Belarus Ukraina talabini bajarmasa nima bo‘ladi?

Published
O'qilish vaqti: 3 daq

Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiyning Rossiya dronlariga yo‘l ko‘rsatadigan retranslyatorlarni Belarus yechib olsin, aks holda biz qilamiz degan murojaatiga rasmiy Minskdan hozircha javob bo‘lmadi.

Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy aytishicha, Belarus Ukrainaning Rossiya dronlariga texnik ko‘mak berishni to‘xtatish va retranslyatorlarni buzib tashlash talabiga javob bergani yo‘q.

Bu haqda Prezident Zelenskiy TSN telekanaliga bergan intervyusida aytdi.

16 iyun kuni Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Saudiya Arabistonining Al Arabiya davlat telekanaliga intervyu berdi.

Intervyu chog‘i Prezident Lukashenko o‘tmishda Zelenskiy haqida qattiq gapirgani uchun kechirim so‘radi.

"Ukraina bilan Rossiya o‘rtasidagi urush Belarus hududiga yoyilib ketishini qabul qilib bo‘lmaydi, chunki mamlakat harbiy jihatdan juda bo‘sh", deb aytgan Belarus prezidenti.

Lukashenkoning ushbu bayonotiga munosabat bildirgan Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy uning urushga aralashmaslik istagiga shubha bildirdi.

"Ortiqcha so‘z kerak emas. Bugun uning minoralarida retranslyatorlar turipti — Rossiya retranslyatorlari, Belarusniki. Nima farqi bor? Ukrainaga chegaradosh ikki viloyati hududida Ukraina aholisiga o‘t ochishni to‘g‘irlaydigan texnika turibdi. Aynan aholiga. U bularni yo‘qotoladimi? Urushda ishtirok etishni xohlamayman, deyish nimaga kerak? Bu texnikalarni yo‘qotsin, bu texnikalarni o‘chirsin", dedi Prezident Zelenskiy.

Zelenskiy so‘zlariga ko‘ra, retranslyatorlarni ishdan chiqarish uchun Lukashenkoga bir hafta muhlat yetarli.

"Nega men bir hafta deyapman? Chunki har kuni tinch aholi halok bo‘layapti, bolalar jarohatlanayapti. Agar u buni qilmasa, biz qilamiz", dedi Ukraina Prezidenti Zelenskiy.

Ukraina Prezidenti Zelenskiy aytishicha, rasmiy Kiev uzoq vaqtdan beri Minskka istihborot, xavfsizlik xizmatlari va boshqa kanallar orqali tegishli signallarni yetkazgan, ko‘p marotaba Belarusdan Ukraina shaharlariga aniq zarba beradigan dronlarni nishon olishiga ko‘maklashayotgan retranslyatorlar faoliyatini to‘xtatishni talab qilgan.

Shuningdek Ukraina rahbariyati Belarusdan Rossiya armiyasini yoqilg‘i bilan ta’minlamaslikka chaqirdi.

Belarusdagi ikkita neftni qayta ishlash zavodi Rossiyaga yoqilg‘i berishi aniq.

Ukraina matbuoti Kiev siyosatchilari va tahlilchilar bilan birga mabodo Belarus Ukraina ultimatumini bajarmasa, voqealar qanday rivojlanishi mumkinligini tahlil qilmoqdalar.

Ukrainaning 24 telekanali Rossiya-Ukraina urushi faxriysi, iste’fodagi mayor Aleksey Getmanga ana shu savolni berdi.

Harbiy tahlilchi Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning Ukrainaga nisbatan bayonotlari doim o‘zgaruvchan bo‘lib turishiga e’tibor qaratishni lozim topdi.

Aleksey Getmanga ko‘ra, xalqaro qonunchilik va urush olib borish an’analariga ko‘ra, Ukrainaning o‘z hududiga hujum qilayotgan yoki hujum qilishda yordam berayotgan harbiy nishonlarni yo‘q qilishga haqqi bor.

Hatto bu nishonlar tajovuzchi deb tan olinmagan mamlakat hududida joylashgan bo‘lsa ham, dedi urush veterani.

Misol uchun, bu mamlakat hududidan Ukrainaga raketa zarbasi berilsa, bizning raketa uchirilgan yoki saqlanadigan joyga zarba berish huquqiga egamiz, deydi Aleksey Getman.

"Shuning uchun agar Belarusda joylashgan radiolokatsion stantsiyalar Rossiya uchuvchisiz apparatlarini Ukraina hududiga yo‘naltirishga yordamlashsa, Kievning nafaqat bu apparatlarni, balki ularni boshqarayotgan uskunalarni – radiolokatsion stantsiyalarni huq qilishga haqqi bor", dedi iste’fodagi mayor.

"Ultimatum fursati o‘tganidan keyin nima bo‘lishini ko‘ramiz. Negadir menga Ukraina ortga qaytmaydigandek ko‘rinayapti. Ishonchim komil, bu retanslyatorlarga nuqtali zarbalar beriladi. Ularni yashirib yoki tashqi ko‘rinishini o‘zgartirib bo‘lmaydi", dedi Aleksey Getman.

Rossiya-Ukraina urushidagi so‘nggi rivojlanishlar:

Prezident Zelenskiy Qrim yarim orolini Rossiyaning quruqligi bilan bog‘laydigan Kerch ko‘prigining ikki tomoniga zarbalar berilganini xabar qildi.

Qrim rahbariyati avtomobil quyish shoxobchalarida yoqilg‘i aholiga sotilishini taqiqladi.

Yoqilg‘i faqat davlat ehtiyojidagi avtomobillarga berilishi ma’lum qilindi.

Ham Rossiya, ham Ukraina tun osha dron hujumlarini uyushtirganliklari xabar qilindi.

Ukraina harbiylari Rossiyaning Voronej shahridagi zavodga qanotli raketa bilan hujum qilganlarini xabar qildilar.

Bu zavodda Rossiyaning "Iskander", X-101 qanotli raketalari, «Pantsirь S1» raketa-zenit majmualari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi.

Donetsk viloyatidagi strategik o‘ta muhim Konstatinivka shahrida Ukraina qo‘shinlari uchun juda og‘ir vaziyat yuzaga kelgani xabar qilinmoqda.

Konstatinivka shahri yon-atrofdagi jabha chiziqlari uchun ham qurol-yarog‘, oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun muhim nuqta hisoblangan.

Ukraina rahbariyati Rossiya yozga borib frontda yirik hujumga o‘tishga tayyorlanayotgani haqida yil boshidan buyon aytib keladi.

Konstantivka Dontsek shahridan 55 kilometr uzoqlikda joylashgan, biroq strategik muhim joylashuvi shu vaqtgacha ham Ukraina qo‘shinlarining shaharni qo‘ldan chiqazishlariga imkon bermagan.

Ammo oxirgi kunlarda butun shahar hududi "kulrang" hududlarga aylandi, bu degani biror taraf ham biror hududni nazorat qilmayapti.

Ukraina harbiylari yaqin orada shahar qo‘ldan boy berilishi mumkinligini aytmoqdalar.