O‘zbekiston - Qirg‘iziston: Madaniyat ortida turgan siyosat - Video

Surat manbasi, BBC/Rasmiy
- Author, Davron Hotam
- Role, BBC O'zbek muxbiri
- Published
- O'qilish vaqti: 4 daq
Yaqinda, O‘sh shahrida o‘zbekistonlik yozuvchi Karimberdi To‘ramurod bilan adabiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bir qarashda bu oddiy adabiy tadbirdek tuyulishi mumkin. Ammo mazkur uchrashuvni so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida mustahkamlanayotgan munosabatlarning madaniy ifodalaridan biri sifatida ham ko‘rish mumkin.
Ayniqsa, bu jarayon mustaqillikdan keyingi uzoq yillar davomida kuzatilgan yopiqlik va kelishmovchiliklar ortidan yuz berayotganini hisobga olsak, bunday tadbirlar alohida ahamiyat kasb etadi. Bir vaqtlar mintaqa davlatlari o‘rtasidagi siyosiy taranglik, murakkab chegara masalalari va cheklangan aloqalar kun tartibining asosiy mavzularidan biri edi. Bugun esa chegaralar ochilishi bilan birga odamlar, g‘oyalar va madaniy aloqalar uchun ham yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Adabiyot ana shu yaqinlashuv jarayonining muhim vositalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Qirg‘iziston prezidenti e’tibor bergan kitob

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK
Kimdir yozuvchi va publitsist Karimberdi To‘ramurodni "Jiyda guli" teleseriali stsenariysi muallifi sifatida taniydi. Boshqalar esa uni mashhur qo‘shiqqa aylangan "Bu olis 18 yoshimda edi" she’ri orqali biladi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov esa yozuvchi ijodi bilan "Qora kitob" asari orqali tanishgan. Asar 2024 yilda shoir va tarjimon To‘raboy Jo‘raev tomonidan qirg‘iz tiliga tarjima qilingan.
Yozuvchining yana bir asari , "So‘nggi bek" qissasini qirg‘iz tiliga tarjima qilib, nashrga tayyorlayotgan jurnalist va tarjimon Sohiba Shokirovaning aytishicha, "Qora kitob" Afg‘oniston urushi oqibatida taqdiri izdan chiqqan insonlar haqida hikoya qiladi.

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK
"Asar faqat o‘zbek xalqining emas, balki butun Markaziy Osiyo xalqlarining, jumladan qirg‘izistonliklarning ham o‘tmishdagi dardli xotiralarini aks ettiradi. Shuning uchun ham kitob prezident Sadir Japarovning e’tiborini tortdi. Kitob bilan tanishgandan keyin u "ko‘proq nusxada chop etinglar, qirg‘izistonliklar bu kitobni o‘qishi kerak", degan edi", - deydi Sohiba Shokirova.
Karimberdi To‘ramurodning so‘zlariga ko‘ra, kitob bilan tanishgandan keyin Qirg‘iziston prezidenti nomidan unga esdalik sovg‘alari va Chingiz Aytmatov nomidagi ko‘krak nishoni yuborilgan.
Ammo mazkur voqeaning ahamiyati bir yozuvchining e’tirof etilishi yoki kitob taqdimoti bilangina cheklanmaydi. U ikki davlat munosabatlarida so‘nggi yillarda kuzatilayotgan o‘zgarishlarning ham bir ko‘rinishi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Sovuq munosabatlardan yaqin qo‘shnichilik sari

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK
Yaqin o‘tmishda O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari bugungidek emas edi. Chegara masalalari, suv resurslaridan foydalanish, anklavlar va ayrim hududiy kelishmovchiliklar munosabatlarda sovuqlikka sabab bo‘lgan davrlar ham kuzatilgan.
Ayrim yillarda chegara postlari yopilib, ikki davlat fuqarolarining borib-kelishi qiyinlashgan. Ayniqsa, Farg‘ona vodiysi aholisi uchun qo‘shni mamlakatga o‘tish ba’zan soatlab, ba’zan esa kunlab vaqt talab qilardi. Qardosh xalqlar o‘rtasidagi qarindoshlik rishtalari, savdo va madaniy aloqalar ham turli cheklovlar ta’sirida qolgan.
Bir paytlar o‘zbek qirg‘izni, qozoqni yoki tojikni bemalol ko‘ra olmaydigan sharoitda yashaganmiz. Chegaralar yopiq edi. 2016 yildan keyin chegaralar ochildi, muloqot qayta tikland
Bugungi kunda esa vaziyat ancha o‘zgargan deydi, Karimberdi To‘ramurod Bi-Bi-Si bilan suhbatda:
"Bir paytlar o‘zbek qirg‘izni ko‘rmasdan, qozog‘u tojik o‘zbekni ko‘rmasdan, o‘zbek turkmanni ko‘rmasdan, hamma tomonimiz yopiq, chegaralar yopiq sharoitda yashadik. Iqtisod ham shunga yarasha rivojlanmadi. Bizning tilimiz 2016 yildan keyin chiqdi. Chegaralarimiz ochildi, tilimiz ochildi va biz mana bunday muammolar haqida 2016 yildan keyin aytadigan bo‘ldik. To‘g‘ri, men davlat rahbarlarini ham, boshqalarni ham ko‘p tanqid qilaman. Siyosatni ham tanqid qilaman. Lekin, bor narsani ham borligini aytish kerak. Halol bo‘lish kerak. Davlat rahbarining ham yaxshi ishlarini aytish kerak. Masalan, eng yaxshi ishi, chegaralarni ochdi. Biz qirg‘iz, qozoq, tojik birodarlarimiz bilan do‘st bo‘lib, yana ahllikda yashay boshladik. Bir-birimizni ko‘rmay, o‘ttiz yilni o‘tkazib yubordik".
Kitoblar ham ko‘prik vazifasini bajarmoqda
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi sayyohlik aloqalari sezilarli darajada kengaygan. Ikki davlat fuqarolarining o‘zaro qatnovi va iqtisodiy munosabatlari ham faollashgan.
Madaniy-gumanitar sohada ham hamkorlik kuchaymoqda. O‘sh shahridagi Bobur nomidagi o‘zbek milliy akademik musiqali drama teatrining to‘liq ta’mir qilinishi, ta’lim muassasalari qurilishi va qo‘shma madaniy loyihalar ana shu jarayonning amaliy ko‘rinishlari sifatida baholanmoqda.

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK
Shu nuqtai nazardan qaraganda, «Qora kitob» taqdimoti ham shunchaki kitobxonlar uchrashuvi emas. U ikki xalqning umumiy tarixi, o‘xshash taqdiri va mushtarak xotirasi haqidagi muloqot hamdir. Afg‘oniston urushi haqidagi asarning qirg‘iz tiliga tarjima qilinishi, unga yuqori darajada e’tibor qaratilishi va kitobxonlar qiziqishi bilan qarshi olinishi madaniy maydondagi yaqinlashuvning bir belgisi sifatida ko‘rilishi mumkin.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:
Tadbirning yana bir jihati e’tiborga molik. Uchrashuv, asosan, rasmiy tashkilotlar tashabbusi bilan emas, balki kitobxonlar va muallif ijodi muxlislarining qiziqishi tufayli tashkil etilgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi e’lonlar orqali tadbirga kelgan yoshlar ham bo‘lgani adabiyotga qiziqish saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK
Ayni paytda Karimberdi To‘ramurodning yana bir asari, "So‘nggi bek" qissasi qirg‘iz tilida nashrga tayyorlanmoqda.
O‘shda bo‘lib o‘tgan mazkur adabiy uchrashuvni esa madaniyat ortida turgan ishonch, yaqinlik va yaxshi qo‘shnichilik siyosatining yana bir ifodasi deyish mumkn.
Tadbir ishtirokchilari aytganidek, siyosatchilar imzolaydigan kelishuvlar davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni belgilasa, kitoblar, teatrlar va madaniy muloqotlar xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradi.































