Aql bovar qilmaydi: Immunoterapiya bilan saratonni yo‘qotishmoqda. Qanday qilib?

Published
O'qilish vaqti: 7 daq

Caratonga qarshi kurashda immun tizimini kuchaytirishga asoslangan davolash usullari deyarli bir asrlik rivojlanishdan so‘ng takomillashib, bemorlar hayotini saqlab qola boshladi.

Nyu-Yorkda yashovchi 71 yoshli Morin Sideris 2008 yilda yo‘g‘on ichak saratoni sababli jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi. Davolash muvaffaqiyatli o‘tdi, ammo operatsiyadan keyingi tiklanish jarayoni juda og‘ir kechdi.

Oradan o‘n to‘rt yil o‘tgach, Siderisga qizilo‘ngach saratoni tashxisi qo‘yildi. Bu safar klinik sinov doirasida taklif etilgan davolash usuli avvalgisidan tubdan farq qilar edi. U har uch haftada Nyu-York shahridagi Memorial Sloan Kettering saraton markaziga borib, 45 daqiqa davomida "Dostarlimab" nomli dori infuziyasini olardi.

Atigi to‘rt oylik davolanishdan so‘ng Siderisning o‘smasi jarrohlik, kimyoterapiya yoki nur terapiyasisiz yo‘qoldi. Uning yagona jiddiy nojo‘ya ta’siri charchoqqa sabab bo‘ladigan buyrakusti bezi yetishmovchiligi bo‘ldi. "Aql bovar qilmasdi, – deydi u. – Go‘yoki ilmiy fantastikadek".

Lekin bu haqiqat. Sideris saratonga qarshi immunoterapiyadan foyda ko‘rayotgan bemorlarning ortib borayotgan safiga qo‘shildi. Bu usulning nojo‘ya ta’siri kimyoterapiya va radioterapiya kabi boshqa muolajalarnikidan kamroq.

"Tomog‘imga bir narsa tiqilib, etim jimirlab ketadi", deydi jarrohlik onkologiyasi professori va Texasdagi Anderson nomidagi saraton markazining immunoterapiya bo‘yicha tadqiqotchisi Jennifer Uorgo. "Odamlar yashayapti, sifatli hayot kechiryapti. Biz shifo topish haqida gapiryapmiz".

"Organizm "o‘zga" ko‘rinishidagi hujayralarni aniqlash va yo‘q qilish uchun tabiiy qobiliyatga ega", deya tushuntiradi AQShdagi immunoterapiya rivojiga hissa qo‘shayotgan notijoriy tashkilot – Parker nomidagi saraton immunoterapiyasi instituti bosh direktori Karen Knudsen. Agar hammasi to‘g‘ri ishlayotgan bo‘lsa, bu jarayonga saratonga aylangan hujayralar ham kirishi kerak. Ammo ba’zida saraton hujayralari bu tizimdan qochadi yoki uni aldab o‘tadi, xavfli va nazoratsiz o‘sa boshlaydi. Ular atrofdagi sog‘lom hujayralardan farqlab bo‘lmaydigan darajada yashirinadi.

Immunoterapiyaning maqsadi ana shu saraton hujayralarini fosh qilish, shunda immun tizimi ularni tanib oladi. Bu usul immun tizimining himoya kuchini oshirib, saraton hujayralarini topish va yo‘q qilishga yordam beradi.

Bugun immunoterapiya saratonga qarshi qanday kurashadi?

Immunoterapiyaning eng mashhur ikki usuli bor. Birinchisi, CAR T-hujayra terapiyasi, ikkinchisi, immun nazorat nuqtasi ingibitorlaridir. CAR T-hujayra terapiyasi bemor qonidan T-hujayralarni (begonalarni ovlaydigan va o‘ldiradigan o‘ta maxsus immun hujayralar) ajratib olish, laboratoriyada ularni saraton hujayralarini topib, hujum qila oladigan tarzda o‘zgartirish va tanaga qayta yuborishdan iborat. Hozirda bu davolash usullari qon saratonini davolashda qo‘llanmoqda.

Immun nazorat nuqtasi ingibitorlari esa immun tizimidagi mavjud "o‘chirish" tugmasini ishdan chiqaradigan dorilardir. "O‘chirish" tugmasi himoya mexanizmi bo‘lib, muhim vazifani bajaradi – u sog‘lom hujayralarga zarar yetkazuvchi ortiqcha tajovuzkor immun reaktsiyalar oldini oladi. Biroq, ba’zi saraton hujayralari ana shu tugmani "o‘chirib", T-hujayralarning to‘xtab qolishiga sabab bo‘ladi va shu tariqa aniqlanmay qoladi. Immun nazorat nuqtasi ingibitorlari esa buning oldini oladi, ya’ni T-hujayralar saraton hujayralarini tahdid sifatida tanib, hujum boshlaydi. Bu yangilikni kashf etgan olimlar 2018 yilda Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi va bu dorilar bugungi kunda saratonning ko‘plab turlarida qo‘llanmoqda.

Shunga qaramay, ikkala usulning ham o‘z cheklovlari bor. Tadqiqotlar davom etayotganiga qaramay, olimlar yangi tashxislarning 90 foizdan ortig‘ini tashkil etuvchi qattiq o‘smalarga (qon saratonidan farqli o‘laroq) qarshi CAR T-hujayra terapiyasini samarali qilishda qiynalmoqda. Shuningdek, bu davolash usuli qimmat va uni qo‘llash ko‘p mehnat talab qiladi.

"Immun nazorat nuqtasi ingibitorlari esa turli-tuman nojo‘ya ta’sirlar bilan kechishi mumkin", deydi Londondagi Frensis Krik instituti tibbiy onkologi Samra Turajlich. Buning sababi shundaki, immun tizimining "o‘chirish" tugmalari organizmning o‘z to‘qimalariga hujum qilishi oldini olish uchun mo‘ljallangan. Shu sababli bu himoyani olib tashlash o‘smalar bilan birga saraton bo‘lmagan hujayralarni ham xavf ostiga qo‘yishi mumkin. AQSh Milliy saraton instituti ma’lumotlariga ko‘ra, keng tarqalgan nojo‘ya ta’sirlar orasida teri toshmalari, diareya va charchoq bor, kamdan-kam hollarda esa jigar, yurak va buyraklar yallig‘lanishiga olib kelishi mumkin.

Agar dori tajovuzkor saratonni jilovlay olsa, bu tavakkalchilik o‘zini oqlashi mumkin. Lekin doim ham unday bo‘lavermaydi. Turajlichning aytishicha, butun onkologiya sohasi oldida turgan asosiy muammolardan biri shuki, hech bir immunoterapiya barcha bemorlarda birdek samara bermaydi. Bunga o‘smaning immun tizimi tanib olishini qiyinlashtiradigan tuzilishidan tortib, immun hujayralarining o‘ziga xos xususiyatlarigacha ko‘plab sabablar bo‘lishi mumkin.

Umuman olganda, bemorlarning 20 foizdan 40 foizgacha bo‘lgan qismiga immunoterapiya ta’sir qiladi. Bu shuni anglatadiki, ko‘plab bemorlar deyarli hech qanday ijobiy natija olmasdan, nojo‘ya ta’sirlarga duch keladi, vaqt va umidning behuda sarflanishini esa gapirmasa ham bo‘ladi.

Ko‘p qirrali yondashuvlar

Immunoterapiyadan ko‘proq bemor qanday naf ko‘rishi mumkin? Tadqiqotchilar bu muammoga turli nuqtai nazardan yondashmoqda.

Uorgoning dastlabki tadqiqotlari ko‘rsatishicha, tarkibida kletchatka miqdori yuqori bo‘lgan parhezga rioya qilgan bemorlar ichak mikrobiomasidagi o‘zgarishlar hisobiga yaxshiroq natijaga erishishi mumkin. Bu o‘zgarishlar ham immun tizimiga, ham o‘smaning o‘ziga ta’sir qilishi ehtimoli bor. Boshqa bir hayratlanarli tadqiqotga ko‘ra, xolesterinni pasaytiruvchi arzon va qulay dorilar bo‘lmish statinlar hujayralararo aloqadagi kutilmagan o‘zgarishlar orqali immunoterapiya samarasini kuchaytirishi mumkin. Hatto davolash vaqti ham ahamiyatli bo‘lishi mumkin: ayrim so‘nggi tadqiqotlar kunning birinchi yarmida dori qabul qilgan bemorlarning ahvoli kechroq qabul qilganlarga qaraganda yaxshiroq bo‘lishini ko‘rsatmoqda.

Immunoterapiyani radiatsiya yoki ultratovush kabi saratonni davolashning boshqa usullari bilan birga qo‘llash ham davo samaradorligini oshirishning yana bir yo‘li bo‘lishi mumkin. "Radiatsiya, aslida... o‘smani immun tizimi uchun ko‘rinadigan qilib qo‘yishi mumkin", deya tushuntiradi ushbu kombinatsiyalashgan yondashuvni tadqiq qilgan Weill Cornell tibbiyot markazi xodimi Sandra Demaria. O‘smalarga qarshi yuqori chastotali tovush to‘lqinlaridan foydalanadigan ultratovush terapiya ham xuddi shunday ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Boshqa tadqiqotchilar esa immunoterapiyaning individuallashtirish imkoniyatidan foydalanib, bemorlarga ular uchun eng munosib davo usulini sinchkovlik bilan tanlamoqda.

Individuallashtirilgan tibbiyot ko‘plab sohalarda katta qiziqish uyg‘otmoqda, biroq Knudsenning ta’kidlashicha, kasallikning geterogenligini (xilma-xilligini) hisobga olsak, bu onkologiya uchun ayniqsa muhim. "Saraton bir kasallik emas, – deydi Knudsen. – Bu 200 xil kasallik bo‘lib, ularning barchasi turli sabablarga ko‘ra yuzaga keladi va ularni turlicha davolash kerak". Hatto bir xil turdagi va bosqichdagi saratonga chalingan ikki bemorda ham hujayra darajasida kasallik turlicha kechishi mumkin.

"Soha burilish nuqtasida turibdi, – deydi Demaria. – Endi biz saratonni emas, balki bevosita bemorning o‘zini davolashga o‘tishimiz mumkin".

Memorial Sloan Kettering saraton markazi olimlari istiqbolli strategiyalardan birini sinovdan o‘tkazdi. Bu usul ma’lum bir genetik profilga ega o‘smalar "Dostarlimab" kabi immun nazorat nuqtasi ingibitorlariga yaxshi ta’sir ko‘rsatishi haqidagi xulosaga asoslanadi. 2022 va 2024 yillarda shu profildagi to‘g‘ri ichak saratonini davolash bo‘yicha o‘tkazilgan ikkita kichik sinovda bu davo usuli o‘smalarni butunlay yo‘q qildi. Shundan so‘ng, jamoa o‘z tadqiqotini kengaytirib, unga qizilo‘ngach, qovuq va oshqozon kabi turli xil o‘smalarga chalingan, ammo ayni genetik xususiyatga ega 117 nafar bemorni jalb qildi. To‘liq davolash kursini tugatgan 103 kishidan 84 nafarida, jumladan, Siderisda ham o‘smalarning butunlay yo‘qolgani kuzatildi, faqat ikki kishidagina qo‘shimcha jarrohlik zarur bo‘ldi.

Anderson markazi tadqiqotchilari boshqa bir nazorat nuqtasi ingibitoridan foydalanib o‘tkazgan tadqiqotda ham shunga o‘xshash natijalar haqida xabar berishdi. Boshqa guruhlar esa, bemorlar oxir-oqibat jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan taqdirda ham, agar o‘smalar avval immunoterapiya bilan nishonga olinsa, kamida ba’zi hollarda operatsiya natijalari yaxshiroq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Garchi ko‘proq tadqiqotlar talab etilsa-da, bunday natijalar umidbaxsh, chunki ular kamroq invaziv, ammo yuqori samarali davolash davriga yo‘l ochadi, – deydi Memorial Sloan Kettering saraton markazining qattiq o‘smalar onkologiyasi bo‘limi rahbari Luis Diaz. – Biz o‘rta asrlardan zamonaviy davrga o‘tishimiz kerak. To‘g‘ri ichakni, oshqozonni yoki qovuqni olib tashlash... Biz bundan yaxshiroq yo‘lini topishimiz shart".

Biroq bir jihati bor: o‘smalarning atigi 5 foizigina Diaz va uning hamkasblari o‘rgangan jarrohliksiz immunoterapiya usuliga mos keladigan genetik tuzilishga ega. "Qolgan 95 foiz uchun ham shunday samarali usul kerak", deydi u.

Saraton vaktsinalari istiqboli

Shu maqsadda tadqiqotchilar immunoterapiyaning yangicha usullarini izlamoqda va saraton vaktsinalari kabi eski usullarni takomillashtirmoqda.

An’anaviy vaktsinalar organizmni virus kabi patogenning biror qismi bilan tanishtiradi, shu orqali uni haqiqiy dushmanga qarshi mashq qildiradi. Knudsenning aytishicha, shunga o‘xshash kontseptsiya saratonda ham ish berishi mumkin – faqat u kasallikning oldini olish uchun emas, balki uni davolash uchun qo‘llanishi mumkin.

Saraton hujayralari yuzasi turli oqsillar bilan qoplanadi. Vaktsina texnologiyasidan foydalanib, tadqiqotchilar bemorning immun tizimini aynan shu oqsillarni tanib olishga va nishonga olishga o‘rgatishi mumkin, bu esa uning o‘ziga xos saratoniga qarshi kuchli javob reaktsiyasini yuzaga keltiradi, deya tushuntiradi Knudsen.

Ushbu yondashuvni tasdiqlovchi dastlabki dalillar allaqachon mavjud. Yaqinda AQShdagi Dana-Farber saraton instituti tadqiqotchilari buyrak saratonining bir turiga chalingan to‘qqiz kishi uchun individuallashgan vaktsinalar yaratdi. Ularning o‘smalari jarrohlik yo‘li bilan olib tashlanganidan so‘ng, bemorlar organizmda qolgan saraton hujayralaridan xalos bo‘lish uchun emlandi.

2025 yilda e’lon qilingan tadqiqotda jamoa barcha to‘qqiz bemorda saratonga qarshi maqsadli immun reaktsiyasi yuzaga kelganini va operatsiyadan bir necha yil o‘tib ham ularda saraton qaytalanmaganini ma’lum qildi. Individuallashgan vaktsinalar melanomani davolashda ham ish berishi mumkinligini ko‘rsatdi.

"Bizni misli ko‘rilmagan yangi dunyo kutmoqda, – deydi Knudsen. – Bu aniq ishlovchi tibbiyotning ayni ta’rifi. Endi biz, ehtimol, har bir alohida o‘smaga qarshi emlash strategiyalarini juda tezkorlik bilan ishlab chiqa olamiz".

Bu hayajonli yangiliklarga qaramay, oldinda hali uzoq yo‘l turibdi.

O‘rganilayotgan umidbaxsh usullarning ba’zilarini tasdiqlash, har bir bemordagi saraton turiga qarshi samarali davo choralarini aniq va ishonchli belgilay oladigan darajaga erishish uchun qo‘shimcha tadqiqotlar zarur. "Ilk klinik sinov bosqichlaridan o‘ta olmagan istiqbolli maqsadlar va yangi vositalar juda ko‘p bo‘lgan," deya ogohlantiradi Demaria.

Diazning aytishicha, bemorlarning ma’lum bir qismiga immunoterapiyaning hech bir turi kor qilmasligi mumkin. Uning aytishicha, saratonning o‘sish va rivojlanishiga imkon beruvchi turli "g‘ayriodatiy kuchlar" mavjud va immun tizimi ba’zi saraton turlari uchun boshqalariga qaraganda kuchliroq raqib bo‘la oladi.

Biroq, davolash kor qilgan bemorlar uchun immunoterapiya ham hayotni saqlab qoluvchi, ham uni butunlay o‘zgartiruvchi vosita ekanligini ko‘rsatmoqda.

Diazning tadqiqotida ishtirok etgan bemor Sideris o‘zini onkologiyaning porloq kelajagining bir qismi deb biladi. "Biz ajoyib yo‘lda ketmoqdamiz, – deydi u. –Shifokorlardan biri menga 10 yil ichida har qanday kimyoterapiya va nur bilan davolash xuddi qon oldirish kabi o‘ta eskirgan usulga aylanib qolishini aytdi".