O‘zbekiston: 52 millionlik kelajak, adabiyot uchun yangi davr va urush ta’siridagi taqdirlar

Published
O'qilish vaqti: 4 daq

52 million aholi: O‘zbekiston uchun imkoniyatmi yoki sinov?

O‘zbekiston aholisi o‘sishda davom etmoqda. UNICEF prognozlariga ko‘ra, 2050 yilga borib mamlakat aholisi 52 milliondan oshadi. Bugungi kunda O‘zbekistonda 38 milliondan ortiq aholi yashaydi. Mamlakat aholi soni bo‘yicha dunyodagi eng yirik 40 davlat qatoriga kirgan.

Biroq mutaxassislar faqat aholi soni emas, uning tarkibi ham o‘zgarayotganiga e’tibor qaratmoqda. So‘nggi o‘n yilliklarda tug‘ilish darajasi pasayib, aholining o‘rtacha yoshi oshib bormoqda. Agar 2000 yilda o‘zbekistonliklarning o‘rtacha yoshi 20 atrofida bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich qariyb 30 yoshga yetgan. Bashorat qilinishicha, 2050 yilga borib o‘rtacha yosh 35 ga yaqinlashadi.

Shu bilan birga, mamlakatda mehnatga layoqatli aholi soni ham o‘smoqda. UNICEF hisobotiga ko‘ra, bu holat iqtisodiy o‘sish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi mumkin. Ekspertlar buni "demografik dividend" deb ataydi, ya’ni mehnat bozoriga kirib kelayotgan aholi soni yuqori bo‘lgan davr.

Biroq bu demografik davr abadiy emas. Tug‘ilish darajasi asta-sekin pasayib, aholining qarishi tezlashmoqda. Agar 2024 yilda 65 yoshdan oshganlar soni 2 milliondan ortiq bo‘lgan bo‘lsa, 2050 yilga kelib bu raqam 6 milliondan oshishi kutiladi.

Tahlilchilar fikricha, O‘zbekiston hozir muhim demografik bosqichni boshdan kechirmoqda. Biroq aholi o‘sishining o‘zi iqtisodiy o‘sishni kafolatlamaydi. Buning uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, ta’lim sifatini oshirish va mehnat bozori ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi.

UNICEF hisoboti mualliflari fikricha, aholi qarishi tezlashishidan oldingi davr O‘zbekiston uchun muhim imkoniyat eshigini ochadi. Bu vaqt ichida ta’lim, malaka va inson kapitaliga sarmoya kiritish mamlakatning demografik ustunligini iqtisodiy natijaga aylantirishi mumkin.

Ukraina urushida qatnashgan o‘zbekistonlikka hukm o‘qildi

Surxondaryoda Rossiya tomonida Ukrainadagi urushda qatnashgan 30 yoshli O‘zbekiston fuqarosi 4 yil 6 oyga ozodligi cheklandi.

Sud materiallariga ko‘ra, u Rossiyaga ishlash uchun ketgan va keyinchalik giyohvandlikka oid jinoyat uchun qamoq jazosini o‘tayotgan vaqtda Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolagan. U Donetsk viloyatidagi jangovar harakatlarda ishtirok etganini tan olgan.

Hujjatlarga ko‘ra, fuqaro dron hujumida yaralanganidan keyin harbiy gospitalga yuborilgan. Keyinroq O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida vatanga qaytgan.

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, fuqarolarning chet davlat harbiy xizmatida ishtirok etishi taqiqlangan.

Ukraina urushida Rossiya tomonida qatnashgan o‘zbekistonliklar haqida avval ham xabarlar berilgan. Xususan, BBC Rus xizmati va Rossiyaning mustaqil Mediazona nashri tadqiqotlarida urushga jalb qilingan ayrim o‘zbekistonliklar Rossiya qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan mahbuslar bo‘lgani qayd etilgandi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Adabiyot uchun yangi davr boshlanmoqdami?

O‘zbekistonda adabiyot, madaniyat va san’at sohasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi chora-tadbirlar e’lon qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda ijodkorlar uchun yangi ijtimoiy, moddiy va ijodiy imkoniyatlar yaratilishi ma’lum qilindi.

Rejalarga ko‘ra, har yili kamida 50 ta sara asar uchun davlat buyurtmasi beriladi. Shuningdek, o‘zbek adabiyotining eng yaxshi 10 ta asarini xorijiy tillarga tarjima qilish va ularni xalqaro maydonda targ‘ib etish tizimi joriy etiladi. Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi bilan nashr etiladigan kitoblarning qog‘oz xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi. Yosh ijodkorlarning eng yaxshi loyihalarini moliyalashtirish ham nazarda tutilgan.

Dastur ijodkorlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishni ham ko‘zlaydi. Unga muvofiq, ayrim soha vakillarining ipoteka krediti dastlabki to‘lovining 50 foizi qoplab beriladi, shuningdek tibbiy sug‘urta va davolanish bilan bog‘liq qator imtiyozlar joriy etiladi.

Bu qarorlar O‘zbekistonda adabiyotning jamiyatdagi o‘rni haqidagi bahslar davom etayotgan bir paytda e’lon qilinmoqda. Ayrim ijodkorlar kitobxonlik darajasi pasayib borayotganidan xavotir bildirsa, boshqalar milliy adabiyotni xalqaro maydonga olib chiqish va yangi avlod ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidlab keladi.

Shu bilan birga, adabiy muhitda kitoblar soni ortishi har doim ham sifat oshishini anglatmasligi haqidagi fikrlar ham yangrab turadi. Ayrim mualliflar va adabiyotshunoslar haqiqiy adabiyotni targ‘ib qilish, kitobxon didini shakllantirish va mustaqil adabiy tanqidni rivojlantirish masalalari hamon dolzarbligicha qolayotganini ta’kidlaydi.

Prezident o‘z chiqishida adabiyot va san’at milliy o‘zlikni mustahkamlash hamda yoshlarda Vatanga muhabbat va ma’naviy qadriyatlarni shakllantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidlagan.

Adabiyot tarixida yangi davrlar qarorlar bilan emas, asarlar bilan boshlangan. Bugungi tashabbuslar ertangi kunning ana shunday asarlariga, yangi kitobxonlar va yangi adabiy ovozlarga yo‘l ochadimi, bu hozircha ochiq qolayotgan savoldir.