahvoli bir necha yillardan beri yomonlashib kelganini aytishadi.
Markaziy Osiyo ham bu borada istisno emas.
Xitoy mintaqa iqtisodlariga milliardlab dollarlik sarmoyalar kiritmoqda, transport va energetika sohasida yirik loyihalarga qo‘l urgan.
Pekin yetakchiligidagi Shanxay Hamkorligi Tashkiloti esa bu mamlakatlarni bir guruhga birlashtiradi.
Xitoyning o‘rni faqatgina iqtisodda ko‘rinmaydi.
Uyg‘ur faollari esa, ancha yillardan beri Markaziy Osiyoda yashab ham Xitoyni tanqid qilish imkonsizligini aytib kelishadi.
Ayrim uyg‘ur faollari o‘z faoliyati sababli qo‘shni mamlakatlarga kiritilmaganini aytishgan.
Xitoydagi uyg‘urlar va qozoqlar ahvolini o‘rgangan chet ellik faollar esa qator mintaqa davlatlaridan chiqarib yuborilgan.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, mintaqa davlatlari o‘z qudratli qo‘shnilari, Xitoy bilan munosabatlari yomonlashishini istashmaydi.
"O‘zimni xavfsiz his qilmayman, chunki Xitoy yonimizda"
Qozog‘istonga kelgan uyg‘ur muhojirlaridan biri, Malika (ismi o‘zgartirilgan) siyosiy muhitda yana bir o‘zgarishni - ekstraditsiya xavfining ortib borayotganini payqaganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlariga tashrif buyurgan uyg‘urlarning ortga qaytarib yuborilgani borasida qator misollar bor va endi u o‘z xavfsizligidan xavotirda.
Malika 2005 yilda otasi va akasi hukumatga qarshi namoyishlarda qatnashgani uchun qamoqqa olinganidan keyin Qozog‘istonga qochib kelgan.
Dastlab unga qochqin maqomini tasdiqlovchi hujjatlar berilgan, ammo hozir bu hujjatlar olib qo‘yilganini aytadi. Qozoq erkakka turmushga chiqqaniga qaramay, u o‘zini xavfsiz his qilmaydi.
"Men tashqariga chiqishdan juda qo‘rqaman... Men endi o‘zimni xavfsiz his qilmayman, chunki Xitoy yonimizda."
Tara nomi bilan tanilgan 23 yoshli Chjan Yadi Buyuk Britaniyadagi nufuzli universitetlardan birida o‘qishi kerak edi.
Buning o‘rniga u Xitoyda hibsda ekanligi taxmin qilinmoqda.
"X" ijtimoiy tarmoq platformasidagi so‘nggi postlaridan birida u Dalay Lamani 90 yoshga to‘lishi bilan tabriklagandi. Shuningdek, u Frantsiyada o‘qiyotgan paytida Tibetliklar huquqlarini himoya qiluvchi xitoy tilidagi onlayn platformani tahrirlashga yordam bergan.
Chet elda yashayotgan tibetliklarni qo‘llab-quvvatlagani uni qamoqqa olinishiga sabab bo‘lgan, deya ishoniladi. Pekin surgundagi Tibetliklar yetakchisi Dalay Lamani bo‘lginchi va 1950-yilda qo‘shib olingan Tibet muxtor viloyatini Xitoyning ajralmas qismi, deb biladi.
Xabarlarga ko‘ra, Tara o‘tgan yilning iyul oyida Xitoyga tashrif buyurganida Yunan viloyatidagi Shangri-La shahrida hibsga olingan va "mamlakatni bo‘lishga va milliy birlikni buzishga undash" da ayblangan.
Uning taqdiri Xitoydagi yangi qonun kuchga kirishi bilan muxolif fikrlovchilar yoki rasmiylar bo‘lginchilik, deya ko‘radigan g‘oyalarga nisbatan qanday yo‘l tutayotganining yaqqol misolidir.
Bu qonun hukumatga hatto xorijda yashayotganlarni nishonga olish huquqini berishi mumkin.
Ushbu yangi qonun hukumatga Xitoyning xorijdagi tanqidchilarini nazorat qilishga yordam berishi mumkin.
Ammo Xitoyning xalqaro sahnadagi obro‘siga putur yetkazishi ham mumkin.
Yevropa Parlamenti a’zolari allaqachon a’zo davlatlarni Xitoy bilan ekstraditsiya shartnomalarini to‘xtatib qo‘yish haqida yozma ravishda ogohlantirdi va agar bu qonun Yevropa fuqarolariga qaratilgan bo‘lsa, bu "Yevropa Ittifoqi-Xitoy munosabatlari uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi" mumkinligi haqida ogohlantirishgan.
Xorijdagi faollar xavotirida asos bormi?
"Etnik birlik" to‘g‘risidagi ushbu qonun mamlakatning 56 ta etnik guruhi, jumladan, o‘tmishda Xitoy hukmronligiga qarshi isyon ko‘targan tibetliklar va uyg‘urlar orasida "birlik", "ijtimoiy uyg‘unlik" va "umumiy" milliy o‘ziga xoslikni yaratishga qaratilgan.
Ammo tanqidchilar bu Tibet, Shinjon va Ichki Mo‘g‘ulistondagi ozchilik guruhlarining huquqlarini yanada buzishidan xavotirdalar.
Qonunda, ayniqsa, xorijdagi ko‘plab Xitoy fuqarolari uchun tashvish tug‘diradigan band bor.
63-modda Xitoy hukumatiga Xitoydan tashqarida "etnik birlik va taraqqiyotga putur yetkazadigan yoki etnik bo‘linishni keltirib chiqaradigan" tashkilotlar va shaxslarga qarshi harakat qilish huquqini beradi. Bu Xitoy hukumatiga chet elda yashovchi etnik ozchiliklar himoyachilarini ta’qib qilish uchun qonuniy vakolat berilishini anglatishi mumkin.
"Xitoyda ozchiliklar huquqlarini tinch yo‘l bilan himoya qilish "etnik birlik"ni buzish sifatida tavsiflanishi mumkin. Ushbu qonun uyg‘urlar, tibetliklar va boshqa xan bo‘lmagan etnik guruhlarning huquqlarini allaqachon vayron qilgan siyosat uchun huquqiy asos yaratadi," deydi Xalqaro Amnistiya tashkilotining mintaqaviy direktori o‘rinbosari Sara Bruks
Xitoyda hanuz oilalari bor xorijdagi taniqli faollar uchun bu ularning so‘zlari mamlakat ichidagi yaqinlari uchun oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan dalolat beradi. Va ular hech qachon o‘z vatanlariga xavfsiz ravishda qayta olmasliklarini anglatishi mumkin.
"Xitoylashtirish" yo madaniy assimilyatsiya
Xitoy hukumati 2000-yillarning oxirlarida milliy ozchilik guruhlarini "xitoylashtirish" deb ta’riflangan g‘oyani ilgari surishni boshladi. Bu etnik guruhlarni ustuvor Xan madaniyatiga singdirish orqali yanada yaxlitroq milliy o‘ziga xoslikni yaratishga qaratilgan. Xan xitoylari mamlakatning 1,4 milliard aholisining 90% dan ortig‘ini tashkil qiladi.
Prezident Shi ko‘pincha etnik ozchiliklarni ko‘proq integratsiyalashishga chaqirib, ularga kuchliroq Xitoyni yaratish uchun "anor urug‘lari kabi bir-birlari bilan jipslashish" kerakligini aytgan.
Bu yangi qonun ushbu sa’y-harakatlarning bir qismidir. Unda barcha bolalarga bolalar bog‘chasidan oldin va o‘rta maktabni tugatgunga qadar mandarin tili o‘rgatilishi kerakligi belgilangan. Ilgari o‘quvchilar o‘quv dasturining ko‘p qismini o‘z ona tillarida, jumladan, tibet, uyg‘ur yoki mo‘g‘ul tillarida o‘rganishlari mumkin edi.
Pekinning ta’kidlashicha, bu keyingi avlodga imkoniyat yaratish haqida, chunki barcha viloyatlardagi xitoyliklarning aksariyati foydalanadigan mandarin tilini o‘rganish etnik ozchiliklarning ish bilan ta’minlash istiqbollarini yaxshilashga yordam beradi.
Ammo tanqidchilarning ta’kidlashicha, assimilyatsiya ko‘pincha ozchilik guruhlariga majburan majburan qo‘llanilgan - bu davlat tomonidan boshqariladigan siyosat Shi davrida kuchaygan va shu bilan birga noroziliklarni keltirib chiqargan. O‘z navbatida rasmiylar noroziliklarga nisbatan qattiqroq mavqeni qo‘llay boshlashgan.