Ukraina urushini tugatish "yangi g‘oya"si o‘zi bormikan?

Surat manbasi, Reuters
AQSh Prezidenti Trampning maxsus elchilari Stiv Uitkoff va Jared Kushner Kievda Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan matbuot anjumani o‘tkazdilar.
Matbuot anjumanida elchilar Ukraina urushini tugatish bo‘yicha "yangi g‘oyalar" olib kelganlarini aytdilar.
Bu Uitkoff va Kushnerning Ukraina poytaxtiga ilk tashrifi bo‘ldi.
Prezident Tramp o‘z prezidentligi ikkinchi muddatini boshlaganidan keyin uzoq yillik biznes sherigi Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushnerni Ukraina urushini tugatish bo‘yicha muzokarachilar etib tayinladi.
Kievga borishdan oldin Uitkoff va Kushner Moskvada Prezident Putin bilan muzokara o‘tkazdilar.
Bu Uitkoffning 2025 yil martidan beri Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan sakkizinchi, Jared Kushnerning uchinchi uchrashuvi bo‘ldi.
Moskvadan keyin elchilar Kievga bordilar.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Muzokarachilarga ko‘ra, "yangi g‘oyalar" haqiqatan ham ilgari surildi, ammo ularning mazmuni haqida batafsil ma’lumot berilmayapti.
«Bir nechta yangi g‘oyalar bo‘ldi, biz ularni muhokama qilib oldik. Hozircha bizga ularni chuqur tahlil qilish, tafsilotlarini tushunish, qanday qadamlar bo‘lishi mumkinligini va bu bizni tinchlikka yaqinlashtiradimi-yo‘qmi, shuni anglab olish imkonini beringlar. Shundan keyin jamoatchilik bilan gaplashamiz», dedi Prezident Zelenskiy matbuot anjumanida.
Uitkoffga ko‘ra, tomonlar yangi uch tomonlama uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rmoqdalar.
Ya’ni unda Ukraina, AQSh va Rossiya delegatsiyalari ishtirok etadi.
So‘nggi bir yil davomida bunday uchrashuvlardan bir nechtasi bo‘lib o‘tdi, ammo AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan keyin, fevral oyida ular to‘xtab qolgandi.
«Menimcha, Moskvada katta taraqqiyotga erishdik. Biz yangi g‘oyalarni eshitdik", dedi Uitkoff.
"Biz prezident Zelenskiyning uch tomonlama uchrashuv haqida gapirganini eshitdik va umid qilamizki, bu tez orada rasman e’lon qilinadi. Moskvada muhokama qilgan va bu yerga, Kievga olib kelgan ko‘plab ishonchli taklif va g‘oyalar bor».
«Ikki tomon ham murosaga borishi kerak. Ular o‘rtasidagi kelishmovchiliklar kamayishi lozim. Biz bu nuqtaga yetib borish uchun zarur tarkibiy omillar mavjud, deb hisoblaymiz», dedi Trampning maxsus elchisi.

"Volodimir Zelenskiy va uning amerikalik mehmonlari bugungi uchrashuv yuzasidan juda kam aniq ma’lumot berdilar. Bu, ehtimol, mutlaqo tushunarli holatdir. Biroq uchrashuvdan bir nechta umumiy xulosalar chiqarishimiz mumkin", deya matbuot anjumanidan keyin o‘zining mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi Bi-bi-si muxbiri Svyatoslav Xomenko.
Zelenskiy va uning amerikalik mehmonlari kechagi uchrashuvda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tezroq yakunlashga yordam berishi mumkin bo‘lgan qandaydir yangi g‘oyalar muhokama qilinganini aytdilar.
Zelenskiy ham amerikaliklar Kievga ayrim yangi takliflar bilan kelganini bildirdi.
Ammo bu qanday g‘oyalar ekanini bugungi muzokaralarning asosiy ishtirokchilari ochiqlashdan bosh tortdilar.
Ularning aytishicha, bu takliflarni avval tahlil qilish, o‘ylab ko‘rish, ularni rivojlantirish mumkinmi va mumkin bo‘lsa qaysi yo‘nalishda ekanini aniqlash lozim. Qisqacha aytganda, bu g‘oyalar haqiqatan ham mavjud ekanini tasdiqlaydigan dalillar taqdim etilmadi.
Shunday taassurot uyg‘ondiki, Uitkoff va Kushnerning Moskva hamda Kievga safaridagi asosiy maqsad Ukraina, Rossiya va AQSh ishtirokidagi uch tomonlama tinchlik jarayoniga yana jon baxsh etish bo‘lgan. Donald Tramp Eron urushini boshlaganidan keyin bu jarayonni deyarli o‘lib qolgan edi.
Endi, ehtimol, Amerika prezidentining elchilari Vashingtonga qaytib, o‘z xulosalari va takliflari bilan o‘rtoqlashadilar.
Shundan keyin muzokaralarning yangi bosqichini tashkil qilish qay darajada real ekani aniqroq bo‘ladi.
Amerikaliklar, har holda, gaplariga qaraganda, bu urushda barqaror tinchlik formulasiga erishish imkoni borligiga ishonadilar.
Zelenskiy esa ularning izlanishlarni to‘xtatmayotgani uchun minnatdorlik bildirish bilan birga, qish oylarida urush davom etishi ehtimoli yuqori ekanini ham ta’kidladi.
Shuning uchun, uning fikricha, amerikaliklar bilan nafaqat tinchlik haqida, balki Ukrainaga shu qish uchun zarur bo‘lgan aniq yordam paketi haqida ham suhbatlashish kerak.
Yana bir muhim jihat shundaki, Uitkoff va Kushner olib borayotgan tinchlik jarayonini jurnalistlar, jumladan amerikalik muxbirlar ham tobora ko‘proq tushkunliklik bilan kuzatayotgandeklar.
Ukrainalik taniqli jurnalist Dmitriy Gordonning Stiv Uitkoffga qarata bergan "Ukraina xalqining jallodi Vladimir Putin bilan yonma-yon o‘tirishdan uyalmaysizmi?" degan savoli kutilgan hol edi.
Ammo hatto Trampni qo‘llab-quvvatlovchi Newsmax nashri muxbirining "Rossiya bilan muzokaralar hech qayerga olib bormayotganini tan olish va Moskvaga haqiqiy bosim o‘tkazish vaqti kelmadimi?" degan savoli allaqachon muayyan kayfiyatlar paydo bo‘layotganidan dalolat beradi.
Albatta, Uitkoff va Kushner bunday savollarga uzoq, murakkab va bezakli javob qaytardilar: muloqot qilgan yaxshi, qilmagandan ko‘ra; tinchlik urushdan afzal va shu kabi fikrlar.
Ammo bunday savollarga aniq javob berilmayotgani Trampning elchilarini tashvishlantirishi kerak. Ayniqsa, Kongressga qo‘shimcha saylovlar yaqinlashayotgan bir paytda.
Bugungi Kiev muzokaralari tarix darsliklariga tarixiy voqea sifatida kirishi dargumon.
Eng yaxshi holatda ham ulardan tinchlik bo‘yicha murakkab va uzoq muzokaralar jarayonining yangi bosqichi boshlanishini kutish mumkin.
Bugunning o‘zidayoq ko‘pchilik bu jarayon muvaffaqiyatsizlikka mahkum deb hisoblaydi.
Biroq Prezident Zelenskiy Ukraina bu muzokara bosqichiga bir yil avvalgiga qaraganda ancha kuchliroq mavqeda kirishiga ishonadi.
Ehtimol, shuning uchun ham u mening "Amerikalik muzokarachilarning bu safar Kievga kelishi behuda bo‘lmadimi?" degan savolimni eshitgach, keng tabassum qildi va shunday javob berdi: "Behuda emas", deb yozdi Svyatoslav Xomenko.































