BMTning tergov komissiyasi Isroil G‘azoda bolalarni ataylab nishonga olib genotsid sodir etayotganini aytdi. Nimalar ma’lum?

    • Author, Devid Gritten
    • Author, Stefani Xegarti
  • Published
  • O'qilish vaqti: 4 daq

BMTning tergov komissiyasi Isroil Falastin bolalarini ataylab nishonga olganini va bu G‘azo bo‘lgasida genotsid, insoniyatga qarshi jinoyatlar va urush jinoyatlariga, shuningdek bosib olingan G‘arbiy Sohilda ham urush jinoyatlariga olib kelganini bildirdi.

Yangi hisobotda Isroil hokimiyatlari va xavfsizlik kuchlari «yuz minglab falastinlik bolalarga o‘lim va og‘ir jismoniy hamda ruhiy zarar yetkazuvchi harakatlarni ataylab amalga oshirgani», shuningdek o‘tgan oktyabrdagi G‘azodagi otashkesim kelishuvidan keyin ham qotilliklar davom etgani ta’kidlangan.

Komissiyaning aytishicha, ushbu harakatlar «bolalarni nishonga olish orqali G‘azodagi falastinliklarning kelajagini yo‘q qilishga qaratilgan ataylab ishlab chiqilgan strategiyaning bir qismi» ekanini xulosa qilish uchun yetarli asoslar mavjud.

Isroil Tashqi ishlar vazirligi komissiya hisobotini «butunlay rad etishini» bildirib, uni «tuhmatga asoslangan soxta hujjat» va «avvalgilari kabi dahshatli propaganda materiali» deb atadi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Isroil armiyasi 2023-yil 7-oktyabrda Hamas boshchiligidagi janubiy Isroilga qilingan misli ko‘rilmagan hujumga javoban G‘azoda harbiy kampaniya boshlagan edi. Ushbu hujumda taxminan 1200 kishi halok bo‘lgan va 251 kishi garovga olingan edi.

Shundan buyon G‘azoda Isroil hujumlari oqibatida kamida 73035 kishi halok bo‘lgan, jumladan 21280 nafardan ortiq bolalar ham bor, deb ma’lum qildi Hamas nazoratidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi. BMT ushbu raqamlarni ishonchli deb hisoblaydi.

Bosib olingan Falastin hududlari va Isroil bo‘yicha Mustaqil xalqaro tergov komissiyasi BMT Inson huquqlari kengashi tomonidan 2021-yilda xalqaro gumanitar huquq va inson huquqlari qonunchiligi buzilgani haqidagi da’volarni tekshirish uchun tashkil etilgan.

Uning uch nafardan iborat ekspertlar hay’ati rasman BMT nomidan gapirmaydi.

O‘tgan yil sentyabr oyida komissiya Isroilni G‘azodagi falastinliklarga qarshi genotsid sodir etishda ayblagan edi. Hisobotda 1948-yilgi Genotsid konventsiyasida belgilangan beshta genotsid harakatidan to‘rttasi Isroil hokimiyatlari va xavfsizlik kuchlari tomonidan amalga oshirilganini xulosa qilish uchun yetarli asoslar mavjudligi aytilgan. Isroil esa ushbu hisobotni keskin rad etib, uni buzib ko‘rsatilgan va yolg‘on deb atagan.

Komissiya avvalroq Hamas va boshqa falastinlik qurolli guruhlar 2023-yil 7-oktyabrda urush jinoyatlari va xalqaro huquqning boshqa og‘ir buzilishlarini sodir etgani, shuningdek Isroil xavfsizlik kuchlari G‘azoda insoniyatga qarshi jinoyatlar va urush jinoyatlarini sodir etgani haqida xulosa qilgan edi.

O‘tgan oktyabrda Isroil va Hamas AQSh prezidenti Donald Trampning urushni tugatish rejasi doirasida otashkesimga kelishib olgan edi.

Shundan beri har ikki tomon bir-birini bir necha bor sulh shartlarini buzishda ayblab kelmoqda. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 1020 nafardan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, ular orasida 265 nafar bola bor. Isroil armiyasi esa to‘rt nafar askar ham halok bo‘lganini aytmoqda.

Seshanba kuni komissiya hisobot bilan birga e’lon qilingan bayonotda G‘azoda Isroil harbiy amaliyotlarining «keskin ko‘lami va tizimli xususiyati» davom etganini, bu esa falastinlik bolalarning «misli ko‘rilmagan o‘limlari, jarohatlari va ruhiy jarohatlariga» olib kelganini bildirdi.

«Hatto 2025 yil oktyabridagi otashkesim kelishuvidan keyin ham bolalar halok bo‘lishda va og‘ir jarohat olishda davom etmoqda. Isroil tomonidan otashkesim rejimi va xalqaro huquq doirasida falastinlik bolalarni himoya qilish majburiyatiga nisbatan beparvolik saqlanib qolmoqda», dedi komissiya raisi bo‘lgan hindistonlik huquqshunos Shrinivasan Muralidxar.

«Falastinlik bolalarning himoya qilinishi, ularga g‘amxo‘rlik qilish va ularning tirik qolishi falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqidan ajralmasdir», dedi u. «Bolalarni nishonga olish orqali Isroil falastin xalqining mavjud bo‘lish va o‘z kelajagini belgilash qobiliyatiga hujum qilmoqda».

Komissiyaning yangi hisobotida aytilishicha, Isroil G‘azodagi falastinlik bolalarni yuqori aniqlikdagi qurollar, jumladan kvadrokopter dronlar va snayperlar yordamida hayotiy muhim a’zolariga o‘q uzish orqali, shuningdek turar joy binolari, maktablar va bolalar to‘plangan qochqinlar jamloqlariga kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi qurollar bilan zarba berish orqali bevosita nishonga olgan.

Hisobotga ko‘ra, Isroil G‘arbiy Sohilda falastinlik bolalarni Isroil askarlari va kelgindilar tomonidan nishonga olinishdan himoya qila olmagani uchun ham huquqiy javobgar hisoblanadi.

Hisobotda, shuningdek, G‘azo va G‘arbiy Sohildagi bolalar, ayniqsa o‘smir o‘g‘il bolalar, «Isroil qamoqxonalari va hibs muassasalarida hibsga olingani, qiynoqqa solingani va yomon muomalaga duchor qilingani», shuningdek «ko‘pincha hibsga olish vaqtida yoki hibsda saqlash jarayonida falastinlik bolalarga qarshi jinsiy va gender asosidagi zo‘ravonlik holatlari» hujjatlashtirilgani aytilgan.

Hisobotga ko‘ra, Isroilning G‘azodagi neonatal va pediatriya shifoxonalariga qilgan hujumlari «bolalarning hayotni saqlab qoluvchi tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatini tizimli ravishda yo‘q qilgan va ularning himoya qilinuvchi guruh sifatida omon qolishini izdan chiqargan».

Hisobot Isroilni ochlikdan urush usuli sifatida foydalanishda ham ayblaydi, hamda G‘azoga gumanitar yordam kiritilishiga qo‘yilgan cheklovlar «G‘azodagi bolalar orasida o‘tkir va surunkali to‘yib ovqatlanmaslik keltirib chiqargani va ularning tirik qolishi uchun zarur bo‘lgan asosiy shart-sharoitlarni yo‘q qilgani» haqida ogohlantiradi.

Shuningdek, hisobotga ko‘ra, maktablarga qilingan hujumlar, ommaviy ko‘chirishlar va majburiy yopilishlar orqali Isroil hokimiyatlari «bolalarning ta’lim olish imkoniyatini tizimli ravishda buzgan va shu bilan falastin jamiyatining intellektual hamda ijtimoiy poydevorlarini izdan chiqargan».

Isroil Tashqi ishlar vazirligi hisobotni qoralab, komissiya "aslida haqiqatni izlashdan ko‘ra Isroilni ajratib ko‘rsatish va obro‘siga putur yetkazishdan iborat bo‘lgan tubdan nuqsonli mexanizm" ekanligini aytdi.

«Hisobot Hamas tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirilgan, o‘g‘irlangan va nishonga olingan isroillik bolalarni butunlay inkor qiladi, shu bilan birga Hamasning falastinlik bolalardan tirik qalqon va urush quroli sifatida foydalanishini e’tiborsiz qoldiradi», deyiladi bayonotda. Shuningdek, unda komissiya «o‘z da’volarini tasdiqlash uchun ishonchli tekshiruv mexanizmiga ega emasligi»da ayblanadi.

Isroil rahbarlari genotsid haqidagi ayblovlarni doimiy ravishda rad etib kelmoqda va ularning aytishicha, G‘azodagi harbiy amaliyotlar o‘zini himoya qilish, Hamas va boshqa falastinlik qurolli guruhlarni mag‘lub etish hamda isroillik garovdagilarni ozod qilish maqsadida amalga oshirilgan.

Ular, shuningdek, Isroil kuchlari xalqaro qonunga muvofiq harakat qilgani va tinch aholiga yetkaziladigan zararni kamaytirish uchun barcha mumkin bo‘lgan choralarni ko‘rganini ta’kidlab kelmoqda.

Hozirda Xalqaro sud Janubiy Afrika tomonidan kiritilgan va Isroil kuchlarini genotsidda ayblovchi ishni ko‘rib chiqmoqda, ammo yakuniy xulosaga kelish uchun yillar ketishi mumkin. Isroil esa ushbu ishni «butunlay asossiz» va «bir tomonlama hamda yolg‘on da’volarga asoslangan» deb atagan.