You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
"Odamlar Mirziyoyevning Karimovdan farqli rahbar boʻlishini istashadi"
Britaniya Oʻzbekistonning yangi rahbariyati eʼlon qilgan islohotlar kun tartibini dastaklagan ilk gʻarb davlati boʻlgan.
Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Alan Dunkan oʻtgan hafta Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlar dasturi mamlakatdagi sarmoya muhitini sezilarli darajada oʻzgartiradi, deb ishonishlarini aytgan.
U qoʻshnilar bilan aloqalarni yaxshilash hamda valyuta siyosatini oʻzgartirish sari qoʻyilgan qadamlarni "juda ham ijobiy" deya baholagan.
Ayni paytda gʻarblik ayrim tahlilchilar Mirziyoyevning islohotlari ijtimoiy-iqtisodiy soha bilan cheklanadi, degan fikrda.
Xoʻsh, Mirziyoyev oʻzi eʼlon qilgan islohotlarda qanchalik ilgari keta oladi?
BBC Oʻzbekistondagi prezident saylovlarini yoritgan Olma-Otadagi britaniyalik jurnalist Joanna Lillis bilan suhbatlashgan.
Joanna Lillis: Shubhasiz, Oʻzbekistonning yangi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev islohotlarni boshlashi haqida qator muhim bayonotlarni berdi. Xususan, ijtimoiy-iqtisodiy sohada. U Islom Karimovning vafotidan soʻng, vaqtincha Prezident vazifasini bajarib turgan paytdayoq, qator qadamlarni qoʻydi. Yangi Prezident ishora qilgan eng muhim islohotlardan biri pul siyosati haqida edi. Mirziyoyev xorij valyutasining "qora bozor"idan qutulish niyatida ekaniga ishora qildi. Bilasiz, "qora bozor" Oʻzbekiston iqtisodiyotining eng noqulay va eng xunuk jihatlaridan bittasi. Hukumat hozirgacha "qora bozor"ning mavjudligini tan olmay kelardi. Ammo Mirziyoyev yangi yilda hukumat oʻzbek soʻmini sunʼiy dastaklashga chek qoʻyishi va miliy valyutaning erkin oqishiga qoʻyib berishi haqidagi farmonni imzoladi. Bu rasmiy va bozor kursining birlashishi va amalda "qora bozor"ning yoʻqolishini anglatadi. Bu juda muhim. Bundan tashqari, Mirziyoyev korruptsiyaga qarshi kurashishi va xususiy sektorni dastaklashini aytdi. Oʻzbekiston iqtisodi, bilasiz, juda ham markazlashgan va sovet davridan buyon katta qismi isloh qilinmagan bir iqtisoddir. Undagi juda koʻp segmentlar davlat tomonidan nazorat qiladi. Karimov davrida qabul qilingan xususiylashtirish dasturi amalga oshiriladigan va shuningdek, yangi yildan Britaniya doxil qator davlatlarga viza bekor qilinishi kutilmoqda. Shu maʼnoda, ha, islohotlar kun tartibi mavjud, ammo hozircha u bir gap, xolos. Amalda jarayon ancha sekin kechadi, deb oʻylayman va islohotlarning natijasini hali vaqt koʻrsatadi.
BBC: Mirziyoyev bir tomondan islohotlar haqida gapirayapti, ikkinchi tomondan esa, Karimov davrida haydalgan amaldorlarni hukumatga olib kelayapti. Hukumat tarkibidagi oʻzgarishlarni qanday baholagan boʻlardingiz?
Joanna Lillis: Haqiqatan ham. Mirziyoyev hokimiyat koridorlariga yangi havo olib kirishi haqida koʻp gapirilayapti, ammo uning hukumatga tayinlagan odamlari eski odamlar. Jumladan, Bosh vazir Abdulla Aripov telekom tizimidagi korruptsiya mojarosi tufayli hukumatdan haydalgandi. Aripov yillar davomida rahbarlik qilgan soha korruptsiya gullab-yashnagan va marhum prezidentning qizi Gulnora Karimova pora olgani iddao qilingan bir sohadir. Bir tomondan korruptsiyaga qarshi kurash haqida gapirib, ikkinchi tomondan koruptsiyaga botgan soha rahbarlarini hukumatdagi bosh lavozimlarga tayinlash bir-biriga unchalik ham toʻgʻri kelmaydi. Biz hukumatda yangi yuzlarni, jumladan, yoshlar, ayniqsa, xususiy sektorda tajribaga ega boʻlgan yosh kadrlarni koʻrmayapmiz. Yaʼni bu maʼnoda yangi hukumatni islohotlarchilar hukumati deb aytib boʻlmaydi. Ammo agar Mirziyoyev haqiqatan ham islohotlarga kirishsa, bu eski mulozimlar islohotlarni amalga oshirolmaydi, deb ham boʻlmaydi. Menimcha, amalga oshira oladi.
BBC: Sizningcha, Mirziyoyevning qoʻlida qanchalik hokimiyat bor? U qaror qabul qilishda qudratli SNB rahbari Inoyatovdan qanchalik mustaqil deb ayta olamiz?
Joanna Lillis: Shavkat Mirziyoyevning shaxsan qanchalik qudratga ega ekani, menimcha, katta savol. Shubhasiz, Mirziyoyevni hokimiyatga olib kelgan narsa, bu -Oʻzbekistondagi qudratli elitalar oʻrtasidagi murosadir. Ularning ichila birinchisi va eng qudratlisi, albatta, Milliy Xavfsizlik Xizmati. Mirziyoyevni Inoyatov hokimiyatga olib kelganiga hech shubha yoʻq. Albatta, boshqa guruhlar va oʻyinchilar ham bor.Bu maʼnoda Mirziyoyev manevr qilishiga imkon bor. Lekin nazarimda Prezident bu guruhlarning birontasi bilan ham kelishmasdan islohotlarni eʼlon qilolmaydi. Menimcha Mirziyoyevning nimaga qodirligini koʻrishda, valyuta qora bozorining yoʻqolib-yoʻqolmasligi muhim bir ishora boʻladi. Chunki bu qora bozordan hamisha hukumatga yaqin, agar bevosita hukumatning ichida boʻlmasa, qudratli doiralar foyda koʻrib kelgan. Ammo hozirda shubhasiz, Mirziyoyev qarorlarni konsensus asosida qabul qilayapti, deb oʻylayman.
BBC: Kuch tizimlarida oʻzgarishlarni kutishimiz mumkinmi?
Joanna Lillis: Albatta, mumkin. Ammo Oʻzbekistondagi kabi kadrlar oʻzgarishi haqida oldindan eʼlon qilinmaydigan bir mamlakatda kimning ketib, kimning qolishini bashorat qilish qiyin. Mirziyoyev oʻzining inauguratsion nutqida hukumat tarkibida jiddiy oʻzgarishlar boʻlishini aytdi, ammo kuch tizimlari haqida gapirgani yoʻq. Oʻzgarishlar, menimcha boʻladi. Lekin darhol emas va unchalik yirik miqyosda ham boʻlishi kutilmaydi. Chunki bir tomondan, Mirziyoyev hokimiyatni oʻz qoʻlida jamlashi kerak, ikkinchi tomondan esa, juda ham qudratli odamlarni xafa qilib qoʻymasligi kerak. menimcha, kuch tizimlaridag oʻzgarishlar asta-sekinlik bilan yuz beradi.
BBC: Mirziyoyev Senat raisining birinchi oʻrinbosari etib tayinlagan sobiq tashqi ishlar vaziri Sodiq Safoyev soʻnggi paytlarda siyosiy modernizatsiya haqida qator bayonotlarni berdi. Sizningcha, Mirziyoyev siyosiy sohada jiddiy islohotlarni oʻtkazishga tayyormi?
Joanna Lillis: Bu juda qiziq savol. Mirziyoyev ham, atrofidagilar ham siyosiy islohotlar haqida baʼzi bayonotlarni berishyapti. Safoyev shulardan bittasi. Ammo nazarimda siyosiy islohotlar juda sekin va uzoq vaqtga choʻziladigan jarayon boʻladi. Chunki men Oʻzbekistondagi saylovlarda qatnashdim. Mirziyoyevning qanday saylanganini oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Saylovlar Karimov davrida qanday oʻtgan boʻlsa, shunday oʻtdi. Janob Mirziyoyev salkam 90 foiz ovoz bilan saylandi. Oʻzbekistonda muxolifat yoʻq. Agar islohotlar uchun siyosiy iroda mavjud boʻlganida, saylovlar sal boshqacharoq, ochiqroq oʻtishi kerak edi. Oʻzbekistonda toki siyosiy muxolifatga yoʻl berilmas ekan, matbuotga erkinlik berilmas ekan va sovet davri qoldigʻi boʻlgan OVIR vizasi bekor qilinmas ekan, demokratik islohotlar haqida gapirish qiyin.
BBC: Shavkat Mirziyoyevning boshqaruv uslubi haqida nima deya olasiz? Sizningcha, u Islom Karimovdan qanchalik farqli?
Joanna Lillis: Shubhasiz, Mirziyoyev oʻzini yangi avlod vakili sifatida taqdim qilishga urinayapti. U Karimovdan qariyb 20 yosh kichik. Oʻzbekistonning ikkinchi prezidenti sifatida u farqli bir boshqaruv usuli, ochiqlik, xalqqa yaqinlikni namoyish qilishga tirishayapti. Virtual qabulxonalar ochdi, fuqarlarning shikoyatlariga quloq solayapti, hokimlardan hisob soʻrayapti va hokazo... U nisbatan qisqa vaqt ichida xalqning orasida ancha obroʻ qozondi. Men prezident saylovlari vaqtida koʻplab oddiy odamlar bilani gaplashdim. Ularning aksariyati Mirziyoyevdan mamnun. Albatta, ularning koʻpchiligi davlat matbuotining tashviqotlari taʼsiri ostidalar. Ammo odamlar Mirziyoyevni ishchan, oʻz soʻzining ustidan chiqadigan bir rahbar sifatida tanishadi. Shuning uchun ham Mirziyoyev Oʻzbekistonni oʻzgartiradi, deb ishonishayapti. Lekin hech kim Mirziyoyevdan demokratik oʻzgarishlar toʻlqinini kutayotgani yoʻq, albatta. Odamlar Mirziyoyev pragmatik bir rahbar sifatida xalqning hayotini yaxshilaydi, chegaralarni ochadi, hayotni osonlashtiradi, xalqni kamroq ezadi va shu yoʻl bilan oʻzidan Karimovnikidan farqli bir meros qoldiradi, deb umid qilishayapti.
BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
Instagram - BBC UZBEK
Twitter - BBC UZBEK
Odnoklassniki - BBC UZBEK
Facebook - BBC UZBEK
Google+ - BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - bbcuzbekradio
bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring