Ishdan olingan Ukraina mudofaa vaziri endi saylov o‘tkazilishiga chaqirmoqda. U Zelenskiyning o‘rniga ko‘z tikyaptimi?

Surat manbasi, Reuters
Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri Mixail Fyodorov, urush davrida bo‘lsa ham, saylov o‘tkazishga chaqirdi. Bu chaqiriq Rossiyaning to‘liq ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri Vladimir Zelenskiy prezidentligiga nisbatan bildirilgan eng jiddiy siyosiy da’vo sifatida baholanmoqda.
«Demokratiyani Rossiya garoviga aylantirib qo‘yish mumkin emas», — dedi 35 yoshli Fyodorov seshanba kuni YouTube'da joylagan videomurojaatida. U Ukraina «aynan erkin Yevropa davlati bo‘lib qolishni istaganimiz uchun» kurashayotganini ta’kidladi.
2022 yilda urush boshlanganidan beri Ukrainada harbiy holat amal qilmoqda. Bu esa saylovlarni o‘tkazishni to‘xtatib turishni anglatadi.
Fyodorov o‘tgan oy mudofaa vaziri lavozimidan kutilmaganda ozod qilingan edi. U bu lavozimga tayinlanganiga atigi olti oy bo‘lgandi. Fyodorovning lavozimidan olinishi mamlakat bo‘ylab namoyishlarga sabab bo‘lgan.
Zelenskiy Fyodorovning videomurojaatiga hali munosabat bildirgani yo‘q.
Mudofaa vaziri sifatida Fyodorov katta qo‘llab-quvvatlovga ega edi. U vazirlik faoliyatini jadallashtirgani, korruptsiyaga qarshi kurashni kuchaytirgani hamda frontdagi samaradorlikni tahlil qilish va oshirish uchun ma’lumotlardan foydalanishga urg‘u bergani bilan e’tirof etilgan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Uning lavozimidan chetlatilishi armiyaning bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy bilan o‘rtasidagi ziddiyatlarga bog‘liq bo‘lgan, degan fikr keng tarqalgan.
Oradan bir necha kun o‘tib, Sirskiy ham lavozimidan almashtirildi. Bu vaqtda Fyodorovni lavozimiga qaytarishni talab qilgan namoyishlar kuchayib, Ukraina prezidentiga bosim ortib borayotgan edi.

Surat manbasi, EPA
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Fyodorovga hukumatda boshqa lavozimlar, jumladan, harbiy innovatsiyalar bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari lavozimi taklif qilingan. Biroq 35 yoshli siyosatchi faqat mudofaa vaziri sifatida hukumatga qaytishini aytgan.
Fyodorov videomurojaatini e’lon qilishidan bir necha soat oldin Zelenskiy parlamentdan mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Yevgeniy Xmarani lavozimga tasdiqlashni so‘raganini ma’lum qildi. Parlamentda ovoz berish chorshanba kuni o‘tkazilishi kerak edi.
Fyodorov o‘zining siyosiy rejalari, jumladan prezident saylovlarida o‘z nomzodligini qo‘yish-qo‘ymasligi haqida hech qanday ishora bermadi. Uning asosiy e’tibori «uzoq davom etayotgan urush sharoitida ham Ukrainaga to‘liq demokratik jarayonni tiklash imkonini beradigan qonuniy, xavfsiz va real mexanizm» yaratish zaruratiga qaratildi.
So‘nggi ijtimoiy tadqiqotlar atrofidagi siyosiy muhitga qaralsa, Ukrainaning bir nechta yirik sotsiologiya markazlari ma’lumotlarida Zelenskiyga nisbatan ishonch va elektoral qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatkichlari pasaygani qayd etilgan. «Ukrainskaya pravda» buni Fyodorovning iste’fosi atrofidagi voqealar bilan ham bog‘lamoqda.
Kievda ba’zilar sobiq mudofaa vazirining chiqishini «Fyodorov o‘z siyosiy brendini yaratyapti» deb talqin qilmoqda. Ammo uning prezidentlikka nomzodini qo‘yishi haqida hozircha rasmiy e’lon yo‘q.
Yana bir qiziq jihat shuki, u Zelenskiyni nomma-nom tanqid qilmadi. Bloomberg yozishicha, bu hozircha «Zelenskiyga qarshi prezidentlik kampaniyasi»dan ko‘ra, uning siyosiy maydonga mustaqil o‘yinchi sifatida chiqishining birinchi jiddiy signaliga o‘xshaydi.
Fyodorovning o‘zi 30 iyul kuni «Ukrainskaya pravda»ga bergan intervyusida: «Rostini aytsam, o‘zimni siyosatchi deb his qilmayman. Men murakkab tizimlarni quradigan menejerman», degan edi.

Surat manbasi, Reuters
Uning saylov o‘tkazish haqidagi chaqiriqlari ayrim ukrainalik sharhlovchilarning g‘azabiga sabab bo‘ldi. Bu chaqiriqni Fyodorovning mudofaa vaziri lavozimiga qaytarilishini qo‘llab-quvvatlagan ayrimlar ham tanqid qildi. Zelenskiyning eng ashaddiy tanqidchilaridan biri hatto hukumatning eng keskin muxoliflari ham urush davrida saylov o‘tkazishning imkonsizligini tushunishini ta’kidladi.
Zelenskiyning prezidentlikdagi besh yillik muddati 2024 yil may oyida tugagan. Biroq Ukraina Konstitutsiyasiga ko‘ra, harbiy holat amal qilayotgan paytda saylov o‘tkazish mumkin emas.
O‘tgan yili AQSh prezidenti Donald Tramp Kievni «urushdan saylov o‘tkazmaslik uchun foydalanayotganlikda» ayblaganida, Zelenskiy ittifoqchilar xavfsizlik kafolatlarini ta’minlasa, Ukraina 60–90 kun ichida saylov o‘tkazishga tayyor ekanini aytgan edi.
Biroq adolatli va xavfsiz saylov o‘tkazish katta qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi: Ukraina muntazam ravishda Rossiya raketa va dron hujumlariga uchrab turibdi. Ko‘plab ukrainaliklar Trampning bayonotlarini Vladimir Putinning «Zelenskiy qonuniy prezident emas», degan mavqeiga mos keladi, deb hisoblaydi.
Mixail Fyodorov Ukrainada «boshqaruvning tizimli inqirozi» yuzaga kelganini va mamlakat «o‘zgarishdan qo‘rqayotganini» aytdi. Shuningdek, u korruptsiya Ukrainaning urush olib borish salohiyatiga zarar yetkazayotgan omillardan biri ekanini ta’kidladi.
Agar urush yana bir yil davom etsa-chi? Ikki yil? Uch yil? Rossiya ukrainaliklar qachon yana o‘z hukumatini saylay olishini belgilaydimi?
Raqamli transformatsiya vaziri bo‘lib ishlagan Fyodorov Putin 2022 yilda Ukrainga to‘liq ko‘lamli bosqin boshlagan ilk kunlarda rossiyaliklarga qarshi kiberhujumlar uyushtirish uchun ko‘ngillilardan iborat «Ukraina IT armiyasi»ni tashkil qilgandi.
Keyinchalik u «Dronlar armiyasi» deb nomlangan muvaffaqiyatli mablag‘ yig‘ish kampaniyasiga rahbarlik qildi va urushda «geymifikatsiya» elementlaridan foydalanishni joriy etdi. Xususan, ukrain harbiy qismlariga Rossiya nishonlarini nobud qilgani uchun ball beriladigan tizim ishlab chiqildi.
Mudofaa vaziri sifatida ham u dronlar, yuqori texnologiyali urush usullari va harbiy xaridlarga asosiy e’tiborni qaratdi. Shuningdek, SpaceX asoschisi Ilon Maskdan Rossiyaning o‘z dron hujumlarida Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimidan foydalanishini to‘xtatishni so‘radi.
Bu qaror Rossiyaning frontdagi amaliyotlari va oldinga siljishiga sezilarli darajada xalaqit bergan.
Fyodorov lavozimidan ozod qilinganidan ko‘p o‘tmay Facebook'da qilgan postida o‘z faoliyati davomida erishgan natijalarini sanab o‘tdi va «asimmetriya, innovatsiyalar tezligi va tashkiliy salohiyat orqali dushmanni mag‘lub etishda davom etishini» bildirdi.
Ukraina so‘nggi haftalarda Rossiya hududi bo‘ylab uzoq masofali hujumlarni kuchaytirdi. Kiev Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlari hamda mamlakatning eng yirik onlayn chakana savdo kompaniyasi Wildberries omborlariga yuzlab dronlar bilan zarbalar berdi.
Moskva hokimi Andrey Vorobyovning aytishicha, shanbaga o‘tar kechasi Moskvaga taxminan 600 ta dron uchirilgan va bu «so‘nggi xotiradagi eng yirik dron hujumlaridan biri» bo‘lgan.
Rossiya hududiga berilgan so‘nggi ukrain zarbalari oqibatida mahalliy rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, to‘qqiz kishi halok bo‘lgan, 23 kishi, jumladan bir bola jarohatlangan.
Seshanba kuni erta tongda Rossiyaning Ukrainaga bergan navbatdagi hujumlarida esa 17 kishi halok bo‘ldi.



























