O‘zbekiston: Karimovning siyosiy merosi 10 yildan keyin qanday baholanmoqda?

Surat manbasi, David Hume Kennerly/Getty Images
O‘n yil o‘tganiga qaramay, Islom Karimov O‘zbekiston jamoat hayotida sezilarli ramziy o‘rinni saqlab qolmoqda. gazeta.uz Samarqanddan tayyorlagan reportajda qayd etilishicha, uning tug‘ilib o‘sgan uyi va dafn etilgan «Hazrati Xizr» majmuasiga hali ham mahalliy aholi va xorijdan kelgan mehmonlar muntazam tashrif buyuradi.
Nashr bilan suhbatlashgan mahalliy aholi vakillarining aytishicha, Karimov vafot etganidan keyin uning jasadi tug‘ilib o‘sgan Samarqanddagi xonadonga olib kelingan va janozaga tayyorlash bilan bog‘liq ishlar shu yerda amalga oshirilgan. Suhbatdoshlar o‘sha kunni odamlar va gullarga to‘lgan ko‘chalar bilan eslaydi.
Karimov tug‘ilib o‘sgan xonadonga qo‘shni bo‘lib yashovchi Karim Rahimberdievning gazeta.uz'ga aytishicha, birinchi prezident xotirasi bilan bog‘liq an’analar hali ham davom etmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, har yili Islom Karimov tug‘ilgan va vafot etgan sanalarda, shuningdek, Hayit bayramlarida Tatyana Karimova boshchiligida xonadonda qo‘y so‘yilib, ehson qilinadi.

Surat manbasi, gazeta.uz
Registon maydoni va Bibixonim majmuasi oralig‘ida joylashgan 21-umumta’lim maktabida Islom Karimov 1950-1955 yillarda tahsil olgan. Muassasa qoshida 1992 yilda ta’lim muassasasi tarixi va uning o‘quvchilari erishgan yutuqlarga bag‘ishlangan muzey tashkil etilgan. U yerda Islom Karimovning o‘quvchilik yillariga oid suratlar, hujjatlar va boshqa ashyolar bilan bir qatorda, maktabning umumiy tarixi ham aks ettirilgan, deya xabar berdi gazeta.uz.
Karimovga rasmiy e’tirof

Oradan o‘n yil o‘tgan bo‘lsa-da, rasmiy bayonotlarda Islom Karimov mustaqil O‘zbekiston davlatchiligi asoschilaridan biri sifatida ta’riflanmoqda. Uning vafotining 10 yilligi munosabati bilan 2 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan xotira marosimida so‘zga chiqqan prezident Shavkat Mirziyoyev Karimov nomi "mustaqillikning qo‘lga kiritilishi, milliy davlatchiligimizning tiklanishi va yurtimizning mustaqil taraqqiyot yo‘liga chiqishi bilan uzviy bog‘liq" ekanini ta’kidladi.
Bu haqda Islom Karimov ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasining rasmiy veb-sahifasida ham xabar qilindi. Unda aytilishicha, 2 sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovni xotirlash marosimi bo‘lib o‘tgan. Marosimda prezident Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ygan. Shuningdek, Oliy Majlis palatalari, Prezident administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar vakillari, ziyolilar hamda jamoatchilik vakillari ham haykal poyiga gullar qo‘ygan.
"Islom Karimov shaxsi haqidagi xotiralar, tafsilotlarga boy fikr va mulohazalar nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo hamda dunyoda kechgan va kechayotgan jarayonlar bilan chambarchas tutashib ketadi", deb yozdi ijtimoiy tarmoqlarda Media va kommunikatsiyalar ilmiy-tadqiqot instituti direktori Beruniy Alimov.
Karimov merosi haqida jamoatchilik nima deydi?

Surat manbasi, Bahtiyar Abdukerimov/Anadolu Agency/Getty Images
Biroq Islom Karimov haqidagi tasavvur faqat rasmiy bayonotlar bilan cheklanmaydi. Uning merosi haqidagi bahslar o‘n yil o‘tganidan keyin ham davom etmoqda.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Qirg‘izistonning mustaqil Open.kg onlayn nashrida chop etilgan maqolada o‘zbekistonlik Bahodir Fayz Karimov davridagi yopiq iqtisodiyot va xorijiy sarmoyalar tanqisligi mamlakat taraqqiyotini cheklagan deb hisoblashini aytgan. Uning fikricha, o‘tgan o‘n yil ichida O‘zbekistonda odamlar davlat siyosati haqida erkinroq fikr bildirishni boshlagan.
BBC Uzbek'ning «Gulnora Karimova ishi yopildimi?» dasturi ostidagi muhokamalarda ayrim foydalanuvchilar Karimov davrini barqarorlik bilan bog‘lagan. Xususan, @AlisherBekchanov-s9o nomi bilan fikr bildirgan foydalanuvchi Islom Karimov hayotligida «bunday gap-so‘zlar yo‘q edi, xalq tinch edi», deb yozib, shuningdek, uning qizi Gulnora Karimovaga nisbatan munosabat haqida ham o‘z xavotirini bildirgan.
Biroq boshqa izohlarda Karimov davri merosiga nisbatan tanqidiy munosabat ham kuzatildi. @axmatovaslan3783 nomi bilan fikr bildirgan foydalanuvchi uzoq yillar Rossiyada mehnat qilganiga qaramay uy-joyli bo‘la olmaganini yozib, mustaqillik yillaridagi iqtisodiy siyosatlardan oddiy fuqarolar yetarlicha manfaat ko‘rmaganini ta’kidlagan.
Izohlar orasida Gulnora Karimova taqdiri va uning aktivlari masalasiga oid bahslar ham uchraydi. Xususan, @axmatovaslan3783 nomi bilan fikr bildirgan foydalanuvchi "o‘sha pullarni olinsa xalqqa bo‘lib berilsin deganlar nechtamiz", deb yozgan.
Unga javoban @FncgndbffFngmfnfnm nomi bilan fikr bildirgan boshqa foydalanuvchi esa Gulnora Karimovani himoya qilib, uning ishiga nisbatan ayblovlarni shubha ostiga olgan va mamlakatning amaldagi rahbariyatini tanqid qilgan.
Islom Karimov haqidagi xotiralar va mulohazalar nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo hamda dunyoda kechgan va kechayotgan jarayonlar bilan chambarchas tutashib ketadi.
Ayrim foydalanuvchilar esa Karimov davrini mamlakatdagi tartib-intizom va davlat nazorati kuchli bo‘lgan davr sifatida eslaydi. BBC Uzbek'ning «O‘zbekiston xalqi Mirziyoyev kelgach mustaqillikni his qildimi?» mavzusidagi maqola posti ostida fikr qoldirgan @Alrahmet nomli foydalanuvchi Karimov davrida «intizom bor edi», degan fikrni bildirib, hozirgi davrda oddiy odamlarning dardi va shikoyatlari yetarlicha eshitilmayotganini yozgan.
Shu bilan birga, u so‘z erkinligi va davlatning fuqarolar bilan muloqoti borasidagi rasmiy baholarga ham shubha bildirgan. Boshqa bir izohida u, "Qanaqa mustaqillik, oilaviy pudrat keldi", deb yozib, mamlakat boshqaruv tizimi haqida tanqidiy munosabat bildirgan.
Biroq maqola haqida barcha izohlar ham tanqidiy ruhda emas. Masalan, @muhammadjonmadrahimov681 nomi bilan fikr bildirgan foydalanuvchi Mirziyoyev davrida tadbirkorlik muhiti yaxshilanganini aytgan. Uning yozishicha, Karimov davrida tadbirkorlar turli tekshiruvlar, korruptsiya va byurokratik to‘siqlar bosimi ostida ishlagan bo‘lsa, hozir bu sharoit ancha yengillashgan. 74 yoshli o‘quvchi, shuningdek, aholi turmush darajasi ham yaxshilangani haqida fikr bildirgan.
BBC Uzbek'ning «O‘zbekiston va mintaqa davlatlari 35 yilda nimaga erishdi?» dasturi ostidagi izohlarda ham Karimov merosi haqida turlicha fikrlar bildirildi.
Ayrim foydalanuvchilar Karimov davrida tilga olingan muammolarning bir qismi hanuzgacha saqlanib qolayotganini ta’kidlagan. Xususan, @IlhomXamza-f nomi bilan izoh qoldirgan o‘quvchi "hozirgi islohotlar 25 yilga kechikdi", deb yozib, korruptsiya, nepotizm va qarindosh-urug‘chilik hamon dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolayotganini aytgan.
Ayrim izohlarda mustaqillikning dastlabki yillaridagi iqtisodiy qiyinchiliklar haqida shaxsiy xotiralar ham keltirilgan. @Nodira-f6i nomi bilan fikr bildirgan foydalanuvchi zavodlar yopilishi ortidan ishsiz qolganini, buning oqibatida oilasi buzilganini va keyinchalik mehnat muhojiriga aylanganini yozgan. U Qozog‘istondagi turmush darajasini yuqoriroq deb baholagan.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Izohlar orasida Karimovning o‘ziga nisbatan ijobiyroq fikrlar ham uchradi. Masalan, @JasurbekSirojov-t7z nomi bilan fikr bildirgan foydalanuvchi, "Karimov 2000 yillarda vafot etganida, hozir ancha rivojlangan bo‘lardik", deb yozgan.
Boshqa ayrim foydalanuvchilar esa mamlakat muammolarining asosiy sababi sifatida korruptsiya va poraxo‘rlikni ko‘rsatgan. Xususan, @user_o3p-r8x nomi bilan fikr bildirgan foydalanuvchi, "agar bizda korruptsiya va poraxo‘rlik bo‘lmasa, hamma ishli bo‘lardi, hech kim chet elda xor bo‘lmasdi", deb yozgan.




























