Nega ayollar erkaklardan uzoq yashaydi?

Surat manbasi, MStudioImages/Getty Images
- Author, Ellen Sang
- Role, BBC Jahon Xizmati
- Published
- O'qilish vaqti: 5 daq
Agar siz ayol bo‘lsangiz, katta ehtimol bilan aka-ukalaringiz yoki erkak do‘stlaringizga qaraganda uzoqroq yashaysiz — dunyo bo‘yicha o‘rtacha hisobda bu farq taxminan besh yilni tashkil etadi.
Bu holatning aniq sabablari to‘liq ma’lum emas. Ammo olimlar bir qator farazlarni ilgari surmoqda. Ular ayrim qush turlarida, aksincha, narlari uzoqroq yashashini ham izohlashga yordam berishi mumkin.
Bevaqt o‘lim
"Deyarli barcha mamlakatlarda ayollar erkaklarga qaraganda uzoqroq yashaydi", — deydi Oksford universitetining Aholi qarishini o‘rganish instituti direktori, professor Sara Xarper.
Uning ta’kidlashicha, bu farq mamlakatga qarab sezilarli o‘zgaradi.
Our World in Data ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya, Ukraina va Vetnamda ayollar erkaklarga qaraganda taxminan 10 yil yoki undan ham ko‘proq yashaydi. Nigeriya kabi davlatlarda esa bu farq ancha kichik.
Olimlar bu tafovutni qisman ijtimoiy va xulq-atvor omillari bilan izohlaydi.

Surat manbasi, Quynh Anh Nguyen/Getty Images
2023 yilda Vetnamda o‘rtacha umr davomiyligi ayollarda 79,3 yil, erkaklarda esa 69,9 yilni tashkil etgan.
Xarperning aytishicha, ayniqsa Rossiyada chekish va spirtli ichimliklar iste’moli muhim omil bo‘lib, bu odatlar erkaklar orasida ko‘proq tarqalgan. Jahonda erkaklar umrni qisqartiruvchi boshqa odatlarga ham ko‘proq moyil.
"Ularning ovqatlanish ratsioni odatda unchalik sog‘lom emas", — deydi u.
Shuningdek, erkaklar shifokorga kamroq murojaat qiladi. Biroq, "uylangan erkaklar nisbatan yaxshiroq holatda — ko‘pincha ularni shifokorga turmush o‘rtog‘i olib boradi". Ko‘plab jamiyatlarda erkaklar ayollarga nisbatan xavfliroq faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi. Erkaklik tushunchasi esa ko‘pincha yuqori tavakkalchilik bilan bog‘lanadi.
"Yo‘l-transport hodisalari, zo‘ravonlik, qotillik va o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq o‘limlar erkaklar orasida ancha yuqori", — deydi Xarper.

Surat manbasi, Ronald Dumont/Getty Images
Erkaklar biologiyasi ularni o‘limga, ayollar biologiyasi esa nogironlikka moyil qiladi.
Biroq bu holatni o‘zgarmas deb bo‘lmaydi. Masalan, Buyuk Britaniyada 1960–1970 yillarda o‘tkazilgan tamakiga qarshi kampaniyalar erkaklar orasidagi muddatidan oldingi o‘limni kamaytirgan.
"Kutilmaganda bu tafovut keskin qisqardi", — deydi u.
Shunga qaramay, olimning fikricha, hatto aholi odatlari o‘zgargan taqdirda ham gender farqi to‘liq yo‘qolmaydi. Chunki ayollar va erkaklar o‘rtasida "biologik tafovut hamisha saqlanib qoladi".
Estrogen va testosteron
Bu farqlarning biri gormonlar bilan bog‘liq.
"Estrogenlar ayol organizmini himoya qiluvchi ko‘plab vazifalarni bajaradi", — deydi Valensiya universiteti fiziologi, qarish jarayonlari bo‘yicha mutaxassis professor Konsuelo Borras.
Uning so‘zlariga ko‘ra, estrogen xolesterin darajasini nazorat qilish, immun tizimini tartibga solish, siydik yo‘llari infektsiyalarining oldini olish, shuningdek, miya va suyaklarni himoya qilishda muhim rol o‘ynaydi. Estrogenning yana bir muhim jihati — uning antioksidant xususiyati. U hujayralarda to‘planib, qarishni tezlashtiradigan erkin radikallarga qarshi kurashadi.
"Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, menopauza davrida estrogen himoyasi kamayishi organizmning ko‘plab funktsiyalariga ta’sir qiladi. Masalan, osteoporoz nafaqat qarish, balki gormon tanqisligi bilan ham bog‘liq", — deydi Borras.
Uning ta’kidlashicha, menopauzaning boshida gormon o‘rnini bosuvchi terapiya qo‘llanganda, ayrim funktsiyalar tiklanishi mumkin. Bu usul menopauza oldidan kamayadigan estrogen va progesteron miqdorini to‘ldirishga qaratilgan.

Surat manbasi, Half point images/Getty Images
Erkaklarda esa asosiy gormon testosterondir. U ko‘proq tavakkalchilik bilan bog‘liq xulq-atvorga ta’sir qilishi ma’lum. Borrasga ko‘ra, testosteron organizmga ma’lum darajada salbiy ta’sir ko‘rsatishi ham mumkin, ammo bu jarayon hali to‘liq o‘rganilmagan.
2012 yilda o‘tkazilgan tadqiqotda testosteron ishlab chiqarmaydigan koreyalik yevnuxlar (bichilgan saroy amaldorlari) o‘z tengdoshlariga qaraganda 14–19 yil uzoq yashagani aniqlangan. Biroq bu ma’lumotlar cheklangan va bunday tadqiqotlarni takrorlash amalda imkonsiz. Shu bilan birga, ayrim hayvonlar ustidagi kuzatishlar ham bichilgan narlari ko‘proq yashashini ko‘rsatadi.
Gormonlar — uzoq umr sirining faqat bir qismi xolos. "Bu haqiqatan ham juda murakkab jarayon", — qo‘shimcha qiladi Borras.
Evolyutsion izohlar
Bu masalani tushunish uchun olimlar hayvonlar dunyosiga ham nazar tashlagan. Urg‘ochilari uzoqroq yashaydigan yagona tur inson emas. Bu holat ko‘plab sutemizuvchilarga xos — jumladan, sherlar, qo‘ylar, kosatkalar (qora delfinlar) va sichqonlar.
Qizig‘i, qushlarda boshqacha manzara kuzatiladi: odatda ularning narlari uzoqroq yashaydi.
Bu farq jinsiy xromosomalar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Erkaklarda Y-xromosoma X-xromosomaga nisbatan kichik va kamroq genlarga ega.

Surat manbasi, Nathan Devery/Getty Images
Maks Plank instituti tadqiqotchisi doktor Yoxanna Shtark shunday deydi: "Sutemizuvchilarning urg‘ochilarida ikki X-xromosoma mavjud. Agar ulardan birida mutatsiya bo‘lsa, ikkinchisi uni qoplashi mumkin. Narlarida esa bunday imkoniyat yo‘q".
Qushlarda esa aksincha: narlarda ikkita bir xil xromosoma (ZZ), urg‘ochilarda esa turlicha xromosoma (ZW) mavjud.
"Bu sutemizuvchilarda urg‘ochilar, qushlarda esa narlar uzoqroq yashashining sabablaridan biri bo‘lishi mumkin", — deydi Shtark.
Uning aytishicha, juftlashish usuli ham muhim. Monogam turlarda jinsiy farq katta emas. Ammo poligin turlarda — masalan, sherlar va gorillalarda — bu farq ancha kuchli bo‘ladi. Bunday turlarda narlar katta jussa yoki kuchli "qurollar"ni rivojlantirishga ko‘p energiya sarflaydi. Bu esa ba’zan uzoq umr hisobiga to‘g‘ri keladi.
Urg‘ochilarda esa evolyutsiya boshqa yo‘l bilan kechgan. "Ayniqsa uzoq yashaydigan turlarda, jumladan insonlarda, onalarning uzoq yashashi zurriyotni voyaga yetkazish uchun muhim", — deydi Shtark.

Surat manbasi, guenterguni/Getty Images
Uzoqroq va sifatliroq
Lekin bu ayollar uchun faqat ijobiy holat emas.
Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, ayollar uzoqroq yashasa-da, hayot davomida o‘limga olib kelmaydigan kasalliklardan ko‘proq aziyat chekadi. Ular orasida bel og‘rig‘i, depressiv buzilishlar va bosh og‘riqlar bor.
"Ayollarda immun reaktsiya kuchliroq, ammo bu yallig‘lanish kasalliklariga olib kelishi mumkin", — deydi Xarper.
Shuningdek, ularda mushak va suyak tizimi nisbatan zaifroq bo‘lishi mumkin.
2021 yilgi "Global kasalliklar yuki" tadqiqotining tahlili ayollar bel og‘rig‘idan erkaklarga qaraganda ko‘proq aziyat chekkanini, bu farq esa yosh bilan ortib borishini ko‘rsatgan.

Surat manbasi, The Good Brigade/Getty Images
Xarperga ko‘ra, "erkaklar biologiyasi ularni o‘limga, ayollar biologiyasi esa nogironlikka moyil qiladi".
Shu bilan birga, mutaxassislarning ta’kidlashicha, biologiya inson taqdirini to‘liq belgilab bermaydi.
"Biologik farqlarga atrof-muhit va hayot tarzi ham ta’sir ko‘rsatadi", — deydi Borras.
Uning fikricha, har ikki jins uchun ham to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik, uyqu va stressni nazorat qilish nafaqat uzoq yashash, balki sifatli hayot kechirish uchun ham muhim.


































