Miyangizga hujum qiladigan va butun dunyo bo‘ylab tarqalishi mumkin bo‘lgan mitti organizm

Qora fonda, masxarabozga o‘xshash ifodasi bilan tasvirlangan, «miyani yeydigan amyoba» deb ham ataluvchi Naegleria fowlerining kattalashtirilgan ko‘rinishi.

Surat manbasi, Bruno da Rocha-Azevedo, Herbert B. Tanowitz and Francine Marciano-Cabral / Interdisciplinary Perspectives on Infectious Diseases

Surat tagso‘zi, Naegleria fowleri, ko‘proq «miyani yeydigan amyoba» nomi bilan tanilgan bo‘lib, miya to‘qimalariga hujum qiladi.
    • Author, Izabel Shou
    • Role, Global sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha muxbir
  • Published
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Kosta-Rikaga qilingan, bolalari bilan quvonchli dam olish bo‘lishi kerak bo‘lgan safardan bir necha kun o‘tib, Stiv Smelski hayotidagi eng og‘ir musibatga duch keldi. U jonlantirish bo‘limida yagona o‘g‘li Jordanning yotog‘i yonida o‘tirar va farzandining o‘limiga motam tutardi.

O‘shanda 11 yoshda bo‘lgan Jordan Naegleria fowleri deb ataluvchi amyoba keltirib chiqargan og‘ir miya infektsiyasi oqibatida vafot etdi. Bu mitti parazit xalq orasida "miyani yeyuvchi amyoba" nomi bilan tanilgan.

Odatda issiq ko‘llar, termal buloqlar va qarovsiz qolgan suv havzalarida uchraydigan bu amyoba odam suvga sho‘ng‘iganda burun orqali organizmga kiradi. Shundan so‘ng u qisqa vaqt ichida miya to‘qimalariga zarar yetkazishni boshlaydi.

"Jordan atigi bir marta suvda cho‘milgan edi. Shuning o‘zi yetarli bo‘ldi. Endi esa u oramizda yo‘q", - deydi 67 yoshli Stiv BBC World Service bilan suhbatda.

O‘tgan yili Hindistonda Naegleria fowleri infektsiyasining 200 dan ortiq holati qayd etildi. Bu mazkur kasallik bo‘yicha dunyo tarixida qayd qilingan eng yirik avj olish holati hisoblanadi. So‘nggi oylarda ham mamlakatda yangi holatlar aniqlanishda davom etmoqda. Holbuki, bungacha butun dunyo bo‘ylab jami 500 taga ham yetmaydigan holat ro‘yxatga olingan edi.

Ushbu holat olimlar va mutaxassislarda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Ularga ko‘ra, bu parazit avval deyarli uchramaydigan hududlarda ham aniqlana boshlagan.

Buyuk Britaniyadagi Kent universitetining molekulyar parazitologiya bo‘yicha mutaxassisi doktor Anastasios Sausisga ko‘ra, kelajakda bunday holatlar soni yanada ortishini kuttsh mumkin.

"Bu amyoba dunyoning turli mintaqa va mamlakatlarida uchray boshlaydi", deydi u.

"U insonni aqlidan ayiradi"

To‘q ko‘k rangli kiyimda jilmayib turgan Jordan Smelski.

Surat manbasi, Steve Smelski

Surat tagso‘zi, Jordan Smelski 2014 yilda ta’til paytida infektsiyani yuqtirib olgan.
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

AQShning Florida shtatida yashovchi Stivning aytishicha, u Kosta-Rikadagi mehmonxonasi yaqinida joylashgan tabiiy issiq buloqda o‘g‘li bilan soatlab suv sirpang‘ichlarida uchgan. Oradan ko‘p o‘tmay, Jordanning boshi og‘rigan.

Ular uyiga qaytgach, og‘riq yanada kuchaygan va Jordan qusa boshlagan. Ota-onasi uni mahalliy shifoxonaga olib borgan. U yerda bola alahsiray boshlagan, ko‘ziga turli narsalar ko‘rinib, shift bo‘ylab hasharotlar o‘rmalab yurganini aytgan.

"U bizga qarab, hatto kimligimizni tanimay qoldi. Menimcha, u hatto o‘zining kimligini ham bilmay qolgan edi", - deb eslaydi Stiv.

Shifokorlar Jordanga nima bo‘lganini aniqlashga urinar ekan, u tutqanoq xurujini boshdan kechirgan va jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, u vafot etgan.

"Suvga tushganidan keyin yetti yarim kun o‘tib, uni yo‘qotdik, - deydi Stiv. "Bundan avval unda hech qanday sog‘liq muammosi bo‘lmagan. U mutlaqo sog‘lom bola edi."

Jordan Naegleria fowleri keltirib chiqaradigan birlamchi amyobali meningoentsefalit (PAM) - miyaning o‘ta xavfli infektsiyasi tufayli hayotdan ko‘z yumgan.

PAM qurbonlarining ko‘pchiligi kabi, Jordanga ham dastlab meningit tashxisi qo‘yilgan. Chunki kasallikning dastlabki bosqichida har ikki xastalik belgilari bir-biriga juda o‘xshab ketadi.

Shifokorlar kasallikning haqiqiy sababini aniqlagunlaricha juda kech bo‘lgan. Infektsiya uning miyasida kuchli shish paydo qilib, qaytarib bo‘lmaydigan darajada zarar yetkazgan.

"Bu kasallik insonning aqlini tortib oladi. Fikrlash qobiliyatidan mahrum qiladi. Sizni siz qilib turgan narsalarni birma-bir tortib oladi", - deydi Stiv.

Stiv va uning o‘g‘li Jordan Jordan infektsiya yuqtirib olgan issiq buloqdagi suv sirpang‘ichi yonida turib, kameraga qarab jilmayib tushishgan.

Surat manbasi, Steve Smeski

Surat tagso‘zi, Stivning Jordan bilan tushgan so‘nggi suratlaridan biri Kosta-Rikadagi aynan o‘sha suv sirpang‘ichi oldida olingan. Jordan ana shu yerda unga halokatli ta’sir ko‘rsatgan infektsiyani yuqtirib olgan.

Nega bu amyoba yangi hududlarda uchray boshladi?

Journal of Infection and Public Health jurnalida 2025 yilda e’lon qilingan tahlilga ko‘ra, 1962–2023 yillar oralig‘ida dunyo bo‘ylab Naegleria fowleri infektsiyasining 488 ta holati qayd etilgan. Ularning aksariyati AQShning janubiy shtatlari, Pokiston va Avstraliyada kuzatilgan. Bemorlarning taxminan 97 foizi vafot etgan.

Biroq so‘nggi yigirma yil ichida kasallik holatlari Shimoliy yarimshardagi bir qator davlatlarda, jumladan, Italiya va Belgiyada ham aniqlana boshlagan.

So‘nggi 15 yil davomida AQShning nisbatan salqin iqlimli shimoliy shtatlarida, xususan Minnesotada ham yangi holatlar qayd etilgan. Shuningdek, o‘tgan yili Slovakiyada Naegleria fowleri infektsiyasining ilk tasdiqlangan holati ro‘yxatga olingan.

Kasallanish holatlari endilikda amyoba bilan an’anaviy ravishda bog‘lanib kelgan ko‘l va daryolardan tashqari joylarda ham kuzatilmoqda.

Masalan, Tayvanda 2023 yili bir erkak yopiq serfing majmuasida Naegleria fowleri ta’siriga uchragandan keyin vafot etgan. Xuddi shu yili AQShda bir chaqaloq ifloslangan suv maydonchasi bilan bog‘liq holda mazkur infektsiyani yuqtirib, hayotdan ko‘z yumgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishi natijasida ko‘llar va havzalar suvi harorati ko‘tarilmoqda. Shu sababli amyoba ilgari yashab qolishi uchun haddan tashqari sovuq hisoblangan hududlarga ham tarqala boshlagan.

Infografika: Naegleria fowleri amyobasi miyaga qanday qilib yetib boradi?

"Suv harorati oshgani sayin, bu amyoba ham faolroq bo‘ladi", - deydi Sausis. "Shu bilan birga, suv bo‘yida dam olish yoki turli ko‘ngilochar mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanuvchi odamlarning infektsiya yuqtirib olish ehtimoli ham ortadi."

Uning ta’kidlashicha, vahimaga hojat yo‘q, ammo odamlar xavf ortib borayotganidan xabardor bo‘lib, ehtiyotkorlikni kuchaytirishi kerak.

Bundan tashqari, u olimlar bu amyobani aniqlash usullarini tobora yaxshiroq o‘zlashtirayotganini, bu esa qayd etilayotgan holatlar sonining oshishiga hissa qo‘shayotgan bo‘lishi mumkinligini aytadi.

"Mening taxminimcha, bu ko‘rsatkichlar avvaldan ham yuqori bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Faqat endi biz ularni aniqlashni o‘rganganimiz uchun holatlar soni ortib borayotganini ko‘ryapmiz", - deydi Sausis.

Nega bolalar ko‘proq xavf ostida?

Infografikada infektsiya belgilari tasvirlangan. Ularga qusish, bosh og‘rig‘i, isitma, ko‘ngil aynishi, bo‘yin qotishi, ongning chalkashishi, tutqanoq xurujlari, gallyutsinatsiyalar va koma kiradi. Infografikada erkak kishining surati atrofida har bir alomat alohida doira ichida ko‘rsatilgan.

Mutaxassislar fikricha, Naegleria fowleri infektsiyasini yuqtirib olish xavfi bolalarda kattalarga qaraganda yuqoriroq bo‘ladi.

"Agar infektsiya yuqtirib olinsa, bu kasallikdan ko‘proq aziyat chekuvchilarning yoshi odatda 12 atrofida bo‘ladi. Chunki bolalar issiq suvda cho‘millashni va suv sochib o‘ynashni yaxshi ko‘radi", - deydi G‘arbiy Sidney universitetining suv ilmi bo‘yicha mutaxassisi professor Ien Rayt. "Bu juda shafqatsiz holat."

Ayrim olimlar bolalar infektsiyaga ko‘proq moyil bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi. Bunga sabab, yoshlarda burun bilan miya o‘rtasidagi to‘siqni amyoba osonroq bosib o‘tishi mumkinligi haqidagi taxmindir.

"Bu xuddi dahshatli tush, qo‘rqinchli film yoki Stiven King romaniga o‘xshaydi", - deydi Rayt.

"Uni yuqtirib olish ehtimoli juda past. Ammo agar yuqtirib olsangiz, katta ehtimol bilan hayotingizdan ayrilasiz."

Agar kasallik erta bosqichda aniqlangan bo‘lsa, shifokorlar bemorni bir nechta dori vositasi kombinatsiyasi bilan davolashga, shu bilan birga miyadagi shishni kamaytirish choralarini ko‘rishga harakat qiladi. Shunga qaramay, tirik qolish holatlari hanuz juda kam uchraydi.

Biroq Hindiston janubidagi Kerala shtatida kuzatilgan so‘nggi avj olish holati bu kasallikning qanchalik halokatli ekani haqidagi tasavvurlarda shubha uyg‘otgan. Kerala mashhur sayyohlik yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Communications Medicine jurnalida chop etilgan yangi tadqiqotga ko‘ra, kasallik oqibati ma’lum bo‘lgan 200 nafardan ortiq bemorning yarmidan ko‘pi tirik qolgan. Bu esa ilgaridan ma’lum bo‘lgan taxminan 3 foizlik tirik qolish ko‘rsatkichidan ancha yuqori natija hisoblanadi.

Bu xulosalar "miyani yeyuvchi amyoba" keltirib chiqaradigan infektsiyalar avval o‘ylanganidek mutlaqo davolab bo‘lmaydigan kasallik emasligini ko‘rsatmoqda.

Tadqiqot muallifi bo‘lgan xalqaro olimlar jamoasiga ko‘ra, kasallikka ertaroq tashxis qo‘yilishi, shifokorlar xabardorligining oshishi va davolash protokollarining izchilroq qo‘llanilishi bu ijobiy natijalarga hissa qo‘shgan bo‘lishi mumkin.

Infektsiyadan qanday saqlanish mumkin?

Suvda o‘ynash yoki cho‘milishdan tashqari, Naegleria fowleri inson organizmiga burunni yuvish uchun ishlatiladigan maxsus qurilmalar orqali ham kirishi mumkin. Bu uzun chiqish qismiga ega idishlar bo‘lib, odatda shamollash, burun yondosh bo‘shliqlari yallig‘lanishi yoki allergiya alomatlarini yengillashtirish uchun qo‘llanadi.

O‘tgan yili AQShning Texas shtatida yashovchi, bungacha jiddiy sog‘liq muammosi bo‘lmagan 71 yoshli ayol shunday qurilmadan foydalanganidan keyin ikki hafta ichida vafot etgan. U qurilmani avtosayyohlar uyidagi (motorhome) suv tarmog‘idan olingan vodoprovod suvi bilan to‘ldirgan bo‘lgan.

Burunni marosim tarzida chayish ayrim diniy amallarning, jumladan islom dinidagi poklanish odatlarining bir qismi hisoblanadi. Shuningdek, u Hindistonda shakllangan yaxlit tibbiyot tizimi — ayurveda amaliyotida ham qo‘llanadi.

Suratda ayol burunni yuvish uchun mo‘ljallangan idishni buruniga tutib turibdi. Suv bir burun teshigidan kirib, ikkinchisidan oqib chiqmoqda.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Naegleria fowleri amyobasi miyaga yetib borishi uchun burunni yuvish qurilmalari oson yo‘l bo‘lishi mumkin.

Xavf darajasi allaqachon juda past bo‘lsa-da, uni yanada kamaytirishga yordam beradigan oddiy choralar mavjud.

AQShning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) burunni chayish uchun steril, distillangan yoki oldin qaynatilib, sovitilgan suvdan foydalanishni tavsiya qiladi. Chunki kam uchrasa-da, ifloslangan vodoprovod suvi orqali infektsiya yuqishi holatlari qayd etilgan.

Issiq chuchuk suv havzalarida cho‘milayotganda esa tashkilot suvning burunga kuch bilan kirib ketish xavfini kamaytirishni tavsiya etadi. Buning uchun suvga sho‘ng‘iganda yoki sakraganda burunni qo‘l bilan berkitish yoki maxsus burun qisqichidan foydalanish mumkin.

"Xavfsizligiga ishonchingiz komil bo‘lmasa, boshingizni suv ostiga tiqmaganingiz ma’qul", - deydi Rayt.