You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
O‘zbekiston: Toshkent Xalqaro investitsiya forumi nima uchun muhim?
Sarmoya, sarmoya va yana sarmoya – O‘zbekistonda so‘nggi o‘n yillikda eng ko‘p tilga olinadigan kalima shu – investitsiya.
O‘zbekiston uchun bu forum yirik iqtisodiy tadbirdir, TXIF birinchi marta o‘tayotgani yo‘q. Forum ilk bor 2022 yilda tashkil etilganida, unda dunyoning 56 davlatidan 1000 dan ziyod xorijlik mehmon qatnashgan edi. Bu gal tashkilotchilar 99 mamlakatdan 8000 dan ortiq ishtirokchini kutishmoqda. Ularning 3100 nafarga yaqini xalqaro tashkilotlar, turfa shirkat va davlatlarning vakillaridir.
Mehmonlar ro‘yxati ayni forumning qanchalar nufuzi ortayotganini ham aks ettiradi. Bu galgi ro‘yxatda turfa mamlakatlardan kelgan mulozimlar, xalqaro moliya tashkilotlari vakillari, yirik korporatsiyalar rahbarlari, investitsiya jamg‘armalari boshqaruvchilari va biznes yetakchilari borligi aytilmoqda.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekiston uchun bu tadbir xorijiy kapitalni jalb qilish va jahon bozorlari bilan aloqalarni mustahkamlashda muhim maydonga aylanib ulgurgan.
Forumda nimalar bo‘ladi?
Uch kunlik dastur rasmiy va norasmiy uchrashuvlar qorishmasidan iborat. Uning doirasida markaziy yalpi majlis, tarmoqlar bo‘yicha taqdimotlar, ikki tomonlama muzokaralar, netvorking (tanishuv va aloqalar o‘rnatish) tadbirlari hamda kelishuvlarni imzolash marosimlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Forum bilan parallel ravishda tashkil etiladigan ko‘rgazma O‘zbekistonning turli sohalardagi iqtisodiy salohiyatini namoyish etadi. Unda neft-kimyo, riteyl (savdo), mashinasozlik, elektronika, qurilish materiallari, metallurgiya, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati va boshqa ustuvor tarmoqlar qamrab olinadi. Bundan maqsad - investorlarga mamlakatning turli hududlaridagi muayyan loyihalar va imkoniyatlar haqida aniq tasavvur berishdir.
Eng muhim tadbirlardan biri - Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tadigan Xorijiy investorlar kengashining yalpi majlisi bo‘ladi. Unda asosiy e’tibor investitsiya muhitini yaxshilash, sanoat va texnologik rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash hamda mahalliy tadbirkorlar va chet ellik investorlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga qaratilishi kutilmoqda.
Investitsiya kelishuvlari nega muhim?
Forumning bosh maqsadi - yangi investitsiyaviy bitimlarga erishish. Tashkilotchilarning bildirishicha, hozirda energetika, transport, qurilish, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, moliya, turizm va ta’lim kabi keng qamrovli sohalarni qamrab oluvchi yirik kelishuvlar paketi tayyorlanmoqda.
Bu kelishuvlar O‘zbekistonning iqtisodiy strategiyasida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Hukumat yangi loyihalar orqali ish o‘rinlari yaratish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, eksport salohiyatini kengaytirish va infratuzilmani zamonaviylashtirishni maqsad qilgan.
Rasmiylar forum shunchaki muhokama maydoni emas, balki aniq natijalar beradigan mexanizm bo‘lishi kerakligini ta’kidlamoqdalar. Avvalgi forumlar doirasida ham yirik shartnomalar imzolangan va bu xorijlik investorlarda ishonch uyg‘onishiga xizmat qilgan edi.
Ochiq ma’lumotlarga qaralsa, I Xalqaro investitsiya forumi (2022 yil) yakunlari bo‘yicha qiymati $7,8 milliardlik aniq kelishuv va shartnomalar paketi imzolangan. II Xalqaro investitsiya forumi natijalarida esa bu raqam 11 milliard AQSh dollariga yetgan, 164 ta hujjat va shartnomalar imzolanishi bilan yakunlangan.
Muloqotdan amaliyotga
So‘nggi chiqishlaridan birida Prezident Mirziyoyev forumning muvaffaqiyati shunchaki e’tiborni tortish bilan emas, balki erishilgan kelishuvlarning nechog‘li samarali ijro etilishi bilan o‘lchanishini alohida qayd etdi. U mutasaddilarga loyihalarni amalga oshirishning aniq mexanizmlarini tayyorlash va bitimlar imzolanganidan keyin ularning borishini nazorat qiluvchi tizim yaratishni topshirdi.
Taqdimot masalasiga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Mahalliy hokimiyat va idoralar zimmasiga umumiy takliflar emas, balki puxta ishlab chiqilgan va amaliy ahamiyatga ega loyihalar orqali har bir tarmoq va hududning investitsiyaviy jozibadorligini ko‘rsatib berish vazifasi yuklatilgan.
Keng mintaqaviy rol
Bu forum yana bir katta maqsadni - O‘zbekiston va Markaziy Osiyoni iqtisodiy o‘sishning yangi markazi sifatida ko‘rsatishni ko‘zlaydi. Xalqaro investorlar va siyosatchilarni birlashtirgan holda, tadbir mintaqaning investitsiya kun tartibini belgilash va chegaralararo hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Hukumat ushbu forumni shunchaki bir martalik tadbir emas, balki sheriklikni yo‘lga qo‘yish va taraqqiyotni harakatlantiruvchi uzoq muddatli platforma deb biladi.
Umumiy manzara
Amaliy jihatdan olib qaraganda, 2026 yilgi Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining muvaffaqiyati u tugaganidan keyingi natijalar bilan o‘lchanadi. Agar kelishuvlar real loyihalarga, ish o‘rinlari va infratuzilmaga aylansa, bu tadbir O‘zbekistonning investitsiya uchun jozibador mamlakat sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlaydi.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, ayni forum mamlakatning uzoqqa mo‘ljallangan strategiyasidan nishonadir: bu strategiya shunchaki diqqat markazida bo‘lish emas, balki barqaror iqtisodiy natijalarga erishishni nazarda tutadi.
Geosiyosiy qarama-qarshilik fazosida muloqot: Toshkent qanday qilib ko‘prikka aylanmoqda?
Bu yilgi Toshkent xalqaro investitsiya forumi faqatgina iqtisodiy raqamlar va shartnomalar bilan emas, balki unda ishtirok etayotgan tomonlarning geosiyosiy tarkibi bilan ham diqqatga sazovordir. Forumda Rossiya hukumati vakillari va bizneslari ham ishtirok etmoqda.
Ukraina urushi manzarasida G‘arb va Rossiya munosabatlari hamon tarang, Moskvaga bog‘liq deb ko‘rilgan aksariyat bizneslar va shirkatlarga jazo choralari amalda qolayotir.
G‘arbning jazo choralari Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonga tegishli ayrim shirkatlarga ham daxl qilayotgani ma’lum.
Har qanday holatda ham dunyoda kuchli qutblanish kuzatilayotgan bir paytda, Toshkent forumi bir-biriga raqib bo‘lgan tomonlar vakillarini bir maydonga olib kelmoqda.
Bu "bir maydonga" kelishdan maqsad o‘zaro raqib bo‘lgan tomonlarni "iqtisodiy" yarashuviga erishish emas. Toshkent o‘zining mustaqil, ko‘p qirrali siyosatini yana bir bor namoyish etishi va alal-oqibat mamlakatga sarmoyalar oqimini ko‘paytirishga erishini istaydi.
Forum doirasida bir tomondan AQSh va Yevropa Ittifoqining yirik shirkatlari (masalan, Boeing, Air Products & Chemicals, Airbus kabi korporatsiyalar), shuningdek, YeTTB, XMK va Jahon banki kabi G‘arb moliya institutlari faollik ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan mintaqaviy va yirik davlatlarning hukumat delegatsiyalari hamda kompaniyalari qatnashmoqda.
Siyosat va iqtisodiyot - muvozanat omili nimada?
Kuzatuvchilarga ko‘ra, bunday manzara O‘zbekistonning pragmatik va ko‘p vektorli tashqi siyosati mahsulidir. Rasmiy Toshkent geosiyosiy nizolardan uzoqlashgan holda, milliy manfaatlarni birinchi o‘ringa qo‘yishga intilmoqda. Mamlakat bir vaqning o‘zida ham strategik loyihalarni davom ettirmoqda, ham G‘arb kapitali va texnologiyalarini faol jalb qilyapti.
Biroq, bunday "ikki tomonlama" maydon yaratish qanchalik ish beradi? Tahlilchilar bu borada ikki xil fikrda:
Ijobiy tomoni (Muvaffaqiyat omili): Bu format O‘zbekistonga iqtisodiy jihatdan muqobil variantlarni saqlab qolish imkonini beradi. Mamlakat yagona bozorga yoki investitsiya manbasiga bog‘lanib qolmaydi. G‘arb shirkatlari Markaziy Osiyo bozoriga kirish orqali o‘z ta’sirini mustahkamlashga urinsa, boshqa tomonlar ham yangi logistik va iqtisodiy imkoniyatlar sifatida O‘zbekistonga ehtiyoj sezmoqda. Natijada, ikkala tomon ham Toshkent taklif qilayotgan loyihalarda raqobatlashishga majbur bo‘lyapti.
Xavf va xavotirlar: Eng katta qiyinchilik - joriy etilgan xalqaro sanksiyalar va cheklovlar bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston rasmiylari yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda G‘arb investitsiyalari va moliyaviy tizimlariga zarar yetkazmaslik, ya’ni "nozik chiziq" ustidan yurishga majbur. Bu esa bank-moliya va yuqori texnologiyalar sohasidagi kelishuvlarni juda ehtiyotkorlik bilan tuzishni talab qiladi.
Toshkent forumi bugungi kunda siyosiy devorlarni chetlab o‘tib, faqat iqtisodiy manfaatlar tilida gaplashish mumkin bo‘lgan kam sonli xalqaro maydonlardan biriga aylandi. Ammo bu modelning uzoq muddatli muvaffaqiyati Toshkent diplomatiyasining geosiyosiy bosimlar ostida bu muvozanatni qanchalik saqlab qola olishiga bog‘liq bo‘ladi.