You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Toshkent xalqasi bo‘ylab tezyurar poyezd qo‘yiladi
Toshkent shahri katta xalqa yo'li bo'ylab 26 bekatdan tashkil topuvchi tezyurar poyezd relslari yotqiziladi. Yo'lovchilar bir soatning ichida poytaxtni aylanib chiqish imkoniga ega bo'lishi kutilmoqda. Poyezdlar oralig'i 7 daqiqani tashkil qiladi.
Bu haqda "Axborot" dasturi xabar bergan. Yo'lning uzunligi 71,2 chaqirimni tashkil qiladi. Ikki tomonlama qatnovchi poyezd uchun umumiy hisobda 140 chaqirimdan ko'proq temir yo'l yotqizilishi kutilmoqda.
Loyiha qiymati 265 mln dollarni tashkil qilishi va 2020 yili foydalanishga topshirilishi aytilmoqda.
"Yo'l qurilishi bugungi kunda vujudga kelayotgan tirbandiklardan qutilishga, yo'lovchilar oqimi harakatini tartibga solishga olib keladi. Biz avtobus, marshrutka va metropoliten yo'lovchi oqimini birlashtiramiz", - degan "O'zbekiston temir yo'llari" bosh muhandisi Husniddin Hosilov "Axborot" ko'rsatuviga.
Ushbu turdagi transport vositasining paydo bo'lishi bir tumandan ikkinchi tumanga bormoqchi bo'lgan yo'lovchilarning og'irini yengil qilishi kutilmoqda.
Poytaxt janubida joylashgan "Otchopar", "Bek-Baraka", "O'rikzor" kabi yirik ulgurji bozorlarga boshqa tomonlardan kelish mijozlarning ko'p vaqtini olishi aytiladi.
Ayniqsa, yengil turdagi avtomobillarning yildan yilga ko'payayotgani yo'llarda avtomobillar tirbandliklar yaratmoqda.
Yangi temir yo'lda yuruvchi poyezd vagonlari qulay bo'lishi va boshqa jamoat transporti bilan bog'lanishi aytilmoqda.