Nega Qirg‘iziston hukumati Xitoy bo‘yicha ijobiy ritorikani kuchaytirmoqda?

Surat manbasi, PRESIDENT.KG
Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ning 31 avgust va 1 sentyabrь kunlari Bishkekda o‘tadigan sammiti arafasida Qirg‘izistonda davlatga yaqin va hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi ommaviy axborot vositalari Xitoy haqidagi ijobiy materiallarni ko‘paytirdi.
Ularda Xitoy Qirg‘iziston uchun sarmoya, texnologiya va infratuzilma manbai sifatida talqin qilinadi.
Shu bilan birga, xitoylik investorlar, yer ijarasi va mamlakatdagi Xitoy ta’siriga oid xavotirlar asossiz ekani haqidagi fikrlar ham ilgari surilgan.

Surat manbasi, EPA
Xitoy ta’siriga oid xavotirlar
So‘nggi oylarda ijtimoiy tarmoqlarda xorijliklarga yer sotilishi mumkinligi, xitoylik ishchilar soni ortishi va mamlakatning Pekinga haddan tashqari bog‘lanib qolishi haqida turli da’volar tarqala boshladi.
Bu muhokamalar, ayniqsa, Qirg‘iziston uchun strategik ahamiyatga ega Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi atrofida avj oldi. Hukumat mazkur loyihani mamlakat iqtisodiyoti uchun tarixiy imkoniyat deb hisoblaydi.
Prezident Sadir Japarov va boshqa yuqori lavozimli amaldorlar mamlakat yerlari xorijliklarga sotilmasligi va Xitoy bilan hamkorlik milliy manfaatlarga zid emasligini bir necha bor ta’kidladi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Temir yo‘l loyihasi nima uchun muhim?
Rasmiylar fikricha, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li mamlakatning iqtisodiy xaritasini o‘zgartirishi mumkin.
Qirg‘iziston dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan va asosiy savdo yo‘llaridan chetda joylashgan davlat hisoblanadi. Yangi temir yo‘l esa mamlakatni Xitoy, Markaziy Osiyo, Kaspiybo‘yi, Kavkaz va Yevropa bozorlari bilan bog‘laydi.
Hukumat va uni qo‘llab-quvvatlovchi ekspertlarga ko‘ra, bu loyiha Qirg‘izistonni tranzit va logistika markaziga aylantirishi, yangi ish o‘rinlari yaratishi hamda davlat daromadlarini oshirishi mumkin.
Shu bois ayrim nashrlar temir yo‘lni nafaqat iqtisodiy, balki mamlakat kelajagini belgilaydigan strategik loyiha sifatida taqdim etgan.
Xitoy texnologiyalari taraqqiyot namunasi sifatida

Surat manbasi, Reuters
So‘nggi haftalarda e’lon qilingan bir qator maqolalarda Xitoyning texnologik va iqtisodiy yutuqlariga alohida urg‘u berildi.
Ayrim nashrlar Xitoyning sun’iy intellekt, robototexnika va raqamli texnologiyalar sohasidagi taraqqiyotini Qirg‘iziston uchun namuna sifatida ko‘rsatdi. Mualliflarning fikricha, bu texnologiyalar logistika, qishloq xo‘jaligi, qurilish va sog‘liqni saqlash sohalarini modernizatsiya qilishga yordam berishi mumkin.
Xitoy bilan yashil energetika sohasidagi hamkorlik, energiya saqlash texnologiyalari va qo‘shma ilmiy loyihalar ham ijobiy misol sifatida keltirilgan.
"Yer sotilmaydi"
Jamoatchilikni tashvishlantirayotgan asosiy masalalardan biri xorijliklar, xususan, Xitoy fuqarolari Qirg‘iziston yerlariga egalik qilishi mumkinligi haqidagi da’volardir.
Biroq hukumat buni rad etmoqda. Prezident Japarovning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston qonunchiligi yerlarni xorijliklarga sotishga yo‘l qo‘ymaydi. Investorlar yerdan muayyan muddat foydalanish huquqini olishi mumkin, ammo mulk huquqi davlatda qoladi.
Parlament va iqtisodiy idoralar ham mazkur pozitsiyani qo‘llab-quvvatlab, uzoq muddatli ijara mulk huquqi berilganini anglatmasligini ta’kidladi.
Shubhalar va shaffoflik masalasi
Tanqidchilarning asosiy e’tirozi Xitoy bilan amalga oshirilayotgan yirik loyihalar shartlari jamoatchilikka to‘liq ochiqlanmagani deyiladi.
Ayrim siyosiy tahlilchilar Xitoy ishtirokidagi investitsiya loyihalarining umumiy qiymati keskin oshganini qayd etib, ularning moliyaviy va huquqiy shartlari bo‘yicha batafsilroq ma’lumot berishga chaqirgan.
Ularning fikricha, jamoatchilik xavotirlarining bir qismi Xitoy bilan emas, balki qaror qabul qilish jarayonlarining yetarlicha shaffof emasligi bilan bog‘liq.
Bahslar zamirida nima yotibdi?
Kuzatuvchilarga ko‘ra, bahslarning markazida Xitoy emas, balki davlat institutlariga ishonch masalasi turibdi.
Ayrim ekspertlar aholining yer ijarasi va xorijiy sarmoyalarga salbiy munosabatini hukumat qarorlariga ishonch pastligi bilan izohlaydi. Ularning fikricha, bunday vaziyatda rasmiy raddiyalarning o‘zi yetarli emas, ko‘proq ochiqlik, jamoatchilik muhokamasi va tushuntirish ishlari zarur.
ShHT sammiti arafasida Qirg‘iziston rahbariyati va davlatga yaqin OAV Xitoy bilan hamkorlikni iqtisodiy taraqqiyot uchun muhim imkoniyat sifatida ko‘rsatishga urinmoqda.
Biroq mamlakatda Xitoy sarmoyalari va infratuzilma loyihalari atrofidagi bahslar yaqin kelajakda ham davom etishi mumkin. Chunki bu muhokamalar nafaqat iqtisodiy manfaatlar, balki shaffoflik, suverenitet va davlatga ishonch kabi kengroq masalalarni ham qamrab oladi.






























