Eronning yangi rejimi avvalgisidan qanday qilib tubdan farq qiladi?

Skuter minib ketayotgan erkak Tehron ko‘chalaridan birida Islom inqilobi asoschisi, marhum oyatulloh Ruhulloh Xumayniy (chapda), o‘ldirilgan Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy (markazda) va uning o‘g‘li, amaldagi oliy rahbar Mujtabo Xomanaiy (o‘ngda) tasvirlangan bilbord oldidan o‘tib bormoqda.
Eronning yangi rejimi avvalgisidan qanday qilib tubdan farq qiladi?
    • Author, Pol Adams
    • Role, Diplomatiya masalalari bo‘yicha muxbir
  • Published
  • O'qilish vaqti: 10 daq

O‘tgan oy AQSh prezidenti Donald Tramp Versal saroyidagi kechki ovqat chog‘ida Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolaganida, ko‘pchilik bu holatda o‘ziga xos ramziy ma’noni ko‘rdi.

Uning mezboni - Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron, ehtimol, Tramp fikrini o‘zgartirib yuborishidan oldin Anglashuv memorandumi (MoU) imzolanishini ta’minlashni istagan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, u Versal saroyining zarhallangan Mashhur Oynalar zali mehmoniga ma’qul keladi, deb hisoblagan bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas.

Biroq mazkur joyning tanlanishi muqarrar ravishda bir yarim sahifalik bu kelishuvni Birinchi jahon urushi yakunida, 1919 yilda imzolangan juda katta hajmli Versal shartnomasi bilan qiyoslashlarga sabab bo‘ldi. 1919 yilgi shartnoma Yevropaning siyosiy qiyofasini qayta shakllantirdi, ammo unda belgilangan ulkan tovon pullari Germaniyada qattiq norozilik va alam tuyg‘ularini kuchaytirib, oradan atigi yigirma yil o‘tib yana bir jahon urushiga olib kelgan omillardan biri bo‘ldi.

Shunchalik ko‘p jihatdan farq qiluvchi Eron kelishuvi ham kelajakda xuddi shunday taqdiriy ahamiyatga ega voqea sifatida baholanishi mumkinmi?

Qariyb uch hafta o‘tgach, mo‘rt sulh ozmi-ko‘pmi saqlanib turibdi. Biroq Hurmuz bo‘g‘ozi va uning atrofida bir necha to‘qnashuvlar yuz bergani, shuningdek, urushga sabab bo‘lgan muammolarning birortasi ham hal etilishga yaqinlashmagani bois, Yaqin Sharqdagi vaziyat urush boshlanishidan oldin qanday xavfli bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham shunchalik beqaror ko‘rinmoqda.

Eron bayrog‘iga o‘ralgan tobutlar minbar ustiga qo‘yilgan bo‘lib, uning ikki tomonida oyatullohlarning suratlari va bayroqlar joylashtirilgan.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Xomanaiy bir hafta davom etgan dafn marosimlaridan so‘ng so‘nggi manziliga qo‘yiladi.

Ayni paytda Eron chuqur o‘zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda.

Mamlakat sobiq oliy rahbari, oyatulloh Ali Xomanaiy bilan vidolashmoqda. U to‘rt oydan ortiq vaqt avval urushni boshlab bergan va Tehrondagi hokimiyat tizimining katta qismini yo‘q qilgan AQSh va Isroilning qo‘shma vayronkor havo hujumlari natijasida halok bo‘lgan edi.

Bu juda muhim palla: u eski avlod rahbarlari o‘rnini yangi avlod egallaganini yaqqol namoyon etuvchi ramziy voqeadir. Yangi shaxslar sahnaga chiqishi bilan birga, o‘ziga xos oqibatlarga ega bo‘lgan yangi yondashuv ham shakllanmoqda.

AQSh va Isroil mamlakatning avvalgi ko‘plab rahbarlarini barvaqt qabrga yo‘llagan bo‘lishi mumkin. Ammo ularning o‘rnini yanada qat’iyatli va kuchliroq raqiblar egallagan bo‘lishi ehtimoldan holi emasmi?

Shaxmat taxtasini qayta joylashtirish

"Bu urush hozirgacha o‘ylab kelinganidan ko‘ra ancha katta va oqibatlari jihatidan muhimroq voqeadir", - dedi menga Jons Xopkins universitetining Xalqaro tadqiqotlar oliy maktabi huzuridagi Xalqaro munosabatlar va Yaqin Sharq tadqiqotlari professori Vali Nasr.

"Bunday ko‘lamdagi har qanday yirik urush oxir-oqibat siyosiy kuchlar muvozanatini tubdan o‘zgartiradi", - deydi u. "Bu urush ham Yaqin Sharq uchun xuddi shunday natijaga olib keladi".

Yanvar oyida Eron keng ko‘lamli xalq norozilik namoyishlari girdobiga tushgan edi. AQSh prezidenti Donald Tramp ham, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham bu namoyishlar Islom Respublikasining qulashiga turtki bo‘lishi mumkinligini bashorat qilgan edilar.

Eron iqtisodiyoti xalqaro sanksiyalar ta’sirida o‘nlab yillar davomida jiddiy tanazzulga uchragan edi. Shuningdek, mamlakat olti oy avval AQSh va Isroil bilan kechgan 12 kunlik urush oqibatlaridan ham hali to‘liq tiklanib ulgurmagandi.

Eronning yadroviy dasturi - uzoq vaqt davomida diplomatik bosim o‘tkazish vositalaridan biri bo‘lib kelgan muhim omil - Tramp ta’kidlaganidek butunlay yo‘q qilinmagan bo‘lsa-da, katta zarar ko‘rgan edi.

Qo‘shimcha boyitilgan taqdirda 10 yoki 11 ta yadroviy qurol yaratish uchun yetarli deb hisoblangan uran zaxiralarining qaerda ekani aniq ma’lum emasdi. Ammo uning katta qismi Isfahon yadroviy majmuasi yaqinida vayronalar ostida qolgani taxmin qilinardi.

Mintaqaning boshqa hududlarida ham Eron boshchilik qiluvchi "Qarshilik o‘qi" deb ataluvchi, Yaqin Sharqdagi sheriklar va vakil kuchlardan iborat norasmiy ittifoq qator og‘ir yo‘qotishlarga uchragan edi.

Suriyada Eronning yaqin ittifoqchisi Bashar Asad rejimi 2024 yil oxirida bir necha hafta ichida ag‘darilib, hokimiyatdan chetlatildi.

Livanda esa Isroil Eron qo‘llab-quvvatlaydigan "Hizbulloh" guruhining qator yuqori lavozimli yetakchilarini o‘ldirdi. Shuningdek, portlatilgan peyjerlar va ratsiyalar orqali tashkilot jangarilari safiga og‘ir zarba berdi.

G‘azoda Eronning yana bir ittifoqchisi "Hamas" ham xuddi shunday taqdirga duch keldi. Isroil guruhning 2023 yil oktyabridagi hujumlariga javoban uzluksiz harbiy amaliyot boshlab, G‘azoning katta qismini vayron qildi va o‘n minglab tinch aholining halok bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

G‘azodagi urushga javob tariqasida Eron qo‘llab-quvvatlaydigan Yamandagi husiy qo‘zg‘olonchilari Isroilga ballistik raketalar uchirib, Qizil dengizdagi kemalarga hujum qila boshlaganida esa, Isroil, AQSh va Buyuk Britaniya qarshi zarbalar berdi. Bu hujumlarning ayrimlari guruh rahbariyatini nishonga olgan edi.

Ko‘chalarga chiqqan yuzlab namoyishchilar. Uzoqda gulxan yonib turibdi, oldingi fonda esa avtomobillar ko‘rinib turibdi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Urush boshlanishidan avval eronliklar ko‘chalarga chiqqan edi.

Ichki va tashqi maydondagi shunchaki ketma-ket muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng, umumiy qarash shu ediki, Eron nihoyatda zaif ahvolga tushib qolgan edi. The New York Times gazetasi xabar berishicha, Trampga taqdim etilgan bir necha razvedka hisobotlarida Eron 1979 yilgi Islom inqilobidan beri hech qachon bu darajada kuchsiz bo‘lmagani qayd etilgan.

Shu bois, Eronning AQSh va Isroilga qarshi turib, ularni murosaga majbur qila olishi haqidagi fikr ko‘pchilikka deyarli ishonib bo‘lmaydigan da’vodek tuyulardi.

Ammo aynan shunday bo‘ldi. Islom Respublikasi hanuz mavjudligicha qolmoqda. Bunda Eronning dunyodagi eng muhim dengiz yo‘llaridan biri hisoblangan Hurmuz bo‘g‘ozini yopish va shu orqali jahon iqtisodiyotiga og‘ir zarba berish imkoniyati muhim omillardan biri bo‘ldi.

Tehron ustunlikka erishdimi?

Tramp Eronda hokimiyat almashganini tez-tez ta’kidlaydi. Vali Nasr ham bu fikrga qarshi emas, ammo uning aytishicha, bu jarayon aslida Tehron manfaatiga xizmat qilgan.

"Butunlay yangi avlod hokimiyat tepasiga keldi, - deydi u. Ularning maqsadlari aniq. Ular urush sinovidan o‘tdi, endi esa mamlakatning tinch davrdagi rivojiga rahbarlik qiladi".

Nasrning fikricha, yangi rahbariyat Vashington odatda "reallikdan uzoq, oxirat haqidagi g‘oyalarga berilgan mafkuraviy radikallar" deb ta’riflaydigan toifaga kirmaydi. Aksincha, ular inqilobdan keyin shakllangan avlod vakillari bo‘lib, davlatni saqlab qolishga qattiq e’tibor qaratadi hamda oldingi avlodga nisbatan qat’iyroq harakat qilishga tayyor.

Mamlakatning yangi oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy 56 yoshda bo‘lib, urush boshida halok bo‘lgan otasi Ali Xomanaiydan qariyb 30 yosh kichikdir. Ali Xomanaiy o‘ldirilgan vaqtida uning salomatligi ancha yomonlashgani haqida ma’lumotlar bor edi.

Prezident Mas’ud Pizishkiyon undan kattaroq - 71 yoshda. Biroq 1979 yilgi inqilobni amalga oshirgan avlod vakillari endi sahnadan ketgan.

Hokimiyat tizimidagi ikki muhim shaxs - parlament raisi va bosh muzokarachi Muhammad Bog‘ir G‘olibof hamda Inqilobiy gvardiya qo‘mondoni Ahmad Vahidiy ham oltmish yoshlar atrofida.

Yangi oliy rahbar kabi, ularning har ikkisi ham Eron Islom Inqilobi Saqchilari Korpusi (IRGC) bilan yaqin aloqalarga ega.

Londondagi Chatham House tahlil markazining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika dasturi direktori Sanam Vakil shunday deydi: "Endi Islom Respublikasi kemasini 86 yoshli rahbar boshqarmayapti. Tizimning evolyutsiyasiga to‘sqinlik qilib turgan asosiy omil Ali Xomanaiy edi".

Ehtiyotkor siyosati bilan tanilgan Xomanaiy o‘n yillar davomida "na urush, na tinchlik" deb ta’riflangan strategiyaga amal qilib keldi. Uning vorislari esa ancha dadilroq harakat qildi: mintaqadagi AQSh harbiy bazalariga hujumlar uyushtirdi va ortidan bir necha hafta o‘tib, Tehron uchun kamsituvchi deb bo‘lmaydigan shartlar asosida urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar stoliga ham o‘tirdi.

"Ular avvalgi avlodga nisbatan ancha tajovuzkor tarzda urush olib borishga tayyor ekanini namoyish qildi", - deydi Nasr.

2020 yilda Tramp Inqilobiy gvardiyaning sobiq qo‘mondoni Qosim Sulaymoniyni o‘ldirgan havo zarbasini berishga buyruq berganida, Eron javob qaytarish niyatini oldindan ochiq-oydin bildirgan edi. Shundan so‘ng Iroqdagi AQSh harbiy bazalariga 12 ta ballistik raketa uchirildi. Biroq hujum oqibatida amerikalik harbiy xizmatchilar halok bo‘lmagan.

Qora chador kiygan ayollar ko‘z yoshi to‘kib, Ali Xomanaiyning suratini qo‘llarida ushlab turishibdi.

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images

Surat tagso‘zi, Oyatullohning o‘limi ichki va xalqaro o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi.

Bu yil AQSh va Isroilning keng ko‘lamli hujumlari qarshisida Eron bunday ehtiyotkorlik ko‘rsatmadi. U mintaqadagi qator AQSh harbiy ob’ektlariga, jumladan Bahraynda joylashgan Beshinchi flot qo‘mondonligi va Qatardagi al-Udeyd aviabazasiga dronlar hamda raketalar bilan zarbalar berdi.

Janglar davomida Kuvaytda olti nafar amerikalik harbiy xizmatchi halok bo‘ldi. Yuzlab odamlar yaralandi.

Eronning AQShning Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilariga hujum qilishga tayyor ekani, dengiz qatnovini nishonga olishi va jahon savdosi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Hurmuz bo‘g‘ozini yopishi mumkinligini namoyish etishi ham Oq uy uchun kutilmagan hol bo‘ldi.

Vashington o‘nlab yillar davomida Eronni mintaqadagi harbiy bazalari tarmog‘i va Fors ko‘rfazi davlatlari bilan tobora mustahkamlanayotgan aloqalari orqali jilovlashga harakat qilib kelgan edi.

Biroq Eronning Isroil va AQSh hujumlariga bergan keskin javobi bu strategiya endi avvalgidek samara bermayotganini ko‘rsatdi.

"Bu davlatlarning ko‘pchiligi o‘z hududidagi AQSh harbiy bazalari ularni nishonga aylantirmay, aksincha xavfsizlikni ta’minlaydi, deb umid qilgan edi", - deydi Xalqaro inqirozlar guruhining Eron bo‘yicha loyihasi direktori Ali Vaez.

"Endi Fors ko‘rfazi mamlakatlari AQSh xavfsizlik kafolatlarining ishonchliligi va o‘zlarining tiyib turish strategiyasi samaradorligiga shubha bilan qaray boshladi".

Xabarlarga ko‘ra, Fors ko‘rfazidagi davlatlarning aksariyati Eron bilan munosabatlarni yaxshilash imkoniyatlarini izlamoqda hamda xavfli qo‘shnisi bilan aloqalarni tiklashga intilmoqda. Nomi oshkor etilmagan diplomatga tayanib xabar bergan Agence France-Presse agentligi hatto 2023 yilda o‘nlab yillik dushmanlikdan so‘ng Tehron bilan munosabatlarni tiklagan Saudiya Arabistoni Eron va ko‘rfazdagi arab davlatlarini bir stol atrofida jamlaydigan "yarashuv sammiti"ni o‘tkazishga tayyorlanayotganini ham ma’lum qildi.

Biroq ular o‘zlari istamagan va oldini olishga qattiq urinishgan urush o‘rtasida qolib ketganidan qanchalik norozi bo‘lmasin, Ali Vaezning fikricha, hozircha ularning birortasi AQSh harbiy tizimi bilan aloqalarini uzishga tayyor emas.

"Ular xavfsizlik sohasidagi munosabatlardan butunlay voz kechish uchun AQShga haddan tashqari bog‘lanib qolgan", - deydi u. "Albatta, ular o‘z xavflarini turlicha taqsimlashga urinishi mumkin. Ammo oxir-oqibat, ularning borishi mumkin bo‘lgan yaxshiroq manzili yo‘q."

Kattaroq tarixiy qiyoslarga berilishni istamagan Vaez hozirgi vaziyatni "plastik palla" deb ta’riflaydi - ya’ni eski raqiblar o‘zaro munosabatlarning yangi shakllari haqida o‘ylay boshlagan, turli imkoniyatlarga boy davr.

"Men avval mavjud bo‘lmagan muayyan darajadagi realistik yondashuvni sezyapman", - deydi u.

Ammo eronlik oddiy fuqarolar haqida nima deyish mumkin?

Yangi pragmatiklar

Yanvar oyida Tramp Eron fuqarolariga: "Yordam yo‘lda", deb va’da bergan edi. 28 fevral kuni urushni boshlar ekan, u yanada ochiqroq gapirdi.

"Biz ishimizni tugatganimizdan keyin, o‘z hukumatingizni qo‘lga oling", - dedi u eronliklarga murojaat qilib. "U sizlarning bo‘ladi."

Ammo bu va’dalar hozircha amalga oshmagan xayoldek ko‘rinmoqda. Tehronda yangi avlod hokimiyat tepasiga kelgan bo‘lishi mumkin, lekin u hozircha xalqqa erkinroq va farovonroq kelajak va’da qilayotgani yo‘q.

Qora-ko‘k rangli kostyum va och ko‘k galstuk taqqan Donald Tramp minbar ortida nutq so‘zlamoqda.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Tramp eronliklarga murojaat qildi.

Rejim bor e’tiborini o‘zini saqlab qolishga qaratgan ekan, Abu-Dabida faoliyat yurituvchi Chatham House tahlilchisi Anise Basiriy Tabriziy muxolif fikrlarga munosabatda jiddiy o‘zgarish bo‘lishini kutmayapti.

"Ular ko‘chadagi vaziyatni nazorat qilishga juda, juda katta e’tibor qaratishda davom etadi", - deydi u.

Biroq urushdan oldinyoq davlat muassasalaridan tashqarida hijob talablarining qat’iy nazorat qilinmayotgani va Tehron restoranlarida spirtli ichimliklarning yashirincha mavjudligi rejim asta-sekin ayrim eski taqiqlardan voz kechayotganiga ishora qilishi mumkin.

Vali Nasrning fikricha, buning barchasi zarurat bilan bog‘liq: davlatga nisbatan ishonchni qayta tiklash ehtiyoji bilan.

"Ular davlat manfaati shuni talab qiladi, degan pragmatik qarorga keldi va shuning uchun bu masalalarda yumshoqroq yondashuvni tanladi", - deydi u.

Yanvar oyidagi qonli voqealar yuzaga keltirgan shokdan so‘ng rejim, hech bo‘lmaganda, mamlakat suverenitetini himoya qilishga qodir ekanini namoyon qildi.

Eronliklar uchun bu urush nihoyatda chalkash va ziddiyatli tajriba bo‘ldi. Rejimning shafqatsizligidan kelib chiqqan dahshat hissi asta-sekin boshqa turdagi qo‘rquvga o‘rin bo‘shatdi: AQSh va Isroil bombalari mamlakat hududiga yog‘ila boshladi, tinch aholi halok bo‘ldi va muhim infratuzilma zarar ko‘rdi.

Urushning birinchi kuni Minab shahridagi boshlang‘ich maktabda o‘nlab bolalarning halok bo‘lishi ayrim odamlarni haqiqiy dushman kim ekani haqida o‘ylashga majbur qildi. Ularni ozod qilishni va’da qilgan Isroil va AQSh, aksincha, mamlakatni vayron qilishga intilayotgandek tuyuldi.

Biroq AQSh va Isroilning qo‘shma bosimiga qarshi tura olgan Eronning yangi rahbariyati rejimning izdan chiqqan legitimligini tiklash uchun paydo bo‘lgan bu ehtimoliy qisqa muddatli imkoniyatdan foydalana oladimi?

"Bu ma’lum ma’noda Mao davridan keyingi Xitoyni eslatadigan palladir", - deydi Ali Vaez. "Chunki butun tizim nimadir o‘zgarishi kerakligini tushunib turibdi. Yangi rahbariyat mamlakatga yangi ijtimoiy shartnoma zarurligini anglayapti."

Ammo ular buni amalga oshira oladimi-yo‘qmi, bu hanuz ochiq masala bo‘lib qolmoqda. Hozir Eron har qachongidan ham ko‘proq Inqilobiy gvardiya elitasi tomonidan boshqarilmoqda. Shu bilan birga, yanvar oyidagi qonli bostirish harakatlarida minglab do‘stlaridan ayrilgan yaxshi ta’lim olgan ko‘plab yoshlar mamlakat kelajagini belgilashda o‘z so‘zi yo‘qligini his qilmoqda.

Bu hal qiluvchi burilish nuqtasidir. Eron ham ichki, ham tashqi siyosatda eski tasavvurlar va kelajak imkoniyatlari o‘rtasida noaniq muvozanatda turibdi.

Fors ko‘rfazida so‘nggi paytlarda bir necha keskinlashuv holatlari kuzatilganiga qaramay, Tehron AQSh bilan diplomatik jarayonni boshladi. Bu jarayon AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens ta’biri bilan aytganda, "tubdan o‘zgargan munosabatlar"ga olib kelishi mumkin.

To‘q sarg‘ish rangli kurtka va kulrang ro‘mol kiygan ayol vayron bo‘lgan bino oldida telefonda gaplashmoqda.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Eron havo hujumlari oqibatida katta talafot ko‘rdi.

Yadroviy dastur bo‘yicha yon berishlar evaziga sanksiyalar yumshatilishi mumkinligi rejimiga jozibador imkoniyat sifatida ko‘rinmoqda. Agar hukumat iqtisodiyotni samarali boshqara olsa, bu uning mamlakat ichidagi yo‘qolgan obro‘sini tiklashga yordam berishi mumkin.

Anglashuv memorandumi imzolanganidan beri Eron AQShning ayrim sanksiya istisnolaridan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi. Bu unga 60 kun davomida xom neft va neft mahsulotlarini eksport qilish imkonini berdi.

Oldimizdagi 60 kunlik muzokaralar davrida boshqa yengilliklar ham kuzatilishi mumkin. Ular qatorida Eronning muzlatilgan milliardlab dollarlik aktivlarini ozod qilish va yakuniy kelishuvga erishilganda esa eng katta mukofot - xalqaro sanksiyalarning to‘liq bekor qilinishi ham bor.

Memorandumda, shuningdek, 300 milliard dollarlik "qayta qurish va rivojlantirish" dasturini tuzish haqida ham so‘z boradi. Biroq bu mablag‘ni kim moliyalashtirishi hozircha aniq emas.

Bu iqtisodiy rag‘batlarning barchasi birgalikda Eronning yangi rahbariyatini kelishuvga erishishga undaydigan kuchli omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Sanam Vakil ham mintaqada "imkoniyatlar oynasi" paydo bo‘lganiga qo‘shiladi. Biroq u ehtiyotkorona yondashmoqda.

"Shunday stsenariy ham bo‘lishi mumkinki, kelishuvga erishilmaydi, jarayon cho‘zilib ketadi va prezident Tramp sabri tugaydi. Keyin u: "Xo‘sh, endi uchinchi bosqich vaqti keldi", deyishi mumkin", - deydi u.

Men suhbatlashgan ekspertlarning hech biri kelajak kafolatlangan deb hisoblamaydi.

Eron, uning Yaqin Sharqdagi qo‘shnilari va AQSh o‘rtasidagi o‘nlab yillik murakkab munosabatlar ortidan chuqur shubha va deyarli to‘liq ishonchsizlikka asoslangan zaharli meros qolgan.

Muammolar yetarli: Eronning yadroviy dasturi atrofidagi kelishmovchiliklar, Hurmuz bo‘g‘ozining kelajagi, Livandagi mojaro va barcha tomonlardagi murosasiz qat’iy pozitsiyalar shular jumlasidandir.

So‘nggi olti oy davomidagi notinch voqealardan keyin mintaqa boshqacharoq qiyofa kasb eta boshladi. Biroq bu o‘tish davri haqiqatan ham yaxshiroq kelajakka olib kelishi uchun hali juda ko‘p ishlar muvaffaqiyatli amalga oshishi lozim.

Yuqoridagi surat: AFP / Getty Images.